Bo‘zsuv kanaliga zaharli moddalar aralashgan oqova suvlar oqizib kelingani aniqlandi

TOShKENT, 25 noya — Sputnik. Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi "Bo‘zsuv" oqova suv tozalash inshootida atrof-muhit va aholi salomatligiga jiddiy xavf soluvchi qonunbuzilishlar aniqlandi Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Aholining shikoyatlari asosida Ekopolitsiya xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda inshootning suv tozalash samaradorligi belgilangan 70 foiz o‘rniga 47,6–51,5 foizgacha tushib ketgani aniqlandi.
Bo‘zsuv kanaliga oqizilayotgan suvning laboratoriya tahlillari natijasida 13 turdagi ifloslantiruvchi moddadan 9 tasining miqdori belgilangan meyordan bir necha barobar yuqori ekani ma’lum bo‘ldi.
Buning asosiy sababi — to‘qimachilik, qog‘ozni qayta ishlash, parrandachilik va boshqa sanoat korxonalarining tarkibida kimoviy bo‘yoqlar va zaharli moddalar mavjud bo‘lgan oqova suvlarini dastlabki tozalashsiz qabul qilish.
Inshoot rahbariyati ushbu korxonalarni kanalizatsiya tarmog‘idan uzish va ekologiya organlarini xabardor qilish talablarini bajarmagan. Inshootni modernizatsiya qilish bo‘yicha 2024-yilda belgilangan talablar ham bajarilmagan.
Tekshiruv davomida boshqa jiddiy qonunbuzilishlar ham aniqlandi:
yillik oqova suv hajmi hisobotlarda 2023-yilga nisbatan 131,3 mln kub metrga (54 foizga) kamaytirib ko‘rsatilgan;
neft mahsulotlari, og‘ir metallar, xrom va boshqa zararli moddalar haqidagi ma’lumotlar yillar davomida yashirilgan;
yiliga hosil bo‘ladigan 23,5 ming tonna chiqindi, asosan xavfli cho‘kindi, ochiq yer maydonlariga noqonuniy to‘kib kelingan;
inshoot xodimlari Ekopolitsiya va irrigatsiya mutaxassislarining oqova suv hajmini o‘lchashiga to‘sqinlik qilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar Ekologiya bosh boshqarmasi laboratoriyasi tomonidan 2026-yil davomida birorta ham nazorat tahlili o‘tkazilmagan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha katta miqdorda kompensatsiya to‘lovi hisoblanib, moliyaviy sanksiya qo‘llanildi. Inshootga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 15 banddan iborat majburiy ko‘rsatma berildi.
Ko‘rsatmalar belgilangan muddatda bajarilmasa, inshoot faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritiladi.
O‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan ekologiya organlari xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. To‘plangan barcha hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil sentabr oyida ham Bo‘zsuv kanalining ifloslanishi oqibatida atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun 1,5 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi hisoblangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.




