YeOTB Toshkent — Samarqand va Toshkent — Andijon tezurar temir yo‘llari qurilishida qatnashmoqchi

TOShKENT, 26 noya — Sputnik. Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) O‘zbekistonda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish niyatida. Bu haqda bank boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Yirik infratuzilma loyihalari
Bank quyidagi istiqbolli loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda:
Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida yangi aeroportlar qurish;
Toshkent — Samarqand va Toshkent — Andijon tezurar temir yo‘l magistrallarini qurish;
gidroenergetikani rivojlantirish;
zamonaviy metallurgiya korxonasini tashkil etish.
Milliardlab dollar investitsiya talab etadigan ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun YeOTB boshqa xalqaro moliya tashkilotlari va taraqqiyot institutlari mablag‘larini ham jalb qilishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston kompaniyalari bilan imzolangan bitimlar
YeOTB O‘zbekiston kompaniyalari bilan qator loyihalar bo‘yicha hamkorlik bitimlarini imzoladi. Ular quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
Agrosanoat — parranda go‘shtini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha to‘liq siklli majmuani tashkil etishni moliyalashtirish;
Avtomobilsozlik — yengil avtomobillarni kichik uzelli yig‘ish usulida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda milliy DOST brendi ostida avtomobil yaratish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy-tadqiqot markazini qo‘llab-quvvatlash;
Logistika — O‘zbekistonda ombor majmuasini qurish;
Temir yo‘l transporti — islom moliyasi vositalaridan foydalangan holda neft mahsulotlarini tashish uchun vagon-sisternalar xarid qilish.
Gidroenergetika sohasida hamkorlik
YeOTB 2027-yilning birinchi yarmida "O‘zbekgidroenergo" bilan hamkorlikdagi loyihalarni moliyalashtirishni boshlashni rejalashtirmoqda.
Bank kichik gidroenergetika va gidroakkumulyatsiya elektr stansiyalarini rivojlantirish, shuningdek, mavjud GESlar uskunalarini yangilashga ko‘maklashish niyatida.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari:
Pskom GES bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirish;
Chorvoq GESni modernizatsiya qilish;
Yuqori To‘palang gidroelektr stansiyalari tizimidagi loyihalarni amalga oshirish;
"O‘zbekgidroenergo"ning eksport salohiyatini oshirish.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston kompaniyasining Qirg‘izistondagi Qambarota GES-1 qurilishida ishtirok etishi imkoniyatlarini muhokama qildilar.




