23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Toshkentdagi dzudo bo‘yicha yoshlar JCh: Rossiya birinchi, O‘zbekiston beshinchi

Sport 22.11.2026 10:46 0Sputniknews
Toshkentdagi dzudo bo‘yicha yoshlar JCh: Rossiya birinchi, O‘zbekiston beshinchi
TOShKENT, 22 noya — Sputnik. Toshkentda dzudo bo‘yicha 21 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining yakkalik bahslari yakunlandi. Rossiya terma jamoasi birinchi, O‘zbekiston esa beshinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda O‘zbekiston dzudo federatsiyasi xabar berdi.
Rossiyalik dzudochilar 4 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Turkiya (2 ta oltin, 1 ta kumush), uchinchi o‘rinni Fransiya (2 ta oltin, 1 ta bronza) egalladi.
Dzudo vatani Yaponiya 8 ta medal jamg‘arganiga qaramay, oltin medallar soni bo‘yicha to‘rtinchi bo‘ldi. O‘zbekiston esa bittadan oltin, kumush va bronza medali bilan kuchli beshlikdan joy oldi.
O‘zbekiston terma jamoasining sovrindorlari:
Muhammadjon Masharipov (60 kg gacha) — oltin;
Sa’dulla Ravshanov (81 kg gacha) — kumush;
Fazliddin Rafikov (100 kg dan yuqori) — bronza.
Xalqaro dzudo federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Masharipov finalda amerikalik Jonatan Yang bilan keskin bellashuv o‘tkazgan. Qo‘shimcha vaqtning 7 daqiqa 48 soniyasi o‘tgach, raqib uchinchi ogohlantirishni olgan va g‘alaba o‘zbekistonlik sportchiga nasib etgan.
Ravshanov esa finalda rossiyalik Yaroslav Bunakovga qarshi bahsda dastlab hisobda oldinga chiqqan, biroq raqibi ippon usuli bilan g‘alaba qozongan.
Rafikov bronza medali uchun bellashuvda turkiyalik Mahmutjon Madenni taxminan bir yarim daqiqada ippon bilan mag‘lub etgan.
19–21 noyabr kunlari o‘tkazilgan yakkalik bahslarida 78 mamlakatdan 574 nafar dzudochi qatnashdi. O‘zbekiston ushbu yosh toifasidagi jahon chempionatiga ilk bor mezbonlik qilmoqda.
22 noyabr kuni musobaqa aralash jamoaviy bellashuvlar bilan davom etadi. Unda 16 mamlakat terma jamoasi ishtirok etadi.

O‘xshash yangiliklar