23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

“Kimligingni unutma”: Gukesh va Javohir Sindorov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi | Daryo

Sport 23.11.2026 09:39 0Daryo
“Kimligingni unutma”: Gukesh va Javohir Sindorov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi | Daryo

Jenevadagi BMT Millatlar saroyida 2026-yilgi jahon chempionligi matchi oldidan rasmiy matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda amaldagi jahon chempioni Gukesh va da’vogar Javohir Sindorov jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Javohir Sindorov Nomzodlar turniridagi gʻalabasidan keyingi olti oy qanday oʻtganini esladi. Uning aytishicha, vaqt u oʻylagandan ancha tez oʻtgan.

“Jahon toji uchun kurashishdan juda xursandman. Koʻp shaxmatchilar butun umr shaxmat oʻynab ham bunday imkoniyatga ega boʻlmaydi. Menda esa bu imkoniyat bor. Bu imkoniyatdan imkon qadar zavq olishga harakat qilaman”.

AFP jurnalisti Gukeshdan jahon chempionligi unvonini himoya qilish uni qoʻlga kiritishdan qiyinroqmi, deb soʻradi. Uning javobi qisqa va qatʼiy boʻldi:

“Men bu yerga biror narsani himoya qilish uchun kelganim yoʻq. Men unvonni qaytadan qoʻlga kiritish uchun keldim”.

Sindorov gʻalaba imkoniyatini 50:50 deb baholadi

Nomzodlar turniri oldidan oʻz imkoniyatini 15 foiz deb baholagan Javohirdan hozirgi match uchun qanday nisbatni tanlashini soʻrashdi.

“Menimcha, 50:50 deyish toʻgʻri boʻladi. Bu juda qiyin match va 14 partiyada har narsa roʻy berishi mumkin”.

Gukesh Sindorovning barqaror va kuchli oʻyinini yuqori baholadi. Uning fikricha, Javohir hozir oʻzining eng yaxshi formasida va unga qarshi match haqiqiy sinov boʻladi.

Sindorov Gukeshning 2024-yildagi natijalarini “fantastik” deb atadi. Bu yil Tata Steel turnirida unga qarshi oʻynaganida raqibining naqadar kuchli ekanini his qilganini aytdi. Shuningdek, uning oxirigacha kurasha olishini alohida eʼtirof etdi.

Matchga ikki xil tayyorgarlik

Javohir Nomzodlar turniridan keyin ham koʻp musobaqalarda qatnashganini tajriba orttirish istagi bilan izohladi. U faoliyatida bu darajadagi kuchli turnirlarda hali koʻp oʻynamaganini va oʻz qaroridan mamnun ekanini bildirdi.

Gukesh esa jamoasi bilan bu yilgi turnirlar sonini kamaytirishga qaror qilgan. U Sindorovning koʻproq oʻynaganidan hayron boʻlmaganini aytdi.

Sindorovga kimlar yordam beryapti?

Javohir matchga tayyorgarlik ko‘rishda unga Roman Vidonyak, Muhiddin Madaminov va Nikita Vitiugov yordam berayotganini maʼlum qildi. Jamoasining qolgan aʼzolarini matchdan keyin ma’lum qilishini aytdi.

Gukesh esa Grjegoj Gajevski bilan ishlayotganini tasdiqladi. U ham boshqa yordamchilari haqida keyinroq gapirishini bildirdi.

Bolalikda nimalardan voz kechgani haqida soʻralganida Javohir oʻz isteʼdodiga doim ishonganini, ammo 2025-yilgacha shaxmat ustida jiddiy ishlamaganini aytdi.

“Har qanday oʻyinda doim gʻalaba qozonishga intilaman. Shaxmat ustida jiddiy ishlashni boshlaganimdan keyin kuchaydim”.

U soʻnggi ikki yilda koʻp mehnat qilganini aytib, bolalarga sevgan sohasida tinimsiz ishlashni maslahat berdi. Gukesh esa bolaligida maktabga deyarli bormaganini, ammo oʻz hayotidan mamnun ekanini bildirdi.

Eng muhim maslahat va yaqinlar qoʻllovi

Gukesh soʻnggi oylarda yodida qolgan maslahatni aytdi: “Kimligingni unutma”. U bu soʻzlarni match davomida ham eslab yurishini bildirdi.

Sindorov esa qiyin paytlarda doʻstlari va oilasi birinchi boʻlib yordam qoʻlini choʻzishini, yaqinlarining qoʻllovisiz yuqori natijalarga erishish qiyinligini aytdi.

Gʻalaba qozonsa, nima qiladi?

Javohir chempion boʻlsa, nima qilishi haqida hozircha hech qanday vaʼda bermagan.

“Hozir faqat keyingi 20 kunga diqqatimni qaratib, oʻzimning eng yaxshi o‘yinimni koʻrsatishni xohlayman. Keyin nima boʻlishini koʻramiz”.

Jahon chempionligi matchi 24-noyabr kuni Jeneva yaqinidagi Kolonyi shaharchasida boshlanadi. Match 14 partiyaga moʻljallangan.

O‘xshash yangiliklar