Amerikada 10 yil davomida pitseriya sohasida faoliyat yuritgan tadbirkor Xurshid Axmedov, 2015-yilda O‘zbekistonga qaytib, issiqxona biznesini yo‘lga qo‘ydi. Dastlab pomidor yetishtirish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, keyinchalik Chopar Pizza bilan hamkorlikdagi faoliyatidan so‘ng pitsaxona ochishga qaror qiladi. U 2021-yilda qariyb $30 ming qarz bilan Samarqand darvozada birinchi pitseriyasiga asos soldi.
Bugungi kunda Little Italy — Pizzeria New York brendi ostida restoranlar, pitsa bo‘laklab sotiladigan savdo nuqtalari va test shaklida ishlayotgan $700 minglik ishlab chiqarish zavodi faoliyat yuritmoqda.
Kuniga 5 ming dona pitsa ishlab chiqarayotgan korxona kelgusida bu ko‘rsatkichni 30 ming donaga yetkazishni maqsad qilgan. Tadbirkor AQShda o‘rgangan Nyu-Yorkcha pitsa madaniyatini O‘zbekiston bozoriga olib kirib, mahsulotni mijozlarga yanada yaqinlashtirishga intilmoqda.
Bundan tashqari, pomidor yetishtirish va atirgul parvarishlashga ixtisoslashgan issiqxonalari ham mavjud. Uning tadbirkorlik faoliyati restoran va ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmay, qishloq xo‘jaligini ham qamrab olgan.
Spot ko‘p qirrali tadbirkor bilan issiqxona xo‘jaligi, pitsa biznesi va test rejimida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish zavodida uchrashib, suhbatlashdi.
Intervyuning to‘liq versiyasi video shaklda taqdim etilgan:
Amerikadagi o‘zbekcha pitsaxona
2002-yilda Sharqshunoslik institutida tahsil olardim. O‘sha paytda diplom olgan yoshlar uchun ish imkoniyatlari juda kam edi: Tashqi ishlar vazirligiga yiliga atigi 2 nafar kuryer ishga olinardi. Prorektorimiz bizga: “Chet elga chiqinglar, o‘rganinglar va keyin qaytinglar”, degandi.
Shu maslahat bilan 3 yil Londonda yashadim, til o‘rgandim, ta’lim oldim va kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullandim. Keyin Amerikaga ketdim.
Nashvillda dastlab ofitsiant bo‘lib ishladim, ammo bu ish menga mos kelmadi. Keyin pitsa yetkazib berishga o‘tdim. Bu yangi shaharni o‘rganishning eng arzon yo‘li edi. Bir kuni tungi klubdan soat ikkida chiqib, ovqatlanadigan joy topolmadim. Shu vaziyat 24 soat ishlaydigan restoran ochish g‘oyasini berdi.
Italyan restorani egasi Sezarga taklif berdim: g‘oya va ishchi kuchi mendan, mahsulotlar undan, foyda esa teng taqsimlanadi. 2006-yil iyunida bir kechada pitsa sotib $20 minglik savdo qildik. Bir yil o‘tib, ustozim Salvatore Olivierining restoranini $400 mingga sotib oldik. Keyingi o‘n yilda uchta restoran ochib, yuzga yaqin kishini Amerikada ish bilan ta’minladim.





Foto: Xurshid Axmedovning shaxsiy arxividan
2015-yilda O‘zbekistonga qaytdim. 8 gektar maydonda qariyb $1 mln lik pomidor issiqxonasini qurdim. Ammo 2020-yil aprelida pandemiya sabab bozorlar yopilib, ikki gektardagi 200 tonna pomidor sotilmay qoldi. Eski Niva avtomobilimda kuniga 5 tonnagacha pomidorni EVOS va Chopar omborlariga o‘zim yetkazib berdim.
Shu davrda Chopar’dagilar bilan tanishib qoldim va ular bilan birga ishladim. Natijada, 18 ta nuqtada xodimlar sonini 140 nafardan 70 nafarga qisqartirdik. Xizmatim evaziga kelishuv asosida pul emas, ikkita pech oldim.
