24-noyabr kuni Jenevada shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun 20 yoshli o‘zbekistonlik Javohir Sindarov va amaldagi chempion, uning tengdoshi — hindistonlik Dommaraju Gukesh o‘rtasidagi bahs boshlanadi. Tarixda ilk bor jahon shaxmat toji uchun shunchalik yosh ikki grossmeyster kurash olib boradi.
Birinchi partiyadan ikki kun oldin raqiblar Jenevada BMTning Yevropa bosh qarorgohi — Millatlar saroyidagi matbuot anjumanida jurnalistlar bilan uchrashdi.
Sindarov va Gukesh matchga tayyorgarlik, bir-birining kuchli tomonlari, murabbiylar shtabi ishi va psixologik holat haqida gapirdi. O‘zbekistonlik shaxmatchi g‘alaba uchun imkoniyatlarni teng deb baholadi, amaldagi chempion esa unvonni himoya qilish uchun emas, uni qaytadan qo‘lga kiritish uchun kelganini aytdi.
Gazeta kurash boshlanishi oldidan ishtirokchilar bildirgan asosiy fikrlarni jamladi.
Sindarov: “Ko‘p shaxmatchilar butun umri davomida o‘ynaydi, ammo bunday imkoniyatga ega bo‘lmaydi”
O‘zbekistonlik shaxmatchi Kiprdagi nomzodlar turnirida g‘alaba qozonganidan keyin o‘tgan so‘nggi olti oy u kutganidan ancha tez o‘tib ketganini aytdi.
“Kiprdan keyin ketma-ket ko‘p turnirlarda o‘ynadim. Intervyularimning birida aytganimdek, oldinda juda ko‘p vaqt — butun bir olti oy bor, deb o‘ylagandim. Ammo bu vaqt juda tez o‘tib ketdi. Ko‘p safar qildim, ko‘plab turnirlarda ishtirok etdim. Va mana, bugun shu yerdaman. Bu toj uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan juda xursandman”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak bahs qanchalik murakkab bo‘lishini tushunadi, biroq jarayonning o‘zidan zavq olishga harakat qiladi.
“Men uchun bu ilk shunday tajriba. Nima bo‘lishini ko‘ramiz. Ammo har qanday holatda ham baxtliman, chunki ko‘p shaxmatchilar butun umri davomida shaxmat o‘ynaydi va chempionlik unvoni uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Menda esa bugun shunday imkoniyat bor”, — dedi Sindarov.
Jurnalistlardan biri nomzodlar turniridan oldin Sindarov o‘z g‘alaba imkoniyatini taxminan 15 foiz deb baholaganini eslatdi. Undan endi jahon shaxmat tojini qo‘lga kiritish ehtimolini qanday baholashi so‘raldi.
“Bu haqda allaqachon ko‘p intervyu berdim. Menimcha, imkoniyatlar — 50 ga 50. Oldindan hech narsa demoqchi emasman, chunki match juda murakkab bo‘ladi. Imkoniyatlarni 50 ga 50 deb baholash normal, deb o‘ylayman, chunki oldinda 14 partiyadan iborat og‘ir match turibdi va istalgan narsa yuz berishi mumkin”, — dedi grossmeyster.
Sindarovdan chempionlik unvonini qo‘lga kiritganidan keyin Gukesh murakkab davrni boshdan kechirgani va natijalari avvalgidek barqaror bo‘lmaganini inobatga olgan holda raqibini baholash so‘raldi.
U hindistonlik shaxmatchining so‘nggi muvaffaqiyatsizliklariga katta ahamiyat bermasligini ta’kidladi.
“Albatta, Gukeshning 2024-yildagi ishtiroki — fantastik natija. U qanchalik yaxshi o‘ynaganini barchamiz ko‘rdik. O‘tgan yilga qaraydigan bo‘lsak, unga unchalik omad kulib boqmadi. Ammo bu yil Tata Steel turnirida unga qarshi o‘ynadim va uning aslida qanchalik kuchli ekanini his qildim”, — dedi u.
Sindarovning fikricha, muvaffaqiyatsiz turnirlar shaxmatchining chempionlik matchidagi haqiqiy darajasini har doim ham aks ettirmaydi.
