Meta o‘zining Muse SI-agentini bevosita Instagram’ning shaxsiy xabarlar bo‘limiga qo‘shdi. Bu haqda TechCrunch nashri yozmoqda.
Foydalanuvchilar endi assistent bilan postlarni ulashishi va undan turli vazifalarni bajarishni so‘rashi mumkin.
Masalan, sayohat marshrutiga o‘ziga yoqqan qahvaxonani qo‘shish, chegirmadagi mahsulotni topish yoki postda tilga olingan mahsulot yoxud joy haqida qo‘shimcha ma’lumot olish mumkin.
Muse shaxsiy xabarlardagi foydalanuvchi o‘tkazib yuborgan yozishmalar mazmunini qisqacha bayon qilib berishi, saqlangan postlarni to‘plamlar bo‘yicha saralashi, retseptlar aks etgan videolar asosida xaridlar ro‘yxatini tuzishi, kiyim-kechak obrazlarini tanlashi va saqlangan kontent asosida sayohatlarni rejalashtirishi mumkin.
Ushbu integratsiya hozirda AQSH, Kanada, Meksika, Yaponiya va Singapurdagi iOS hamda Android foydalanuvchilari uchun mavjud. Kompaniya funksiya boshqa mamlakatlarda qachon ishga tushirilishiga aniqlik kiritmagan.
Meta Muse foydalanuvchining ruxsatisiz hech narsa e’lon qilmasligi yoki xabar yubormasligini ma’lum qildi. Shuningdek, assistentdan bajarilgan amallarni bekor qilish yoki ma’lumotlarni unutishni so‘rash mumkin.
Kompaniya an’anaviy ravishda foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni to‘plagani uchun tanqid qilinishini hisobga olsak, amallarni bekor qilish va ma’lumotlarni o‘chirish imkoniyati muhim ahamiyatga ega.
Muse 2026-yil sentabr oyida taqdim etilgan. SI-agent brauzerni boshqarishi va uchinchi tomon ilovalarida, jumladan, fon rejimida ham ishlashi mumkin. Keyinchalik unga ovozli rejim, animatsiyali avatarlar hamda interaktiv muhitlar va mini-ilovalar yaratish uchun Spaces funksiyasi qo‘shildi.
Meta SI-agentlar yo‘nalishini OpenAI va Google bilan raqobat kuchayib borayotgan bir paytda rivojlantirmoqda. Ushbu kompaniyalar ham o‘z xizmatlariga SI-assistentlarni integratsiya qilmoqda.
Muse’ni shaxsiy xabarlarga joriy etish Meta’ning Instagram’ni ijtimoiy tarmoqdan kundalik vazifalarni bajarishga yordam beruvchi SI-assistentga ega platformaga aylantirish strategiyasining bir qismidir.
Avvalroq kompaniya Muse’ga foydalanuvchi nomidan qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkoniyatini ham bergan edi. Masalan, restoran stolini band qilish yoki sug‘urta bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun.
Avvalroq Spot Instagram’da “stories"ni tahrirlash imkoniyati paydo bo‘lgani haqida yozgandi.
Hikoyani 15 daqiqa ichida matn, musiqa, stikerlar va chizilgan elementlarini o‘zgartirgan holda tahrirlash mumkin.




