Sobiq xAI xodimlari kelajakni bashorat qilishga yordam beruvchi AI startapini ishga tushirdi

Ilon Maskning xAI kompaniyasida ishlagan uch nafar sobiq hammuassis kelajakdagi voqealarni bashorat qilishga yordam beradigan sun’iy intellekt texnologiyasini rivojlantirish uchun Epochal startapiga asos soldi. Kompaniyaning ilk mahsuloti AI agentlariga internetning o‘tmishdagi arxiv ma’lumotlaridan foydalanib, prognozlar tuzish imkonini beradi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Epochal tomonidan ishlab chiqilgan Time Portal deb nomlangan tizim sun’iy intellektga internetning muayyan sanada qanday ko‘rinishda bo‘lganini qayta tiklash imkonini beradi. Boshqacha aytganda, AI agentlari o‘tmishdagi biror kunni tanlab, aynan o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan veb-saytlar va ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin. Bunda keyinroq sodir bo‘lgan voqealar haqidagi ma’lumotlar ulardan yashiriladi.
Kompaniya bu texnologiyani «vaqt portali» deb atagan. Uning asosiy maqsadi sun’iy intellektni o‘tmishdagi voqealarni tahlil qilish va o‘sha paytda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida keyingi natijalarni bashorat qilishga o‘rgatishdan iborat. Masalan, AI agentiga muayyan sanadagi iqtisodiy yoki siyosiy vaziyat haqidagi ma’lumotlar berilib, undan keyin nima sodir bo‘lishini prognoz qilish so‘ralishi mumkin.