“Ba'zida yomon davrlar bo‘ladi. Ammo buning katta ahamiyati bor, deb o‘ylamayman. 2024-yilda ham uning juda yomon o‘ynagan turnirlari bo‘lganini ko‘rdik, ammo matchda u yaxshi o‘ynadi. Shuning uchun bularning barchasi haqida o‘ylashimiz kerak, deb hisoblamayman. Men shunchaki kuchli raqibga qarshi yaxshi o‘ynashga va matchdan zavq olishga harakat qilaman”, — dedi o‘zbekistonlik shaxmatchi.
Keyinroq amaldagi chempionning kuchli tomonlari haqidagi savolga javob berar ekan, Sindarov Gukeshning variantlarni hisoblash va hatto murakkab pozitsiyalarda ham oxirigacha kurasha olish qobiliyatini alohida ta’kidladi.
“Biz bir-birimizga qarshi unchalik ko‘p partiya o‘ynamaganmiz. Men uning partiyalaridan ham ko‘p narsa o‘rgandim. U muayyan namunaviy pozitsiyalarda kuchli tomonlarga ega. Variantlarni juda yaxshi hisoblaydi. Menga Gukeshning oxirigacha kurasha olishi ham yoqadi”, — dedi u.
O‘zbekistonlik shaxmatchi bunga misol sifatida Gukeshning 2024-yilgi Olimpiadada xitoylik shaxmatchi Vey Iga qarshi partiyasini keltirdi. Unda hindistonlik shaxmatchi raqibiga bosim o‘tkazishda davom etgan. Sindorov buni uning eng muhim o‘yin sifatlaridan biri deb atadi.
Nega Sindarov match oldidan shuncha ko‘p turnirda ishtirok etdi?
Nomzodlar turniridagi g‘alabadan keyin Sindarov xalqaro musobaqalarda faol ishtirok etishda davom etdi, Gukesh esa turnirlar jadvalini sezilarli darajada qisqartirdi. O‘zbekistonlik shaxmatchining aytishicha, u Grand Chess Tour turniriga taklifni Kiprdagi g‘alabasidan oldinroq olgan.
“Shunday kuchli turnirda o‘ynash imkoniyati paydo bo‘lsa, albatta, darhol rozi bo‘laman. Ammo nomzodlar turniridagi g‘alabadan keyin ham maqsadim ko‘proq tajriba orttirish edi. Chunki faoliyatim davomida bunday yuqori darajadagi turnirlarda unchalik ko‘p o‘ynamaganman”, — dedi shaxmatchi.
U faqat shu yildan boshlab jahonning eng kuchli shaxmatchilariga qarshi muntazam o‘ynay boshlaganini ta’kidlab, musobaqalarda ishtirok etishni davom ettirish qaroridan mamnun ekanini aytdi.
Shu bilan birga, Sindarov musobaqalar taqvimi zich bo‘lgani sababli Gukeshga maqsadli tayyorgarlik ko‘rish uchun u rejalashtirganidan kamroq vaqt qolganini tan oldi.
Oddiy turnirlarga tayyorgarlik bilan bitta raqibga qarshi matchga tayyorgarlik o‘rtasidagi farq haqidagi savolga javoban grossmeyster asosiy farq sifatida debyutlar — shaxmat partiyasining dastlabki bosqichlari ustida ishlash hajmini ko‘rsatdi.
“Olti oy menga yetarli bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Ammo ehtimol, bunday murakkab musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish uchun hatto bu vaqt ham yetarli emas. Jahon chempionligi uchun matchga tayyorgarlik uch-to‘rt oy davom etadi, deyishganda, bu normal ekaniga hech qachon ishona olmasdim. Ammo endi bunday tayyorgarlik qanday kechishini tushundim. Bu juda og‘ir, bir vaqtning o‘zida qiziqarli jarayon bo‘ldi”, — dedi u.
Sindarov Jenevada u bilan ishlayotgan jamoasining bir qismi haqida ham ma’lumot berdi. Uning ko‘p yillik murabbiyi Roman Vidonyakdan tashqari, tayyorgarlikda Muhiddin Madaminov va grossmeyster Nikita Vityugov ishtirok etmoqda. “Jamoaning boshqa a’zolari ham bor, ammo ehtimol, ular haqida matchdan keyin aytarman”, — dedi u.
