23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

O‘zbekistonda 23−29-noyabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi

Boshqa 22.11.2026 23:43 3Gazeta
O‘zbekistonda 23−29-noyabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Gazeta bilan navbatdagi haftalik ob-havo sharhini bo‘lishdi. Unga ko‘ra, hafta boshlari Qozog‘iston g‘arbidan o‘tishi kutilayotgan siklonik jarayon chekkasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyati hududlariga ko‘p miqdorda yog‘inlarni ulashishi oydinlashmoqda. Bu vaqtda O‘zbekistonning katta qismi Turkmanistondan kirib kelayotgan juda issiq havo oqimi ta’sirida bo‘ladi.

Joylarda harorat mavsumga xos bo‘lmagan tarzda +26…+29 darajagacha ko‘tariladi. Hafta o‘rtasidan esa respublika sezilarli salqin havo ostida qoladi. Hududlarda havo haroratining hafta boshiga nisbatan sezilarli pasayishi ro‘y beradi, shimolda esa kunduzlari ham nol darajaga yaqin sovuq havo kuzatilishi mumkin. Ammo, bu salqinlik ham haftaning sovuq yoki me’yoriy o‘tishini anglatmaydi.

Manba: Meteoinfo.ru Manba: Meteoinfo.ru

Xorijiy ob-havo byurosi ma’lumotlarida ham haftaning 23−27-noyabr kunlari oralig‘ida O‘zbekistonning katta qismida 5 kunlik harorat me’yordan 8 darajadan yuqori harorat muhiti kuzatilishi keltirilgan. Bu kabi muhit noyabrning so‘nggi haftasi uchun g‘ayrioddiy issiq hodisasiga mos tushadi.

Manba: Meteoinfo.ruManba: Meteoinfo.ru

O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognozlariga ko‘ra, hafta davomida respublikaning aksariyat hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Hafta boshi shimol va Qizilqum cho‘llarida ko‘p bo‘lmagan yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Tog‘li hududlarda hafta davomida ayrim kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor yog‘ishi mumkin. Quyidagi yog‘ingarchilik prognoz xaritasida joriy hafta respublika hududlarida umumiy kutilayotgan yog‘ingarchilik miqdori prognoz qilingan bo‘lib, unda joriy hafta respublikaning shimol va Toshkent viloyatidan tashqari sezilarli quruq o‘tishi anglanilgan.

Manba: ECMWFManba: ECMWF

Harorat kesimida hafta boshida harorat juda issiq bo‘ladi. 23-noyabr kuni janubiy hududlarda havo harorati +29 darajagacha, Buxoro-Navoiy, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida +27darajagacha, vodiy va tog‘larda +18 darajagacha isishi kutilmoqda. Biroq 24-noyabrdan shimoliy hududlarda, 25−28-noyabr kunlari esa respublikaning boshqa viloyatlarida ham harorat sezilarli pasayadi. Hafta oxirida kunduzgi harorat shimolda +5…+10 daraja, markaziy hududlarda +8…+13 daraja, janubda +12…+17 daraja atrofida bo‘ladi.

Farg‘ona vodiysida ham hafta oxiriga kelib havo +8…+13 darajagacha salqinlashadi. Tungi harorat hafta boshida aksariyat hududlarda +2…+15 daraja oralig‘ida bo‘lsa, hafta oxirida shimolda 3 daraja sovuqqacha, tog‘li hududlarda esa 5 daraja sovuqqacha pasayishi mumkin. Hafta boshida ayrim hududlarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar kuzatilishi ehtimoli bor. Keyingi kunlarda shamolning tezligi biroz pasayadi.

O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, ushbu hafta hududlarda juda issiq harorat kutiladi, haftalik harorat o‘rtacha ko‘p yillik qiymatdan 3−6 daraja, tog‘larda esa 6−10 daraja yuqori ya’ni hududlarda mavsumiy me’yordan ancha issiq ob-havo kutilmoqda. Yog‘ingarchilik kesimida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati, Navoiy viloyati shimoliy hamda Toshkent viloyati tog‘li hududlaridan tashqari joylarda anchayin quruq hafta bo‘lishi oydinlashgan.

Shunday qilib, joriy hafta favqulodda issiq hafta bo‘lishi, bu esa ob-havo o‘zgarishlariga moyil aholi qatlami salomatligi hamda qishloq xo‘jaligi tarmoqlari uchun turli yuklamalarni keltirib chiqarishi mumkin.

Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

Hafta boshida haroratning to‘satdan +27…+29 darajagacha ko‘tarilishi organizm uchun o‘ziga xos fiziologik moslashuv jarayonini talab etadi. Bunda qon tomirlari kengayishi, termoregulyatsiya faollashishi natijasida ayrim kishilarda holsizlik, bosh og‘rig‘i, uyquchanlik va qon bosimi o‘zgarish ehtimoli mavjud. Hafta davomidagi atmosfera bosimining pasayishi ham ayrim sezgir insonlarda bosh og‘rig‘i va umumiy noqulaylikni kuchaytirishi mumkin.

Haftaning ikkinchi yarmidan esa havoning turg‘unlashuvi, kuchli inversiya hodisasi sabab, yirik shahar va vodiy hududlarida havoda RM2,5 ifloslantiruvchi moddalarning ko‘payishi kuzatilishi kutilmoqda. Joriy hafta ob-havosini havo almashinuvi susaygan paytlar havoda ifloslantiruvchi moddalar to‘planishi va organizmning issiqlik yuklamasiga moslashuvini taxmin qilish mumkin.

Bioiqlimiy sharoitlar. Joriy hafta boshlari kuz so‘nggi haftasi uchun xos bo‘lmagan issiq havoni taqdim etishi va bunday paytda respublikaning katta qismidagi hudud aholisi kunduzgi katta muddatlarda bemalol yengil kiyimlarni kiyib yurishlari mumkin. Hatto kechki va tungi harorat muhiti qalinroq kiyimlarni kiyib olishga shoshiltirmaydi.

Ammo bu tog‘liklar, vodiyliklar va shimolliklar uchun taalluqli emas. Haftaning ikkinchi yarmidan esa haroratning sezilarli pasayib borishi endi kishilarni kunduzlari ham biroz qalinroq kiyinish tomon undaydi. Shimolliklar esa anchayin qalin kiyimlar kiyib olishlariga to‘g‘ri keladi. Joriy hafta yirik shaharlarda kuzning so‘nggi haftasi uchun ideal xazonrezgi vaziyat tabiat tomonidan taqdim etilishda davom etadi. Toshkent viloyati baland tog‘larida esa ehtimol qor hodisalari kuzatilishi bu ayni ushbu lokatsiya qorli havodan estetik zavq oluvchilar uchun qulay bo‘lishi mumkin.

Kosmik ta’sirlar. Quyosh dog‘larida shu kunlarda kuchli chaqnashlar kuzatilmayapti. Quyosh faolligi bo‘yicha mavjud prognozlarda joriy haftaning chorshanba-juma kunlari sariq xavf darajadagi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lishi baholanyapti. Haftaning boshqa kunlari yashil xavfsiz darajadagi qo‘zg‘alishlar bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Magnit bo‘ronining kishilar salomatligiga ta’siri haqida fanda haligacha aniq bir xulosalar yo‘q. Shuning uchun bu kabi kosmik ta’sir kishilar salomatligiga aniq ta’sir etishi mumkin deyish xato.

Manba: SpaceweatherManba: Spaceweather

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

Gidrometorologiya ilmiy tadqiqot instituti tahlillariga ko‘ra, hafta ikkinchi yarmidan boshlab, ya’ni 27−29-noyabr kunlari antitsiklon jarayoni sabab haroratning biroz pasayishi va bunday paytda masalan poytaxt kabi yirik shaharlarda inversiya hodisasining kuchli darajalari havoda mayda PM2,5 dispers zarrachalarining to‘planishi uchun qulay vaziyatni taqdim etishi mumkin. Hafta boshida mavjud meteorologik vaziyat havoda mayda ifloslantiruvchi moddalarining ko‘p miqdorda to‘planishiga olib kelmasligi qo‘shimcha qilinmoqda.

Havodagi chang va mayda dispers zarrachalar miqdori ortgan hollarda aholining turli yosh qatlamlari va surunkali kasalliklari bor kishilar uchun Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi tavsiyalariga amal qilish muhim.

Shunday qilib, 23−29-noyabr kunlari oralig‘ida hafta boshidagi +25…+29 darajali juda issiq haroratning hafta o‘rtalariga borib asta-sekin havo haroratining pasayishi, ayniqsa shimoliy hududlarda kechalari sovuq kuzatilishi oydinlashgan. Hafta davomida ko‘plab hududlarda sezilarli quruq ob-havo kuzatilishi mumkin.

O‘xshash yangiliklar