"G‘ishtko‘prik" chegara posti qariyb ikki yillik tanaffusdan so‘ng ochilmoqda

TOShKENT, 23 noya — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi "G‘ishtko‘prik" ("Chernyayevka") bojxona posti 25-noyabr kuni faoliyatini qayta tiklaydi. Fuqarolarni o‘tkazish soat 16:00 dan boshlanadi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev ma’lum qildi.
Undan avval O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiy delegatsiyalari ishtirokida ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur chegara posti 2025-yil 5-fevralda keng ko‘lamli rekonstruksiya uchun yopilgan edi. Dastlab ta’mirlash ishlarini to‘rt oyda yakunlash rejalashtirilgan, biroq postni qayta ochish muddati bir necha bor kechiktirilgan.
Rekonstruksiya davomida postning o‘tkazuvchanlik quvvati sezilarli darajada oshirildi.
O‘zA ma’lumotiga ko‘ra, "G‘ishtko‘prik"ning bir sutkalik loyihaviy quvvati 100 ming nafar yo‘lovchi, 3 mingta yengil avtomobil va 400 ta avtobusga yetkazilgan.
Bundan tashqari:
post hududi 6 gektardan 9 gektarga kengaytirildi;
nazorat yo‘laklari soni 4 tadan 18 taga oshirildi;
avtomobillar to‘xtash joylari 20 tadan 200 taga ko‘paytirildi;
yengil avtomobillar uchun "yashil" va "qizil" yo‘laklar tashkil etildi;
avtomobillarni tekshirish uchun "Z-portal" skaner majmuasi o‘rnatildi.
Qozog‘iston tomonidagi "Jibek joli" o‘tkazish punkti ham modernizatsiya qilindi. U kuniga 70 ming nafar yo‘lovchi va 2 mingta yengil avtomobilga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.