Foto: FIDE / Michal Walusza
“2025-yilgacha men hech qachon chindan ham jiddiy ishlamaganman”
Matbuot anjumanining eng shaxsiy savollaridan biri yosh shaxmatchilar yuqori natijalarga erishish uchun bolalik va o‘smirlik davrida nimalardan voz kechishiga to‘g‘ri kelgani haqida bo‘ldi.
Sindarov bu savolga javob berar ekan, shaxmat bilan nisbatan yaqindagina chindan ham jiddiy shug‘ullana boshlaganini aytdi.
“2025-yilgacha butun umrim davomida hech qachon chindan ham jiddiy ishlamaganman. Shaxmatda katta iste’dodga ega ekanimni doim bilardim. Ehtimol, nafaqat shaxmatda, balki har qanday o‘yinda ham. Chunki biror narsa o‘ynasam, doim g‘alaba qozonishga harakat qilaman”, — dedi u.
Grossmeysterning so‘zlariga ko‘ra, aynan tizimli mehnat uning darajasini sezilarli oshirish imkonini bergan.
“Shaxmat ustida ishlay boshlaganimda kuchliroq bo‘ldim. Shuning uchun har kimga o‘ziga yoqadigan ish bilan shug‘ullanishni maslahat beraman. Agar futbolni yaxshi ko‘rsangiz — futbol ustida ishlang. Menimcha, qattiq mehnat tufayli hamma narsaga erishiladi”, — dedi o‘zbekistonlik shaxmatchi.
Sindarov ayniqsa so‘nggi ikki yilda ko‘p mehnat qilganini ta’kidlab, xalqaro turnirlardagi muvaffaqiyatlarini shu bilan bog‘ladi.
“Menga biroz omad ham kulib boqdi, ammo haqiqatan ham ko‘p ishladim. Shuning uchun har qanday sport turi bilan shug‘ullanayotgan barcha bolalarga o‘z ustida ko‘p ishlashni maslahat beraman”, — dedi u.
Psixologik qo‘llab-quvvatlash haqida gapirar ekan, grossmeyster qiyin davrlarni yengib o‘tishda unga yordam berayotgan oilasi va do‘stlariga minnatdorlik bildirdi.
“Turnirlar vaqtida muammolarga duch kelsam, do‘stlarim va oilam doimo meni qo‘llab-quvvatlaydi. Ularga katta rahmat aytmoqchiman, chunki hayotimdagi har bir qiyin vaziyatda birinchi bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zadiganlar — ular. Yaxshi do‘stlar va oila yoningda bo‘lmasa, bunday yuqori natijalarga erishish juda qiyin, deb o‘ylayman”.
Chempionlik unvonini qo‘lga kiritsa, g‘alabani qanday nishonlashi haqidagi savolga Sindarov hozircha bunday rejalar tuzmayotganini aytdi.
“Hozir men diqqatimni jamlashni va g‘alaba qozonsami nima bo‘lishi haqida o‘ylamaslikni xohlayapman. Birinchi istagim — keyingi 20 kunga e’tibor qaratish va eng yaxshi shaxmatimni namoyish etishga harakat qilish. Keyin ko‘ramiz”, — dedi u.
Padel, kompyuter o‘yinlari va o‘zbek oshpazlari
Jismoniy tayyorgarlik haqida gapirar ekan, Sindarov so‘nggi oylarda tennisga o‘xshash raketkali sport turi — padelga qiziqib qolganini aytdi. U mashg‘ulot yig‘inlari vaqtida ham padel o‘ynagan.
Shaxmatchining so‘zlariga ko‘ra, Samarqandda u bobosi bilan terma jamoadagi sheriklari — Nodirbek Abdusattorov va Nodirbek Yoqubboyevga qarshi juftlikda o‘ynagan.
“Xarakterimni bilasiz, men doim g‘alaba qozonishga harakat qilaman. Ba’zida biz ustun keldik, ba’zida ular. O‘ylaymanki, yakunda natijalar taxminan teng bo‘ldi”, — dedi u.
Shu bilan birga, Sindarov uzoq davom etadigan matchda yoshligi unga yuklamani yengishda yordam beradi, deb hisoblaydi.
