23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

ATP Finals. Karlos Alkaras tarixiy chempionlikni qo‘lga kiritdi | Daryo

Sport 23.11.2026 12:11 0Daryo
ATP Finals. Karlos Alkaras tarixiy chempionlikni qo‘lga kiritdi | Daryo

Ispaniyalik tennischi Karlos Alkaras Turin shahrida o‘tkazilgan Nitto ATP Finals turniri finalida germaniyalik Aleksandr Zverevni mag‘lub etib, faoliyatida ilk bor musobaqa chempioniga aylandi.

2 soat 2 daqiqa davom etgan hal qiluvchi uchrashuvda Alkaras 6:2, 7:6 hisobida g‘alaba qozondi. Eyslar soni bo‘yicha ispaniyalik tennischi ustunlikka erishdi — 7 ga 4. Uchrashuv davomida Alkaras uch marta qo‘shxatoga yo‘l qo‘ydi.

Alkaras finalga qadar turnirda o‘z uzatmasini biror marta boy bermagan Zverevning seriyasiga barham berdi. Ispaniyalik tennischi raqibining to‘p kiritishlarini muvaffaqiyatli qaytarib, uning o‘yin ritmini buzdi. Shuningdek, kesma zarbalar va kuchli hujumlari orqali kortdagi ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirdi.

23 yoshli Alkaras finalda chap oyog‘idagi jarohat sababli maxsus bog‘lam bilan harakatlandi. U Daniil Medvedevga qarshi guruh bosqichi uchrashuvida son qismidan jarohat olganiga qaramay, musobaqani mag‘lubiyatsiz yakunladi. Ispaniyalik tennischi guruh bosqichida Frensis Tiafo, Medvedev va Flavio Kobollini, yarimfinalda esa Ben Sheltonni mag‘lub etgandi.

Shu tariqa, Alkaras ATP Finals turniridagi beshta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozondi. Bu uning mavsumdagi oltinchi, faoliyatidagi esa 30-sovrini bo‘ldi. Ispaniyalik tennischi musobaqa g‘olibi sifatida 5 million 171 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot puliga ham ega chiqdi.

Alkaras ATP Finals tarixida chempionlikni qo‘lga kiritgan uchinchi ispaniyalik tennischiga aylandi. Bungacha Manuel Orantes 1976-yilda, Aleks Korretxa esa 1998-yilda ushbu musobaqada g‘olib chiqqan.

Bundan tashqari, Alkaras faoliyatida “Katta dubulg‘a” turkumidagi to‘rtta turnirning barchasi va ATP Finals musobaqasida chempion bo‘lgan tarixdagi to‘rtinchi erkak tennischiga aylandi. Ungacha bunday natijaga Andre Agassi, Rojer Federer va Novak Jokovich erishgan.

Ispaniyalik sportchi fevral oyida Avstraliya Ochiq chempionatida g‘olib chiqib, “Katta dubulg‘a” turkumidagi barcha turnirlarda chempionlikni qo‘lga kiritgan eng yosh erkak tennischiga aylangandi.

Alkarasning Turindagi g‘alabasi mavsum yakunidagi jahon reytingiga ham ta’sir ko‘rsatdi. U dunyoning ikkinchi raketkasi Yannik Sinner bilan oradagi farqni 1 850 ochkodan 350 ochkogacha qisqartirdi. O‘tgan yilgi musobaqa chempioni Sinner jarohati sababli bu yilgi turnirda qatnashmadi.

Zverev esa ATP Finals turniridagi uchinchi chempionligini qo‘lga kirita olmadi. Germaniyalik tennischi bungacha 2018 va 2021-yillarda musobaqa g‘olibi bo‘lgan. U bu yilgi finalga qadar birorta ham setni boy bermagan edi.

O‘xshash yangiliklar