23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

U-17 Jahon chempionati. O‘zbekiston Yamaykaga hech qanday imkon qoldirmadi | Daryo

Sport 23.11.2026 20:04 0Daryo
U-17 Jahon chempionati. O‘zbekiston Yamaykaga hech qanday imkon qoldirmadi | Daryo

O‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionati 2-turidan o‘rin olgan bahsda O‘zbekiston U-17 terma jamoasi yamaykalik tengqurlariga qarshi maydonga tushdi. Gollarga boy kechgan uchrashuv o‘zbekistonlik futbolchilarning 6:2 hisobidagi ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi.

Bahsni faol boshlagan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ilk daqiqalardanoq Asilbek Aliyev va Laziz Abduraimovning zarbalari bilan raqib darvozasiga xavf soldi. Biroq hisobni shimoliy amerikaliklar ochdi: 8-daqiqada Kelvin Braun Yamaykani oldinga olib chiqdi — 0:1. Oradan bir daqiqa o‘tib, o‘zbekistonliklar tezkor javob qaytardi. Abubakir Rahimovning kuchli zarbasini darvozabon qaytarganidan so‘ng Laziz Abduraimov to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi (1:1). 25-daqiqada maydon markazidan uzatilgan to‘pdan keyin Kelvin Braun himoyachilardan o‘tib ketib, dubl qayd etdi — 1:2. Shundan so‘ng ustunlikni to‘liq qo‘lga olgan O‘zbekiston terma jamoasi 31-daqiqada muvozanatni tikladi: Mirjamol Anvarovning uzatmasidan so‘ng Suhrob Sadirjonov aniq zarba yo‘lladi — 2:2.

Ikkinchi bo‘lim boshida o‘zbekistonlik futbolchilar hisobda oldinga chiqib oldi. 48-daqiqada Asilbek Aliyevning pasidan unumli foydalangan Suhrob Sadirjonov dublini rasmiylashtirdi — 3:2. Oradan o‘n daqiqa o‘tib, yana Aliyevning uzatmasidan keyin Sadirjonov raqib darvozasini ishg‘ol qilib, het-trik qayd etdi — 4:2. 79-daqiqada esa Amirxon Erkinov Asilbek Aliyevning uchinchi golli uzatmasini golga aylantirib, tablodagi natijani 5:2 ko‘rinishiga keltirdi. O‘yin yakuni arafasida O‘zbekiston U-17 jamoasi 6-marta Yamayka darvozasini ishg‘ol qildi. Gol muallifi — Ahrorbek Ravshanbekov. Mazkur hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi va Sergey Chigodayev shogirdlari 2-turida muhim g‘alabaga erishdi.

U-17 Jahon chempionati, 2-tur

O‘zbekiston U-17 — Yamayka U-17 6:2
Gollar: 0:1 — Kelvin Braun (8), 1:1 — Laziz Abduraimov (9), 1:2 — Kelvin Braun (25), 2:2 — Suhrob Sadirjonov (31), 3:2 — Suhrob Sadirjonov (48), 4:2 — Suhrob Sadirjonov (58), 5:2 — Amirxon Erkinov (79), 6:2 — Ahrorbek Ravshanbekov (90+2).

O‘zbekiston U-17: Olimjon Shomurodov, Mashhurbek Abdisoliyev (Jahongirmirzo O‘ktamboyev, 46), Abubakir Rahimov (Nurmuhammad O‘ktamov, 66), Muhammadaziz Ro‘ziboyev, Amirxon Erkinov (Muhammadjon Mamatov, 85), Islom Ravshanov, Asilbek Aliyev, Mirkomilbek Murodov, Suhrob Sadirjonov (Muhammadodilxon Orifxonov, 66), Mirjamol Anvarov, Laziz Abduraimov (Ahrorbek Ravshanbekov, 56).

Yamayka U-17: Omario Uayt, Javan Foster, Jeyden Morgan, Jelani Bredshou, Jamon Layl, Romi Anri, Kelvin Braun, Jamari Nolan, Kelvin Braun, Dueyn Burger, Tayrik Robinson.

Ogohlantirishlar: Mashhurbek Abdisoliyev (O‘zbekiston U-17, 17), Javan Foster (Yamayka U-17, 48), Omario Uayt (Yamayka U-17, 73).

O‘xshash yangiliklar