Gukesh Sindarov bilan bahs oldidan nima dedi? Javob shaxmat muxlislari diqqatini tortdi

«Men bu yerga biror narsani himoya qilish uchun kelganim yo‘q. Men unvonni qaytadan qo‘lga kiritish uchun shu yerdaman», — dedi Gukesh.
Sindarovni amaldagi jahon chempioniga qarshi og‘ir sinov kutmoqda
Gukeshning ushbu bayonoti uning Jenevadagi maqsadi qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Biroq amaldagi chempionning rejalarini amalga oshirishi uchun Javohir Sindarov to‘sig‘idan o‘tishi kerak bo‘ladi.
O‘zbekistonlik grossmeyster nomzodlar turniridagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali jahon chempionligi uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi. Endi u shaxmat olamining eng katta sovrini uchun amaldagi chempion bilan bellashadi.
Sindarov avvalroq imkoniyatlarni 50:50 deb baholagan edi. Uning fikricha, 14 partiyadan iborat uzoq va murakkab bahsda har qanday natija qayd etilishi mumkin.
Jahon chempionligi uchun bahs qachon boshlanadi?
Javohir Sindarov va Gukesh Dommaradju o‘rtasidagi jahon chempionligi uchun bahs 24 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi.
Kurash Shveysariyaning Jeneva shahri yaqinidagi Kolini hududida, Fondation Martin Bodmer muzeyida o‘tkaziladi. Shaxmatchilar klassik formatda 14 partiyada kuch sinashadi.
Asosiy partiyalardan keyin hisob teng bo‘lib qolsa, 12 dekabr kuni tay-brey o‘yinlari tashkil etiladi. Oxirgi klassik partiya esa 11 dekabr kuniga belgilangan.
Endi shaxmat muxlislarini bitta katta savol qiziqtirmoqda: Gukesh chempionlik tojini Hindistonga olib ketadimi yoki Javohir Sindarov O‘zbekiston shaxmati tarixida yangi sahifa ochadimi?



