25.11.2026, Chorshanba+14.8°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+14.8°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

Omadli xiyonat: 11 kun ichida iste’fo, qaytish va milliardlar

Jahon 25.11.2026 16:53 0Anhor
Omadli xiyonat: 11 kun ichida iste’fo, qaytish va milliardlar

Joriy yilning 8-noyabr kuni 63 yoshli Nvidia kompaniyasi rahbari Jensen Xuangning Singapurdagi Megaspeed kompaniyasining sobiq rahbari Elis Xuang bilan yaqin ishqiy munosabatlari borligi oshkor qilindi. Kamiga, AQSh razvedka idoralari va maxsus xizmatlari Elis Xuangni Xitoy razvedkasi agenti deb hisoblashini hamda u ushbu aloqalar orqali Xitoyga eksport qilinishi taqiqlangan ilg‘or Nvidia mikrochiplarini yetkazib berishga uringanini ma’lum qildi. Mojaro kuchayishi va kompaniya aksiyalari keskin qulashi ortidan Nvidia direktorlar kengashi Jensen Xuangning prezident va bosh direktor lavozimlaridan zudlik bilan iste’foga chiqishini tasdiqladi. Ammo qisqa ta’tildan so‘ng uning qaytishi kutilmagan natija olib keldi. Xo‘sh, voqea tafsilotlari qanday edi?

Jensen Xuang atrofidagi mojaro qanday boshlandi?

2026-yil oktabr oyi oxirida Amerikaning The New York Times nashri Nvidia kompaniyasi rahbari Jensen Xuang va Xitoy razvedkasi bilan aloqadorlikda gumon qilinayotgan ayol o‘rtasidagi munosabatlar haqida surishtiruv e’lon qildi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 63 yoshli Xuang Singapurdagi Megaspeed kompaniyasining sobiq rahbari Elis Xuang bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Mazkur kompaniya Nvidia’dan mikrochiplar xarid qilishi bilan ham e’tiborni tortgan.

Surishtiruvda AQSh razvedka idoralari Elis Xuangni Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi bilan aloqador deb hisoblayotgani aytilgan. Amerika maxsus xizmatlarining taxminicha, u Xitoyga eksport qilinishi taqiqlangan ilg‘or Nvidia chiplarini yetkazib berishga uringan bo‘lishi mumkin. Shu tariqa, Jensen Xuangning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlar kompaniya faoliyati va AQSh milliy xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy savollarni yuzaga chiqardi.

The New York Timesning yozishicha, AQSh razvedka idoralari Donald Tramp ma’muriyatini bu gumonlar haqida bundan bir yil avval ham xabardor qilgan. Biroq Oq uy Xitoy bilan allaqachon keskinlashgan munosabatlarni yanada yomonlashtirmaslik uchun o‘sha paytda bu masalada ochiq harakat qilmagan. Hatto 2026-yil may oyida Tramp Xitoyga tashrifi oldidan Jensen Xuangni AQSh delegatsiyasi tarkibiga ham kiritgan.

OAVda surishtiruv tafsilotlari e’lon qilingach, mojaro tezda keng tus oldi. AQSh Kongressidagi respublikachilar Nvidia rahbaridan kompaniyaning xavfsizlik siyosati va Xitoy bilan bog‘liq ehtimoliy aloqalar yuzasidan tushuntirish berishni talab qilishdi. Shu bilan birga, kompaniya direktorlar kengashi ham vaziyatni o‘rganishga kirishdi.

Jensen Xuang esa xodimlariga yo‘llagan maktubida rafiqasi va hamkasblaridan uzr so‘radi. U shaxsiy hayotidagi xatti-harakatlari oilasi va atrofidagilarga og‘ir ta’sir qilganini tan oldi. Biroq Xuangning Elis Xuang bilan munosabatlari va uning Xitoy razvedkasi bilan ehtimoliy aloqalari haqidagi xabarlar bir-biridan farqli masalalar edi: birinchisi Xuangning shaxsiy hayotiga, ikkinchisi esa milliy xavfsizlikka oid gumonlarga taalluqli edi.

Shunday qilib, dastlab shaxsiy munosabatlar haqidagi surishtiruv sifatida boshlangan voqea qisqa vaqt ichida dunyodagi eng yirik texnologiya kompaniyalaridan biri — Nvidia va uning rahbari atrofidagi jiddiy mojaroga aylandi.

11 kunlik iste’fo...