2021-yil aprelida qariyb $30 ming qarz bilan Samarqand darvozada birinchi pitseriyamizni ochdik. Birinchi kun atigi 300 ming so‘mlik savdo qildik. Bugun Little Italy’ning restoranlari, pitsa bo‘laklab sotiladigan nuqtalari va o‘z zavodi bor. Zavodga qariyb $700 ming sarmoya kiritdik. Hozir kuniga 5 ming dona pitsa ishlab chiqaryapmiz.
Issiqxona biznesi: pomidorlar eksporti
Amerikadan qaytganimdan so‘ng issiqxona ochib, dastlab pomidor yetishtirish bilan shug‘ullana boshladim.
Keyinchalik, yuqorida ta’kidlaganimdek, Chopar Pizza loyihasi orqali umumiy ovqatlanish sohasiga ham kirib kelib, pitsaxona biznesini yo‘lga qo‘ydim.
Shundan so‘ng esa sherigim bilan hamkorlikda gul yetishtirishga ixtisoslashgan yana bir issiqxona tashkil etdik. Bugungi kunda pomidor yetishtirish uchun 2 gektar, atirgul parvarishlash uchun esa 75 sotix yer maydoniga egamiz.
Atirgullar gidroponika usulida, ya’ni tuproqsiz, kokos qipig‘idan tayyorlangan maxsus muhitda yetishtiriladi. O‘simliklar tomchilatib sug‘orish tizimi orqali suv va zarur oziq moddalar bilan ta’minlanadi. Bu usul suvni tejash va hosildorlikni oshirish imkonini beradi. Ekilgan atirgul ko‘chatlari 4−5 yilgacha hosil berishi mumkin.




Foto: Spot
Pomidor yetishtirishda ham asosiy e’tibor mahsulot sifati va eksportbopligiga qaratilgan. Bir gektar issiqxonaga taxminan 50 ming tup ko‘chat ekish mumkin. Har bir ko‘chatdan o‘rtacha 2 kg dan hosil olinsa, 1 gektardan 100 tonna, hosildorlik 3−4 kg ga yetganda esa 150−200 tonnagacha pomidor olish imkoniyati mavjud.
Pomidorlarimiz asosan eksport uchun yetishtiriladi. Eksport talablariga javob bermaydigan yoki ortib qolgan mahsulotlar esa Little Italy pitseriyalari uchun sous tayyorlashga yo‘naltiriladi. Bu orqali pomidorning sifati va ta’mini o‘zimiz nazorat qilamiz, shuningdek, chetdan sous import qilishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiramiz.
Issiqxona biznesidagi eng katta xarajatlardan biri — energiya va yoqilg‘i. Avval asosan tabiiy gazdan foydalanilgan bo‘lsa, keyinchalik ko‘mir, pellet va issiqlik nasoslari kabi muqobil energiya manbalari ham o‘rganilmoqda. Shu bilan birga, havoga chiqariladigan zararli moddalarni kamaytirish uchun maxsus tozalash filtrlari o‘rnatilgan.
Filtrlash tizimining qiymati taxminan 50 mln so‘mni tashkil qiladi. Uning muhim jihati shundaki, gazni tozalashda foydalaniladigan suv oqova tizimiga chiqarib yuborilmaydi, balki qayta aylantirish orqali ishlatiladi. Natijada bir mavsumda sarflanishi mumkin bo‘lgan 1 500 tonna suv o‘rniga atigi 15 tonna suv bilan jarayonni amalga oshirish mumkin.
Bo‘laklab sotiladigan pitsa madaniyati
Pitsani bo‘laklab sotish aslida Nyu-York madaniyatidan kelib chiqqan. Dastlab O‘zbekistonda bu usulni yo‘lga qo‘yganimizda, bir kishi kelib: “Bolam, eski pitsalarni sotyapsanmi?”, deb hazillashgandi. Chunki odamlar pitsani faqat butun holda sotib olishga o‘rganishgan.





