Javohir Sindarov Gukesh bilan bahsda imkoniyatlarni 50:50 deb baholadi

Sindarov esa Gukeshning 2024 yildagi natijalarini fantastik deb atadi. O‘zbekistonlik shaxmatchi bu yil Tata Steel turnirida hindistonlik raqib bilan o‘ynaganida uning kuchini his qilganini, ayniqsa, Gukeshning oxirigacha kurashish qobiliyatini yuqori baholashini aytdi.
Sindarov va Gukeshning tayyorgarlik jamoalari
Javohir Sindarov nomzodlar turniridagi g‘alabadan keyin ko‘plab musobaqalarda ishtirok etib, tajribasini oshirishga harakat qildi. Gukesh va uning jamoasi esa bu yil turniri ishtirokini ataylab kamaytirib, chempionlik bahsiga tayyorgarlikka ko‘proq e’tibor qaratdi.
Sindarovning tayyorgarligida Roman Vidonyak, Muhiddin Madaminov va Nikita Vityugov ishtirok etgan. Shaxmatchi jamoasining boshqa a’zolarini bahs yakunlanganidan keyin ma’lum qilishini aytdi.
Gukesh esa Grigoriy Gayevskiy bilan ishlayotganini ma’lum qildi. Hindistonlik shaxmatchi ham tayyorgarlik jamoasining qolgan a’zolari haqida keyinroq ma’lumot berishini bildirdi.
Sindarov iqtidoriga doim ishongan, ammo jiddiy mehnatni kech boshlagan
Javohir Sindarov shaxmatdagi iqtidoriga doim ishonganini, biroq 2025 yilgacha bu sport turi bilan jiddiy shug‘ullanmaganini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, shaxmatga jiddiy yondashib, muntazam mehnat qilishni boshlaganidan keyin o‘yin darajasi ham sezilarli oshgan. So‘nggi ikki yil davomida juda ko‘p ishlagani bugungi natijalarga erishishida muhim omil bo‘lgan.
Sindarov yosh shaxmatchilarga ham o‘zlari yaxshi ko‘rgan ish bilan muntazam shug‘ullanish va mehnat qilishni maslahat berdi.
Gukesh esa bolalik davrida maktabga kam borganini esladi, biroq hayotidan minnatdor ekanini ta’kidladi. Unga berilgan muhim maslahatlardan biri «Kimligingni unutma» degan so‘zlar bo‘lganini aytdi.



