23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Sindorov: 14 partiyada har narsa bo‘lishi mumkin

Sport 23.11.2026 09:10 0Anhor
Sindorov: 14 partiyada har narsa bo‘lishi mumkin

Shaxmat bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionligi uchrashuvi oldidan amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju va da’vogar Javohir Sindorov Jenevadagi BMT Millatlar saroyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xabar berdi.

Sindorov Nomzodlar turniridagi g‘alabasidan keyingi olti oy qanday o‘tganini eslab, vaqt u kutganidan ancha tez o‘tganini aytdi.

“Jahon toji uchun kurashishdan juda xursandman. Ko‘p shaxmatchilar butun umr shaxmat o‘ynab ham bunday imkoniyatga ega bo‘lmaydi. Menda esa bu imkoniyat bor. Bu imkoniyatdan imkon qadar zavq olishga harakat qilaman”, — dedi u.

Nomzodlar turniri oldidan o‘z imkoniyatini 15 foiz deb baholagan Sindorovdan jahon chempionligi uchrashuvi uchun qanday nisbatni tanlashi so‘raldi.

“Menimcha, 50:50 deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Bu juda qiyin match va 14 partiyada har narsa ro‘y berishi mumkin”, — dedi u.

AFP jurnalisti Gukesh Dommarajudan jahon chempionligi unvonini himoya qilish uni qo‘lga kiritishdan qiyinroqmi, deb so‘radi. Uning javobi qisqa bo‘ldi:

“Men bu yerga biror narsani himoya qilish uchun kelganim yo‘q. Men unvonni qaytadan qo‘lga kiritish uchun keldim”.

Gukesh Sindorovning barqaror va kuchli o‘yinini yuqori baholab, Javohir hozir o‘zining eng yaxshi formasida ekanini va unga qarshi uchrashuv haqiqiy sinov bo‘lishini aytdi.

Sindorov esa Gukeshning 2024-yildagi natijalarini “fantastik” deb atadi. U bu yil Tata Steel turnirida Gukeshga qarshi o‘ynaganida raqibining qanchalik kuchli ekanini his qilganini, shuningdek, uning oxirigacha kurasha olish qobiliyatini alohida e’tirof etdi.

Javohir Nomzodlar turniridan keyin ham ko‘plab musobaqalarda qatnashganini tajriba orttirish istagi bilan izohladi. Uning aytishicha, faoliyatida bu darajadagi kuchli turnirlarda hali ko‘p o‘ynamagan va shu sabab o‘z qaroridan mamnun.

Gukesh esa jamoasi bilan birga bu yilgi turnirlar sonini kamaytirishga qaror qilganini bildirdi. U Sindorovning ko‘proq musobaqalarda qatnashganidan hayron bo‘lmaganini aytdi.

Sindorovning ma’lum qilishicha, jahon chempionligi uchrashuviga tayyorgarlikda unga Roman Vidonyak, Muhiddin Madaminov va Nikita Vitiugov yordam bermoqda. Jamoaning boshqa a’zolari esa matchdan keyin oshkor qilinadi.

Dommaraju Gjegoj Gayevski bilan ishlayotganini tasdiqladi. U ham boshqa yordamchilari haqida keyinroq ma’lumot berishini aytdi.

Bolaligida nimalardan voz kechgani haqida so‘ralganida Sindorov o‘z iste’dodiga doim ishonganini, biroq 2025-yilgacha shaxmat ustida jiddiy ishlamaganini ta’kidladi.

“Har qanday o‘yinda doim g‘alaba qozonishga intilaman. Shaxmat ustida jiddiy ishlashni boshlaganimdan keyin kuchaydim”, — dedi u.

Sindorov so‘nggi ikki yilda ko‘p mehnat qilganini aytib, bolalarga sevgan sohasida tinmay ishlashni maslahat berdi.

Gukesh esa bolaligida maktabga deyarli bormaganini, ammo o‘z hayotidan minnatdor ekanini bildirdi.

Gukesh so‘nggi oylarda yodida qolgan maslahatni ham aytdi:

“Kimligingni unutma”.

U ushbu so‘zlarni match davomida ham eslab yurishini ta’kidladi.

Sindorov esa qiyin paytlarda do‘stlari va oilasi birinchi bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zishini, yaqinlarining qo‘llovisiz yuqori natijalarga erishish qiyinligini aytdi.

Javohir chempion bo‘lsa nima qilishiga hozircha hech qanday va’da bermaganini ham ma’lum qildi.

“Hozir faqat keyingi 20 kunga diqqatimni qaratib, o‘zimning eng yaxshi shaxmatimni ko‘rsatishni xohlayman. Keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz”, — dedi u.

Jahon chempionligi uchrashuvi 24-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da Jeneva yaqinidagi Koloni shaharchasida, Marten Bodmer jamg‘armasi muzeyida boshlanadi.

Match 14 partiyaga mo‘ljallangan. Oxirgi klassik partiya 11-dekabr kuni o‘tkaziladi. Zarur bo‘lsa, 12-dekabr kuni tay-breyk bahslari bo‘lib o‘tadi.

Nakamura Sindorovga jahon chempionati oldidan yordam beryaptimi?Nakamura Sindorovga jahon chempionati oldidan yordam beryaptimi?

O‘xshash yangiliklar