Foto: Spot
Nyu-Yorkda esa hammasi boshqacha. Masalan, Manxettenda, BMT binosi joylashgan 42-avenyu atrofida odamlar juda gavjum. Metrodan har safar yuzlab odamlar chiqadi. Ularning ko‘pchiligi ishga shoshadi, uzoq ovqatlanishga vaqti yo‘q. Yo‘l-yo‘lakay $1 ga espresso, yoniga bir bo‘lak issiq pitsa olib ketadi.
Mahalliy pitseriyalar ham aynan shu oqimga moslashgan. Ertalab soat beshda ish boshlashadi, metro ochilguncha pitsalarni tayyorlab qo‘yishadi. Poyezdlar har besh daqiqada kelishini hisobga olib, yangi pitsalarni pechdan chiqarib, bo‘laklarga kesib turishadi. Yo‘lovchi esa keladi, pulini to‘laydi, bir bo‘lak pitsa va qahvasini olib, ishiga shoshadi.
Bo‘laklab sotishning asosiy mohiyati ham shu: mijozga tez, qulay va issiq mahsulot taklif qilish. Bu nafaqat savdo usuli, balki butun bir xizmat ko‘rsatish madaniyatidir.
Hech kim Little Italy nomidan voz kechmoqchi emas
Ko‘pchilik bizni Little Italy nomi bilan taniydi. Aslida, bu nomning o‘z tarixi bor.
Samarqand darvozada birinchi pitseriyamizni ochmoqchi bo‘lganimizda, savdo markazi ma’muriyati pitsa bilan kirsak, boshqa pitseriyalar bundan norozi bo‘lishi mumkinligini aytib, boshqacharoq nom tanlashni taklif qildi. Shunda o‘sha yerning o‘zida Little Italy nomini o‘ylab topdik. Nyu-Yorkda ham Little Italy degan mashhur hudud bor. Shu sababli bu nomni Nyu-York bilan bog‘lash mumkin, deb qaror qildik.
Vaqt o‘tib, Little Italy nomi odamlar qalbidan joy oldi. Keyinchalik Pizzeria New York nomini ham ishlata boshladik. Qizig‘i, odamlar ikkala nom bilan taniydigan bo‘lishdi. Go‘yoki birining haqiqiy nomi, ikkinchisining esa laqabi bordek.
Hozir ham Little Italy nomidan voz kechmoqchi emasmiz. Shu sababli ikkala nomni birlashtirib, Little Italy — Pizzeria New York shaklida ishlatishga qaror qildik. Axir bu nomni biz emas, avvalo, mijozlarimiz sevib tanlashdi.
Yetkazib berish xizmatidan foydalanmaslik sababi
AQShda faoliyat yuritgan paytimizda yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yib, yaxshi daromad qilganmiz. Lekin O‘zbekiston bozoriga kirib kelganimizda bu biznes modelidan foydalanmaslikni afzal ko‘rdik.
Buning bir nechta sababi bor. Avvalo, Toshkentda pitsa yetkazib berish bozorida kuchli raqobatchilar mavjud. Hamkasblarimiz orasida 73 ta, 50 ta va 30 ta pitseriyaga ega yirik tarmoqlar bor. Ularning Toshkent bo‘ylab joylashuvi va bozordagi o‘rni ham ancha kuchli.
Biz ham ular bilan bir xil yo‘nalishda raqobatlashib, o‘zimizni har xil biznes modellarida sinab ko‘rishimiz mumkin edi. Lekin men bu raqobatga qo‘shilmaslikka qaror qildim. Aksincha, chetdan kuzatib, bozorning boshqa, hali to‘liq egallanmagan segmentini rivojlantirishni maqsad qildik.
Foto: Spot
Asosiy e’tiborimiz — mijozlar har kuni boradigan savdo nuqtalarida bo‘lish. Masalan, odamlar Korzinka yoki boshqa oziq-ovqat do‘konlariga faqat pitsa sotib olish uchun bormaydi. Ular uyiga kartoshka, piyoz, sariyog‘ va boshqa kundalik mahsulotlarni xarid qilishadi. Ana shu xaridlar orasida bolalari uchun Little Italy pitsasini ham olishlari mumkin. Ya’ni mijozning alohida buyurtma berishini yoki maxsus pitsa yeyish uchun restoranga borishini kutmaymiz. Aksincha, uning kundalik hayotiga yaqinlashishni istaymiz.