“Men hali yosh bo‘lganim uchun jismonan bunday murakkab match men uchun juda og‘ir bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Balki 30−40 yoshda bo‘lganimda qiyinroq bo‘lardi. Ammo psixologik tayyorgarlik juda muhim va men buning ustida murabbiylarim bilan ishlayapman”.
Grossmeyster, shuningdek, O‘zbekiston tomoni Jenevaga oshpazlarni olib kelgani va ular jamoasi uchun har kuni taom tayyorlayotganini aytdi.
“Men har qanday mamlakat taomlarini yeyishim mumkin bo‘lgan odamman. Bu men uchun katta ahamiyatga ega emas. Ammo bu yerda jamoamizda har kuni biz uchun taom tayyorlaydigan maxsus oshpaz borligidan xursandman”, — dedi Sindarov.
Shaxmatchi Shveysariyada bir necha marta bo‘lgani, ammo Jenevaga birinchi bor kelganini aytdi. U 2024-yilda borgan Loterbrunnen ayniqsa yodida qolgan. Match vaqtidagi dam olish kunlarini, ehtimol, kompyuter o‘yinlariga bag‘ishlaydi.
Sun’iy intellekt shaxmatni qanday o‘zgartirdi?
Matbuot anjumanining alohida qismi kompyuterlar va sun’iy intellekt ta’sirida shaxmat tayyorgarligi qanday o‘zgargani haqidagi muhokamaga bag‘ishlandi.
O‘zbekistonlik grossmeysterning fikricha, so‘nggi yillarda ayniqsa debyut variantlari bilan ishlash sezilarli darajada o‘zgargan.
“So‘nggi olti yilni oladigan bo‘lsak, shaxmat dvijoklari juda kuchli o‘zgardi. Ba’zida bunday uzun variantlarga tayyorgarlik ko‘rish zerikarli bo‘lib qoladi. Ilgari dvijok qandaydir yo‘nalish juda yomon ekanini ko‘rsatishi mumkin edi, hozir esa baholash butunlay boshqacha bo‘lib chiqadi”.
Sindarov kompyuter texnologiyalari shaxmatning umumiy darajasini oshirdi va o‘n yil oldingi matchlarga nisbatan tayyorgarlik jarayonini sezilarli o‘zgartirdi, deb hisoblaydi.
“Hozir debyutlar juda katta ahamiyatga ega. Ammo baribir shaxmatni yaxshi o‘ynash kerak”, — dedi u.
Match ishtirokchilari, shuningdek, Jeneva yaqinidagi Koloni shahrida joylashgan Martin Bodmer jamg‘armasidagi o‘yin zalini ko‘zdan kechirdi.
https://twitter.com/FIDE_chess/status/2124259831657722207
Sindarov matchda turnirning boshqa ishtirokchilarisiz, taxta oldida faqat ikki shaxmatchi bo‘ladigan xonada o‘ynash u uchun g‘ayriodatiy ekanini aytdi.
“Ba'zida zerikib qolishing mumkin, chunki kuzatadigan boshqa o‘yin bo‘lmaydi. Boshqa turnirlarda esa doim kimningdir o‘yinini kuzatib boraman”, — dedi u.
Shu bilan birga, o‘zbekistonlik shaxmatchi avval match shisha to‘siq ortida o‘tkaziladi, deb o‘ylagan bo‘lsa-da, maydonni ijobiy baholadi.
Gukesh: “Men bu yerga unvonni himoya qilish uchun kelmadim. Uni qaytadan qo‘lga kiritish uchun keldim”
Amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh bo‘lajak matchni 2024-yilda xitoylik Din Lijenga qarshi o‘tkazgan bahsi bilan taqqosladi. Unda g‘alaba qozongan hindistonlik shaxmatchi klassik shaxmat bo‘yicha tarixdagi eng yosh jahon chempioniga aylangan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, endi u o‘zini tajribaliroq his qilmoqda, ammo avvalgi g‘alaba unga sezilarli ustunlik beradi, deb hisoblamaydi.
“O‘tgan safarga nisbatan o‘zimni tajribaliroq his qilyapman. Ammo bilasizmi, birinchi partiya uchun taxta oldiga o‘tirganimizda shu paytgacha bo‘lgan barcha voqealar go‘yo o‘chiriladi. Bu butunlay boshqa match, butunlay boshqa raqib va boshqa joy”.
