Gollivud aktyorlari Anjelina Joli va Bred Pitt Fransiyadagi vino ishlab chiqaruvchi korxonaga egalik qilish bo‘yicha uzoq yillik nizoni suddan tashqari kelishuv orqali yakunladi.
Aktyorlar chorshanba kuni e’lon qilgan qo‘shma bayonotida oilalari manfaatlarini hisobga olgan holda kelishuvga erishganini va bu masala yuzasidan boshqa izoh bermasligini ma’lum qilgan.
51 yoshli Joli va 62 yoshli Pitt o‘rtasidagi sud nizolari 2016-yilda aktrisa ajrashish uchun ariza berganidan so‘ng boshlangan. Ularning ajrashish jarayoni 2024-yil oxirida yakunlangan.
2022-yilda Pitt Fransiyadagi birgalikda egalik qilgan Château Miraval vino zavodi bo‘yicha Jolini sudga bergan. Aktrisa korxonadagi o‘z ulushini Pittga emas, Tenute del Mondo kompaniyasiga sotgan. Pitt mazkur bitim uning roziligisiz amalga oshirilganini da’vo qilgan.
Sud jarayonida Joli Pittni o‘ziga va farzandlariga nisbatan zo‘ravonlik qilganlikda ayblagan. Ayblovlar 2016-yilda xususiy samolyot bortida yuz bergan hodisa bilan bog‘liq edi.
AQSH Federal qidiruv byurosi va bolalarni himoya qilish xizmatlari hodisani o‘rgangan, biroq Pittga nisbatan jinoiy ayblov qo‘yilmagan. Aktyor zo‘ravonlik haqidagi ayblovlarni rad etgan.
Joli va Pitt 2004-yilda “Janob va xonim Smit” filmi suratga olinganidan so‘ng uchrasha boshlagan. Ularning olti nafar farzandi bor va hozirda barchasi voyaga yetgan.
Aktrisa Yodgora Ziyomuhamedova 74 yoshida vafot etdi