Shu sababli asosiy maqsadimiz — savdo nuqtalarimiz sonini ko‘paytirish va mahsulotlarimizni odamlarga yanada yaqinlashtirish. Xuddi mahallalar ichida paydo bo‘layotgan kichik oziq-ovqat do‘konlari kabi, Little Italy ham odamlar yashaydigan hududlarda mavjud bo‘lishini xohlaymiz.
Natijada mijoz pitsa yeyish uchun alohida joyga borishi yoki yetkazib berishni kutishi shart bo‘lmaydi. Masalan, uyidan chiqib, yaqinidagi do‘kondan to‘rtta pitsa olib kelishi va ularni atigi uch daqiqada isitib, oilasi bilan issiq holda iste’mol qilishi mumkin.
Modelimizning mohiyati — mijozni pitsaning oldiga olib kelish emas, balki pitsani mijozga imkon qadar yaqinlashtirish.
Samarqand Darvozadagi filial nega yopildi?
Samarqand Darvozadagi filialimizni yopish qarori, aslida, biznes strategiyamizning bir qismi edi. Chunki Little Italy loyihasini premium segmentdagi restoran sifatida rivojlantirishni maqsad qilgan edik. Mijozlarimiz ongida Little Italy deganda qulay narxlarda, shinam muhitda o‘tirib, mazali taomlardan bahramand bo‘lish mumkin bo‘lgan restoran konsepsiyasini shakllantirishni istardik.
Biroq Samarqand Darvozadagi filial joylashuvi va savdo markazining o‘ziga xos formati ko‘zlagan konsepsiyamizga mos kelmasdi. U yerda fast food formati ustun bo‘lib, xizmat ko‘rsatish va taomlarni taqdim etish uslubi ham biz rejalashtirgan restoran muhitidan ancha farq qilardi. Shu sababli ushbu filial faoliyatini to‘xtatishga qaror qildik.
Bu qaror biznesdan chekinish emas, balki to‘g‘ri strategik yo‘nalishni tanlash edi. Kelgusida esa ushbu shaharda faoliyatimizni boshqa formatda kengaytirish, yaqin 2−6 oy ichida 100 ga yaqin savdo nuqtasini ochishni rejalashtiryapmiz.
Test rejimidagi zavod faoliyati
Zavod buyurtmalar hajmi ortib, ishlab chiqarishni kengaytirish zarurati paydo bo‘lgani sababli tashkil etilgan. U xalqaro ISO standartlari asosida, konveyer tizimida qurilgan. Ishlab chiqarish jarayonida har bir bo‘lim alohida tashkil etilgan bo‘lib, mahsulot tayyorlash, qadoqlash va muzlatib saqlash bosqichlari bir-biridan ajratilgan. Ular o‘zining mustaqil kommunikatsiya va sanitariya tizimiga ega.
Foto: Spot
Hozirda zavod test rejimida ishlamoqda. Pitsalar yarim tayyor holatda tayyorlanib, maxsus uskunalarda shok usulida muzlatiladi va qadoqlanadi. Keyin esa −18°C haroratdagi maxsus muzlatkichlarda saqlanadi. Bu tizim mahsulotni uzoq muddat saqlash va yetkazib berish imkonini beradi.
Zavodning asosiy vazifasi — ishlab chiqarishni markazlashtirish, tannarxni kamaytirish va o‘z restoranlarimiz hamda hamkor savdo nuqtalarini uzluksiz mahsulot bilan ta’minlash. Kelgusida ishlab chiqarish to‘liq quvvatga chiqqach, franchayzing hamkorlariga ham mahsulot yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuni aytib o‘tishim kerakki, bu yerda ishlab chiqarish jarayonlari imkon qadar tizimlashtirilgan bo‘lsa-da, pitsaning ta’mi va sifatini ta’minlashda oshpazlar tajribasi va inson omili muhim o‘rin tutadi.
