Moskvada mehnat muhojirlari uchun patent narxi 1-yanvardan oshadi | Daryo

Moskvada 2027-yil 1-yanvardan xorijlik ishchilar uchun patent narxi ish beruvchining maqomiga qarab 11 ming yoki 15,6 ming rublni tashkil etadi. Moskva shahar dumasi deputatlari soliq qonunchiligiga tegishli o‘zgartirishlarni tasdiqladi, deb yozmoqda “TASS”.
Hozirda Rossiya poytaxtida ishlayotgan mehnat migrantlari patent uchun oyiga 10 ming rubl (121 dollar) to‘laydi. Xorijliklar patentning amal qilish muddatini uzaytirish uchun har oy ushbu to‘lovni amalga oshirishi kerak.
Yangi yildan patent narxi quyidagicha bo‘ladi:
Tashkilotlarda, yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi Rossiya fuqarolari qo‘lida ishlaydigan muhojirlar uchun — oyiga 11 ming rubl (133 dollar);
Jismoniy shaxslarning shaxsiy va maishiy ehtiyojlari uchun ishlaydigan migrantlar, masalan, enagalar va uy xizmatchilari uchun — oyiga 15,6 ming rubl (189 dollar).
Bundan tashqari, mehnat migrantlari o‘zini va oilasini boqishi uchun oyiga kamida qancha daromad topishi kerakligi ham belgilandi. Ikki kishigacha bo‘lgan oilalar uchun bu ko‘rsatkich oyiga 60 ming rubl (729 dollar), uch va undan ortiq kishidan iborat oilalar uchun esa 80 ming rublni (972 dollar) tashkil etadi.
Moskva shahar dumasining ma’lum qilishicha, deputatlar tasdiqlagan o‘zgartirishlar poytaxtning beshta qonuniga taalluqli bo‘lib, federal qonunchilikning yangi talablarini ham hisobga olgan.
Mehnat patenti Rossiyaga vizasiz kirish huquqiga ega mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining qonuniy ishlashi uchun zarur. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar, xususan, Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolaridan esa patent talab etilmaydi.
Patent faqat unda ko‘rsatilgan hudud va faoliyat turlari doirasida amal qiladi. Uning narxini Rossiyaning har bir hududi mustaqil belgilaydi.



