“Manchester Siti” Enso Mareskaning kelajagi bo‘yicha qaror qabul qildi — OAV | Daryo

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Enso Mareska jamoa qanday natija ko‘rsatishidan qat’i nazar, 2026/27-yilgi mavsum yakuniga qadar jamoada qoladi. Bu haqda The Touchline nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, klub rahbariyati mavsum boshlanishidan oldin murabbiyning kelajagini 2027-yilning yozigacha muhokama qilmaslikka qaror qilgan. “Shaharliklar” “Manchester Yunayted” va “Chelsi”da bo‘lgani kabi murabbiylarni tez-tez almashtirishni istamayapti.
Bu borada Manchester klubi “Arsenal” tajribasiga tayanmoqda. Londonliklar o‘z vaqtida Mikel Artetaga ishonch bildirib, unga jamoani shakllantirish uchun yetarli vaqt bergan edi. “Siti” ham Mareskaga xuddi shunday imkoniyat bermoqchi.
Eslatib o‘tamiz, Mareska o‘tgan yozda Xosep Gvardiola o‘rniga “Manchester Siti” bosh murabbiyi etib tayinlangan va klub bilan 2029-yil yozigacha mo‘ljallangan shartnoma imzolagan edi. Italiyalik mutaxassis bungacha “Chelsi”, “Lester” hamda “Parma” jamoalarini boshqargan.
Ma’lumot uchun, joriy mavsumda “Manchester Siti” Enso Mareska qo‘l ostida jami 18 ta o‘yin o‘tkazib, 12 ta g‘alaba, 1 ta durang va 5 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Ayni paytda jamoa Angliya Premyer Ligasi turnir jadvalida 22 ochko bilan 3-o‘rinda bormoqda.