Pitsa biznesi raqamlarda
Zavodga taxminan, $700 ming investitsiya kiritilgan. Hozirgi kunda zavod test rejimida ishlamoqda va kuniga 5 mingta pitsa ishlab chiqarilmoqda. Kelgusida uch smenali ish tartibiga o‘tilgach, kunlik ishlab chiqarish hajmini 30 mingta pitsaga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2 ta restoranimiz va 1 ta ekspress nuqtamiz faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, pitsalarimiz 8 ta Imbazar, 50 dan ortiq Korzinka va 30 dan ortiq Makro do‘konlarida sotiladi.
Hozirda zavodda 30−35 nafar xodim faoliyat yuritadi. To‘liq quvvatda ishlash boshlangach, xodimlar sonini 100 nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Ishlab chiqarish jarayonida uch smenali tizim yo‘lga qo‘yiladi. Elektr uzilishlari vaqtida ham sovutish tizimlari uzluksiz ishlashi uchun 200 kVt quvvatga ega generator o‘rnatilgan.
Mahsulotlar −18°C haroratda saqlanadi va muzlatilgan pitsalarning yaroqlilik muddati 12 oygacha. Pitsa xamirining fermentatsiya jarayoni esa 24 soat davom etadi. Zavodda ishlab chiqarilgan pitsalar do‘konlarda 16 ming so‘mdan boshlab sotiladi. Taqqoslash uchun, ayni mahsulotning restorandagi narxi 28 ming so‘mni tashkil qiladi.
Biznesda qat’iyat va yosh tadbirkorlarga tavsiyalar
Biznesda qiyinchiliklar va ortga chekinish istagi paydo bo‘ladigan vaziyatlar bo‘lib turadi. Shunday paytlarda biroz tanaffus qilib, tabiat qo‘yniga chiqaman, xususan, Bo‘stonliqdagi tog‘li hududlarda yolg‘iz qolib, fikrlarimni jamlayman. Ikki soatcha dam olib, o‘zimni qo‘lga olgach, yana ishga qaytaman. Chunki mening oilam, farzandlarim, Vatanim va menga ishongan katta jamoam bor. Shu sababli ortga qaytish haqida o‘ylamayman.
Foto: Spot
Menimcha, tadbirkorlikni boshlashdan oldin inson o‘z g‘oyasiga qat’iy ishonishi kerak. Agar barcha hisob-kitoblar, bozor tahlili va iqtisodiy ko‘rsatkichlar ijobiy bo‘lsa-yu, shunga qaramay, insonning ichida “O‘xshamay qolsa-chi?” degan shubha bo‘lsa, bunday ishni boshlamagan ma’qul. Chunki tadbirkorning o‘ziga bo‘lgan ishonchi uning ortidan ergashayotgan jamoaga ham kuch beradi. Asoschida ishonch bo‘lsa, butun jamoa shu maqsad sari intiladi.
Yosh tadbirkorlarga maslahatim shuki, biznes boshlashdan qo‘rqmaslik kerak. Shunchaki kafolatlangan oylikdan voz kechib, tadbirkorlikka kirishishning o‘zi yetarli emas. Buning uchun aniq maqsad, puxta hisob-kitob va kuchli ishonch bo‘lishi zarur.
Shu bilan birga, bugungi tez o‘zgarayotgan zamonda tadbirkorlar faqat moddiy manfaatni ko‘zlamasligi kerak. Milliy qadriyatlarimiz, o‘zbekchiligimiz, insoniylik va sifatga bo‘lgan e’tiborni ham saqlab qolish muhim.
Biznesda faqat qancha daromad topayotganimiz emas, balki xalqimiz, millatimiz, yaqinlarimiz va jamoamiz uchun qanday foyda keltirayotganimiz ham muhim ahamiyatga ega. Tadbirkor o‘z faoliyatida moddiy manfaat bilan bir qatorda ma’naviy qadriyatlarni ham ustuvor qo‘yishi lozim.





