2026-yil 12-noyabr kuni Nvidia kompaniyasi 33 yildan beri uning boshqaruvida bo‘lgan Jensen Xuangning prezident, bosh direktor (CEO) va direktorlar kengashi a’zosi lavozimlaridan zudlik bilan iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Bu qaror uning shaxsiy hayotidagi mojaro va kompaniya faoliyatiga, xususan, milliy xavfsizlik bilan bog‘liq ehtimoliy xatarlarga doir savollar kuchaygan bir paytda qabul qilindi.

Xuangning ketishidan keyin kompaniya moliyaviy direktori Kolett Kress vaqtinchalik bosh direktor etib tayinlandi. Xarvi Jons esa direktorlar kengashi raisi vazifasini bajarishga kirishdi. Kengash kompaniyaga yangi rahbar izlashni boshlagan bir vaqtda, Xuangning iste’fosi Nvidia aksiyalari va investorlar kayfiyatiga ham ta’sir ko‘rsata boshladi.

12–20-noyabr kunlari kompaniya atrofidagi noaniqlik kuchayib, Nvidia aksiyalari qariyb 28 foizga arzonlashgani, uning bozor qiymati esa 3,04 trillion dollargacha tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Shu davrda kompaniya xodimlari va texnologiya sohasi vakillari orasida Xuangni rahbarlikka qaytarish kerakligi haqidagi chaqiriqlar ham kuchaydi. Ular orasida Ilon Mask kabi taniqli texnologiya yetakchilari ham bor edi.

17-noyabr kuni Xuang vaziyat yuzasidan bayonot berib, jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini tan oldi va kompaniyaga qaytish istagini bildirdi. Biroq bu urinish dastlab natija bermadi: direktorlar kengashi hamda vaqtinchalik bosh direktor Kolett Kress uni lavozimga qaytarish rejalashtirilmayotganini ma’lum qildi.

Vaziyatga AQSh prezidenti Donald Tramp ham aralashdi. U Xuangni Amerika uchun «milliy boylik» deb atab, uning kompaniya rahbarligiga qaytishini qo‘llab-quvvatladi. OAV xabarlariga ko‘ra, Oq uy va AQSh hukumati vakillari direktorlar kengashi bilan maslahatlashuvlar o‘tkazgan. Shuningdek, Xuangning qaytishi milliy xavfsizlikka tahdid tug‘dirmasligi yuzasidan tegishli kafolatlar berilgani aytildi.

Nihoyat, 23-noyabr kuni Nvidia direktorlar kengashi kutilmagan qaror qabul qildi: Xuang bir ovozdan kompaniya prezidenti, bosh direktori va direktorlar kengashi a’zosi lavozimlariga qaytarildi. Yahoo Finance xabariga ko‘ra, bu qaror tayyorlanayotgan paytda vaqtinchalik bosh direktor Kolett Kress ham jarayon haqida oldindan xabardor qilinmagan.

Xuangning qaytishi bilan birga kompaniyada yangi nazorat mexanizmlarini joriy etish masalasi ham ko‘tarildi. Direktorlar kengashi tashqi razvedka xavflari va eksport nazorati bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish uchun mustaqil direktorlardan iborat maxsus qo‘mita tuzishga qaror qildi. Bundan tashqari, kompaniyada Bosh komplayens direktori (Chief Compliance Officer) lavozimi joriy etilishi belgilandi. Bu lavozim korporativ qoidalarga rioya etilishi va qonunchilik talablarining bajarilishini nazorat qilishga qaratilgan.

Shu bilan birga, Xuangning lavozimga qaytishi unga nisbatan savollar tugaganini anglatmaydi. U kompaniya ofisiga qaytib, xodimlardan uzr so‘ragan bo‘lsa-da, AQSh Kongressida Xitoyga ilg‘or mikrochiplar eksporti va bu boradagi nazorat masalalari yuzasidan tushuntirish berishi kutilmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 1-dekabr kuni u AQSh Vakillar palatasining tegishli qo‘mitasi oldida yopiq eshiklar ortida, 3-dekabr kuni esa Senatning Bank qo‘mitasida ochiq eshituvlarda qatnashishi belgilangan.

Xuangning qaytishi Nvidia qiymatini qariyb 1 trillion dollarga oshirdi

Jensen Xuangning 2026-yil 23-noyabr kuni Nvidia rahbarligiga qaytarilishi nafaqat kompaniya ichidagi vaziyatga, balki fond bozoriga ham keskin ta’sir ko‘rsatdi. Uning qaytishi haqidagi xabarlar ortidan Nvidia aksiyalari keskin qimmatlashdi. Natijada kompaniyaning bozor qiymati bir kunda qariyb 952 milliard dollarga oshdi, Xuangning shaxsiy boyligi esa 33,7 milliard dollarga ko‘paydi.

