23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Gazlashtirilmagan hududlarda elektr energiyasi uchun 350 kVt·soatlik bazaviy me’yor noyabrdan qo‘llaniladi

O'zbekiston 21.11.2026 18:54 4Repost
Gazlashtirilmagan hududlarda elektr energiyasi uchun 350 kVt·soatlik bazaviy me’yor noyabrdan qo‘llaniladi

O‘zbekistonda tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan va gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan hududlardagi xonadonlar uchun elektr energiyasining oylik bazaviy me’yori 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga oshirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktyabrdagi 601-son qaroriga muvofiq, isitish mavsumi davomida amal qiladi.

Unga ko‘ra, belgilangan ro‘yxatga kiritilgan xonadonlar oyiga 350 kVt·soatgacha elektr energiyasidan har bir kVt·soat uchun 650 so‘mlik bazaviy tarif asosida foydalanadi.

Hozirda “Hududgazta’minot” AJ shakllantirgan hududlar ro‘yxati mahalliy hokimliklar tomonidan o‘rganilib, tasdiqlanmoqda. Tasdiqlangan ro‘yxatlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga taqdim etilib, tegishli ma’lumotlar billing tizimiga kiritilmoqda. Bu jarayonni 25-noyabrga qadar to‘liq yakunlash belgilangan.

Vazirlik ta’kidlashicha, yangi me’yordan foydalanish uchun fuqarolardan ariza yoki qo‘shimcha hujjat talab qilinmaydi. Elektr yoki gaz ta’minoti idoralariga borish ham shart emas. 350 kVt·soatlik me’yor tasdiqlangan ro‘yxatdagi xonadonlarga avtomatik ravishda qo‘llaniladi.

Tartib 1-noyabrdan kuchga kirgani sababli ro‘yxatga kiritilgan xonadonlarning noyabr oyida iste’mol qilgan elektr energiyasi uchun yakuniy to‘lovlari yangi me’yor asosida hisoblanadi.

Masalan, xonadon noyabr oyida 300 kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilsa, avvalgi 200 kVt·soatlik me’yor bo‘yicha 220 ming so‘m to‘lashi kerak edi. Yangi me’yor asosida esa to‘lov 195 ming so‘mni tashkil etadi. Natijada xonadon 25 ming so‘m tejaydi.

Energetika vazirligiga ko‘ra, hududlar va xonadonlar ro‘yxatini shakllantirish, ma’lumotlarni billing tizimiga kiritish hamda to‘lovlarni qayta hisoblash ishlari tegishli tashkilotlar va mahalliy hokimliklar tomonidan aholini ortiqcha ovora qilmagan holda amalga oshiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling

O‘xshash yangiliklar