Jurnalist chempiondan sportda keng tarqalgan “chempionlik unvonini himoya qilish uni birinchi marta qo‘lga kiritishdan qiyinroq” degan fikrga qo‘shilish-qo‘shilmasligi haqida so‘radi.
“Men bu yerga nimanidir himoya qilish uchun keldim, deb o‘ylamayman. Men hammasini qaytadan yutish uchun keldim. Bu yerdagi kayfiyatim aynan shunday”, — dedi Gukesh.
“Sindarov o‘z o‘yinining eng yuqori cho‘qqisida”
Raqibini baholash so‘ralganda, hindistonlik grossmeyster Sindarov natijalarining barqarorligini ta’kidladi.
“Sindarov juda barqaror va juda yaxshi formada. U, shubhasiz, dunyoning eng kuchli shaxmatchilaridan biri va hozir o‘z o‘yinining eng yuqori cho‘qqisida turibdi. Shuning uchun bu, albatta, jiddiy sinov bo‘ladi”, — dedi u.
Gukesh matchga imkon qadar yaxshi tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilganini va shunday kuchli raqibga qarshi o‘zini sinab ko‘rishni istashini ta’kidladi.
Chempion, shuningdek, bitta shaxmatchiga qarshi matchga tayyorgarlik oddiy turnirlarga nisbatan uning partiyalarini ancha chuqur o‘rganish imkonini berishini aytdi. Biroq o‘zbekistonlik shaxmatchining turli uslubda o‘ynashi uning kuchsiz tomonlarini topishni qiyinlashtiradi.
“Jahon chempionligi uchun matchda yaxshi tomoni shundaki, sening bitta raqibing bor va butun diqqatingni muayyan shaxmatchiga qarata olasan. Albatta, uning partiyalari chuqur tahlil qilinadi”.
Shu bilan birga, Gukesh Sindarov o‘yinining universalligini ta’kidladi.
“Bunday darajadagi shaxmatchilarning aksariyati, ayniqsa Sindarov juda universal. U har qanday pozitsiyada yaxshi o‘ynay oladi. Shuning uchun sen shunchaki o‘z ko‘nikmalaringni takomillashtirasan, raqibni yetarlicha yaxshi tushunishga harakat qilasan”, — deya tushuntirdi u.
Nega Gukesh kamroq turnirlarda ishtirok etishga qaror qildi?
Sindarovdan farqli o‘laroq, amaldagi jahon chempioni 2026-yilda musobaqalar sonini sezilarli darajada qisqartirdi.
Gukesh bu jamoa bilan birgalikda qabul qilingan ongli qaror bo‘lganini aytdi. Shu bilan birga, Sindarovning faol turnirlar taqvimi uni uchun kutilmagan holat bo‘lmagan.
Hindistonlik shaxmatchining fikricha, Sindarovning jahonning eng kuchli shaxmatchilariga qarshi faol o‘ynashda davom etish qarori mantiqiy bo‘lgan, chunki o‘zbekistonlik shaxmatchi eng yuqori darajada yaqindagina muntazam o‘ynay boshlagan.
“U yaxshi fursatdan foydalanib, yetakchi shaxmatchilarga qarshi ko‘proq tajriba orttirishini taxmin qilgandik. Shuning uchun bu meni umuman hayron qoldirmadi”, — dedi Gukesh.
Chempion Jenevada u bilan avvalgi chempionlik matchiga tayyorgarlikda ham yordam bergan польшалик grossmeyster Gjegoj Gayevskiy ishlayotganini tasdiqladi. Jamoasining boshqa a’zolarini esa hozircha oshkor qilmadi.
Gukesh uzoq davom etadigan tayyorgarlik bir vaqtning o‘zida ham charchatishi, ham qiziqarli bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, murabbiylar shtabidagi munosabatlar muhim o‘rin tutadi.
U mashg‘ulot yig‘inlarini chempionlik matchiga tayyorgarlikning eng yaxshi qismlaridan biri deb atadi.
“U yerda juda yaxshi muhit: ko‘p ishlaymiz, ko‘p kulamiz, hazillashamiz. Gayevskiy bilan shaxsiy munosabatlarimiz ham juda yaqin. O‘ylaymanki, matchdan keyin eng ko‘p aynan tayyorgarlik yig‘inlarini eslayman”, — deya qo‘shimcha qildi chempion.
