21 yoshli marokashlik futbolchi Ronalduning natijasini takrorladi | Daryo

Ispaniyaning “Rasing Santander” klubi hujumchisi Yassir Zabiri La Ligadagi dastlabki 13 ta uchrashuvida 11 ta gol urdi. Shu tariqa, marokashlik futbolchi Krishtianu Ronaldu, Zlatan Ibrahimovich va Jud Bellingemning Ispaniya chempionatidagi start natijasini takrorladi.
Tribuna nashri xabariga ko‘ra, 21 yoshli hujumchi bu ko‘rsatkichga La Liganing 13-turidan o‘rin olgan “Real Sosyedad”ga qarshi uchrashuvda erishdi. “Rasing Santander” mazkur bahsda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Zabiri esa atigi 112 soniya ichida ikkita gol urib, jamoasining g‘alabasini ta’minladi.
Ispaniya chempionatidagi debyut mavsumining ilk 13 o‘yinida Zabiridan ko‘proq gol urishni faqat to‘rt nafar futbolchi — Kristian Viyeri, Robert Levandovski, Ronaldo Nazario va Romario uddalagan.
Marokashlik hujumchining transfer huquqi Fransiyaning “Renn” klubiga tegishli bo‘lib, u “Rasing Santander”da ijara asosida o‘ynayapti. Kelishuvda futbolchini keyinchalik sotib olish sharti yo‘q.
Ma’lumot uchun, Zabiri joriy mavsum Ispaniya chempionatida 13 ta o‘yinda maydonga tushib, 11 ta gol urdi hamda 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali uning transfer qiymatini 20 million yevroga baholamoqda.