Forbes va Moneycontrol ma’lumotlariga ko‘ra, Jensen Xuang Nvidia aksiyalarining 3,5 foizdan ortig‘iga egalik qiladi. 23-noyabr kuni kompaniya aksiyalari narxi 125,93 dollardan 165,05 dollargacha ko‘tarildi. Bu o‘sish uning sof boyligini bir kunda 33,7 milliard dollarga oshirib, jami 143,8 milliard dollarga yetkazdi.

Nvidia bozor qiymatining bir kun ichida qariyb 950 milliard dollarga o‘sishi ham tarixiy natija bo‘ldi. BBC va Yahoo Finance xabarlariga ko‘ra, kompaniyaning umumiy qiymati 3,98 trillion dollarga yetgan. Bu jahon fond bozori tarixidagi bir kunlik eng yirik o‘sishlardan biri sifatida qayd etildi.

Biroq aksiyalarning keskin qimmatlashishi uzoq davom etmadi. 24–25-noyabr kunlari ayrim investorlar aksiyalarni sotib, foydasini qayd etishi ortidan Nvidia qimmatli qog‘ozlari narxida pasayish kuzatildi. Yahoo Finance ma’lumotlariga ko‘ra, bu korreksiya taxminan 7 foizni tashkil etdi.

23-noyabr kuni Santa-Klaradagi Nvidia bosh ofisiga qaytgan Jensen Xuangni xodimlar qarsaklar va hayqiriqlar bilan kutib oldi. The Wall Street Journal va TheElec nashrlarining yozishicha, uni minglab xodimlar olqishlagan. Xuang bu safar odatdagi qora charm kurtkasi o‘rniga oddiy kurtka va krossovkada kelgan. U hatto IT bo‘limidan yangi kompyuter so‘rashi kerakligini aytib, vaziyatga hazil bilan munosabat bildirgan.

24-noyabr kuni esa kompaniyada xodimlar ishtirokida umumiy yig‘ilish — All-Hands o‘tkazildi. The Information xabariga ko‘ra, unda Xuang kompaniyaning xulq-atvor kodeksini buzganini tan olib, xodimlardan uzr so‘ragan. Shuningdek, u har kuni psixologik terapiya olayotganini ma’lum qilgan va bundan buyon xodimlar bilan har oy ochiq muloqot uchrashuvlarini o‘tkazishga va’da bergan.

Xuangning qaytishi kompaniya rahbariyatidagi vaqtinchalik o‘zgarishlarga ham yakun yasadi. Iste’fodan keyin vaqtinchalik bosh direktor vazifasini bajargan Kolett Kress yana o‘zining asosiy — bosh moliyaviy direktor (CFO) lavozimiga qaytdi. Direktorlar kengashi esa kompaniyada Bosh komplayens direktori (Chief Compliance Officer) lavozimini joriy etish va nazorat mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha qarorini amalga oshirishga kirishdi.

Jensen Xuangning bosh direktorlikka qaytarilishi uning atrofidagi barcha savollar yopilganini anglatmaydi. Kompaniya direktorlar kengashi tuzgan mustaqil qo‘mita ichki surishtiruvni davom ettirmoqda. Shuningdek, AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) hamda Kaliforniya shtati tomonidan olib borilayotgan tekshiruvlar ham yakunlangani haqida ma’lumot yo‘q.

Bundan tashqari, Xuangning AQSh Kongressi oldida ham tushuntirish berishi kutilmoqda. Yahoo Finance ma’lumotiga ko‘ra, u 1-dekabr kuni AQSh Vakillar palatasining uchta qo‘mitasi oldida yopiq eshiklar ortida, 3-dekabr kuni esa Senatning Bank qo‘mitasida ochiq majlisda qatnashishi belgilangan. Eshituvlarda Xitoyga ilg‘or mikrochiplar eksporti, uning nazorati va milliy xavfsizlik masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Shunday qilib, Jensen Xuangning iste’fosi va 11 kundan keyin lavozimiga qaytishi Nvidia tarixidagi eng shov-shuvli korporativ voqealardan biriga aylandi. Uning qaytishi kompaniya aksiyalari qiymatini keskin oshirib, milliarderning shaxsiy boyligiga ham milliardlab dollar qo‘shdi. Biroq bu moliyaviy sakrash ortida turgan korporativ boshqaruv, shaxsiy munosabatlar va milliy xavfsizlik bilan bog‘liq savollarga hali to‘liq javob berilgani yo‘q.

Ilk proyeksion “zebra” sinovdan o‘tkazilmoqda: u qanchalik xavfsiz?Ilk proyeksion “zebra” sinovdan o‘tkazilmoqda: u qanchalik xavfsiz?

O‘xshash yangiliklar