“Kompyuterlar g‘alaba qozonishni ancha qiyinlashtirdi”
Sun’iy intellekt va shaxmat dvijoklaridan foydalanish haqida gapirar ekan, Gukesh kompyuter tahlili tayyorgarlikning ajralmas qismiga aylangani borasida Sindarovning fikriga qo‘shildi.
Biroq uning fikricha, texnologiyalarning ta’siri debyutlarni o‘rganishdan ancha keng.
“Odamlar kompyuterlar bilan ishlaganda ancha ko‘p g‘oyalarni o‘rganadi. Gap faqat debyutlar haqida emas. Ular pozitsiya tuzilishini yaxshiroq tushunadi, yaxshiroq himoyalanadi, chunki kompyuter har doim juda topqir bo‘ladi”.
Gukesh o‘yin darajasi oshgani sababli raqiblar ustidan g‘alaba qozonish tobora qiyinlashib bormoqda, deb hisoblaydi.
“Deyarli hammada tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradigan bir xil yoki o‘xshash vositalardan foydalanish imkoniyati bor. Yetakchi shaxmatchilarda, albatta, odatda sekundantlar, murabbiylar va boshqalar bo‘ladi. Ammo sen boshqalardan hech bo‘lmaganda biroz yaxshiroq bo‘lishga imkon beradigan nimanidir topishing kerak. Menimcha, sportning mohiyati ham shunda”.
“Bolaligimda maktabga deyarli bormaganman”
Shaxmatchilik faoliyati uchun qanday qurbonliklarga borishiga to‘g‘ri kelgani haqidagi savolga javoban, Gukesh sport sababli oddiy bolalikka xos ayrim imkoniyatlarni boy berganini tan oldi.
“Ehtimol, boshqa narsalarga sarflashim mumkin bo‘lgan ancha ko‘p vaqtdan voz kechganman. Masalan, bolaligimda maktabga deyarli bormaganman”.
Biroq amaldagi chempion tanlagan yo‘lidan afsuslanmasligini ta’kidladi.
“Kam odamga nasib qiladigan hayotni yashayotganim uchun minnatdorman. Albatta, boy bergan narsalarim bo‘ldi, ammo menga doimo buning barchasi shunga arziydigandek tuyulgan”, — dedi u.
Gukesh, shuningdek, turli sport turlari, jumladan, syorfing va yugurish bilan muntazam shug‘ullanishini aytdi. Psixologik tayyorgarlikda unga avval ham hamkorlik qilgan sport psixologi Peddi yordam berishda davom etmoqda.
Yaqinlarining eng muhim maslahati haqidagi savolga javob berar ekan, shaxmatchi qiyin vaziyatlarda oilasi, do‘stlari va murabbiylarining qo‘llab-quvvatlovi yordam berishini aytdi.
“Menga ko‘plab maslahatlar berishgan. Eng ko‘p yodimda qolgani, qiyin paytlarda aytiladigan gaplar bo‘ldi: shunchaki bor va o‘z o‘yiningni ko‘rsat. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, biz doim sen bilan birgamiz”.
U bir necha oy oldin eshitgan va match vaqtida yodda tutishni rejalashtirayotgan gapni ham keltirdi.
“Kimdir menga: „Kim ekaningni esla“, degandi. O‘ylaymanki, bu matchda men buni yodimda saqlayman”, — dedi Gukesh.
Hindistonlik shaxmatchi o‘yin zaliga allaqachon borib, har kuni to‘rt-besh soat davomida o‘zini qulay his qilishi uchun kreslolar, yoritish va boshqa sharoitlarni tekshirganini aytdi.
Jenevada u mahalliy aholi u uchun tayyorlab beradigan odatiy hind taomlarini afzal ko‘rmoqda. Match vaqtidagi dam olish kunlari uchun unda maxsus rejalar yo‘q.
G‘alabani qanday nishonlashi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, ilgari unvonni qo‘lga kiritganidan so‘ng banjidan sakrash va’dasini bajargan Gukesh unda allaqachon bir nechta g‘oyalar borligini tan oldi.
