Qarindoshni yo‘qlashdan davolanishgacha: O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlarning maqsadi o‘zgarmoqda

TOShKENT, 25 noya — Sputnik. O‘zbekistonga qo‘shni davlatlardan kelayotgan sayyohlarning tashrif maqsadlarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Toshkentda o‘tkazilayotgan birinchi xalqaro turizm investitsiya forumida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ta’kidlanishicha, ilgari qo‘shni davlatlardan kelgan sayyohlarning qariyb 80 foizi qarindoshlarini yo‘qlash maqsadida tashrif buyurgan bo‘lsa, so‘nggi so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 25,2 foizga tushgan.
Bugungi kunda ularning tashrif maqsadlari quyidagicha:
sayohat va dam olish — 26,5 foiz;
qarindoshlarini yo‘qlash — 25,2 foiz;
davolanish — 25,2 foiz;
xarid qilish, ziyorat, ta’lim va ishbilarmonlik turizmi — 23,1 foiz.
Shuningdek, joriy yilning o‘n oyida Xitoydan kelgan sayyohlar soni ikki baravar, Misrdan 1,9 baravar, Malayziyadan 1,7 baravar, Indoneziyadan 1,6 baravar oshgan. Yaponiya, AQSh, Rossiya va Yevropa davlatlaridan kelayotgan sayyohlar sonida ham barqaror o‘sish kuzatilmoqda.
Turizm xizmatlari eksportining o‘sish sur’ati sayyohlar oqimining o‘sish sur’atidan qariyb 2,6 baravar yuqori bo‘lmoqda.
"Bugun O‘zbekistonda nafaqat turistlar soni, balki turizm xizmatlariga bo‘lgan talabning tarkibi ham o‘zgarmoqda. Bu mehmonxona biznesi, tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi, savdo, gastronomiya va ko‘ngilochar industriyaga investitsiyalar kiritish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda", — dedi Aqqulov.
Investorlarga yangi loyihalar taklif etilmoqda
Hududlar va tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda turizm sohasida 380 dan ortiq istiqbolli investitsiya loyihasi shakllantirildi.
Forum doirasida 11 ta sessiya o‘tkazish, "Radisson", "Wyndham", "Mövenpick", "Minor Hotels" va "Accor" kabi xalqaro brendlar ishtirokida mehmonxona loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilgan.
2030 yilgacha turizm sohasiga jalb etiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini 3 mlrd dollardan oshirish, sohada band bo‘lganlar sonini 2 mln nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar, turizm qishloqlari va turistik ko‘chalar sonini ikki baravar ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
26 noyabr kuni "Ipak yo‘lida turizm" 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasining, 27-noyabr kuni esa BMT Turizm tashkiloti bilan hamkorlikda "2027 yil — Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili"ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.




