Namanganda do‘kondan 24 ta telefonni o‘g‘irlagan shaxs ushlandi

Namangan viloyatining Mingbuloq tumanidagi savdo do‘konidan qiymati 10 135 dollarga teng bo‘lgan 24 ta telefon o‘g‘irlandi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 15 noyabr kuni 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro Mingbuloq tumani IIBning 102 qisqa raqamiga murojaat qilgan. Uning bildirishicha, tuman markazida o‘zi faoliyat yuritadigan «Samsung» nomli savdo do‘koniga noma’lum shaxs yashirincha kirib, turli rusumdagi 24 ta telefonni olib ketgan.
Murojaatdan so‘ng tergov-tezkor guruhi voqea joyiga yetib borib, do‘kondagi kuzatuv kameralari yozuvlari va boshqa ashyoviy dalillarni rasmiylashtirgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Mingbuloq tumanida yashovchi Yu.M. sodir etgani aniqlangan. Tergov davomida uning xonadonidan o‘g‘irlangan 24 ta telefon ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan Yu.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «b» va «g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.