“Ko‘nglimda bir-ikkita narsa bor. O‘ylaymanki, vaqt o‘tishi bilan ular haqida bilib olasiz”, — dedi u tafsilotlarni oshkor qilmasdan.
FIDE rahbari: “Shaxmat tobora yosharib bormoqda”
Matbuot anjumanida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Timur Turlov ham ishtirok etdi. U sentabr oyida tashkilotning Samarqanddagi Bosh assambleyasida ushbu lavozimga saylangan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxmat mashhurligi oshib borayotgan davrni boshdan kechirmoqda va asta-sekin tijorat jihatidan muvaffaqiyatli global sport turi maqomiga yaqinlashmoqda.
“Shaxmat, albatta, yuksalish davrida. Men biz tijorat jihatidan juda muvaffaqiyatli global sport turiga aylanishimiz mumkin bo‘lgan davrga tobora yaqinlashayotganimizga ishonaman”.
FIDE rahbari shaxmat asrlar davomida eng nufuzli intellektual o‘yinlardan biri bo‘lib kelayotganini, raqamli platformalarning rivojlanishi esa auditoriyani kengaytirishga yordam berayotganini ta’kidladi.
“Yuz millionlab odam shaxmat o‘ynaydi. Menimcha, bu dunyodagi eng mashhur sport turlaridan biri — ehtimol, tomoshabinlar soni bo‘yicha emas, balki ishtirokchilar soni bo‘yicha”.
Turlov yosh shaxmatchilarga hamda Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi bahsga alohida e’tibor qaratdi.
“Shaxmat tobora yosharib borayotganidan juda xursandman. Bizda eng yosh grossmeysterlar, eng yosh chempion va chempionlik unvoni uchun eng yosh da’vogar paydo bo‘lmoqda. Menimcha, bu shaxmatimiz uchun ajoyib belgi va kelajak sari harakatlanayotganimizni ko‘rsatadi”.
Jahon shaxmat toji uchun match qanday o‘tadi?
https://twitter.com/FIDE_chess/status/2124555098172846498?ref_src=twsrc%5Etfw%7Ctwcamp%5Etweetembed%7Ctwterm%5E2124555098172846498%7Ctwgr%5Ee277cc556f3c86ebeec64361c69c0a7fbb04ddca%7Ctwcon%5Es1_c10&ref_url=https%3A%2F%2Fwww.gazeta.uz%2Fru%2F2026%2F11%2F23%2Fsindarov-gukesh-press%2F
Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi match tarixda jahon shaxmat toji uchun o‘tkazilgan eng yosh qarama-qarshilik bo‘ladi: har ikki ishtirokchi ham 20 yoshda.
O‘zbekistonlik shaxmatchi unvon uchun kurashish huquqini 2026-yil bahorida Kiprda o‘tkazilgan nomzodlar turniridagi g‘alabasi orqali qo‘lga kiritdi. U birinchi o‘rinni muddatidan oldin kafolatladi va 14 tur yakunlariga ko‘ra 10 ochko jamg‘arib, biror marta mag‘lubiyatga uchramadi.
Gukesh 2024-yil dekabr oyida Singapurda xitoylik Din Lijenni mag‘lub etib, jahon chempioni bo‘lgan. O‘shanda u 18 yoshda edi va shu tariqa klassik shaxmat bo‘yicha tarixdagi eng yosh jahon chempioniga aylandi.
Match Jeneva yaqinidagi Kolonida joylashgan Martin Bodmer fondida o‘tkaziladi. Birinchi partiya Toshkent vaqti bilan 24-noyabr kuni 19:00 da boshlanadi. Sindarov oq donalarda o‘ynaydi. Keyin shaxmatchilar ranglarni almashtirib boradi: o‘zbekistonlik toq sonli partiyalarning barchasida oq donalarda, Gukesh esa juft sonli partiyalarda oq donalarda o‘ynaydi.
Bahs klassik shaxmat bo‘yicha 14 partiyaga mo‘ljallangan. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko jamg‘argan shaxmatchi g‘olib bo‘ladi. Barcha partiyalardan keyin hisob 7:7 bo‘lib teng kelsa, 12-dekabr kuni tay-breyk o‘tkaziladi. Matchning sovrin jamg‘armasi 2,5 mln dollardan iborat.












