25.11.2026, Chorshanba+13.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+13.6°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

AQSHda Huawei kompaniyasi sir o‘g‘irlash va firibgarlikda aybdor deb topildi | Daryo

Jahon 25.11.2026 17:35 0Daryo
AQSHda Huawei kompaniyasi sir o‘g‘irlash va firibgarlikda aybdor deb topildi | Daryo

AQSHda sud hay’ati Xitoyning Huawei texnologik kompaniyasiga nisbatan ayblov hukmini chiqardi: kompaniya 12 ta jinoiy ayblov bandidan o‘ntasi bo‘yicha aybdor deb topildi. Ular orasida bank firibgarligi, pul yuvish, AQSH sanksiyalarini buzish hamda Amerika kompaniyalarining tijorat sirlarini o‘g‘irlash maqsadida til biriktirish kabi moddalar bor.

Sud jarayoni ikki oydan ortiq davom etdi. Ayblov tomonining fikricha, Huawei ko‘p yillar davomida raqobatchilari — jumladan, Cisco, Motorola va T-Mobile kompaniyalari texnologiyalarini qo‘lga kiritib kelgan. Bundan tashqari, kompaniya Eron va AQSH sanksiyalari ostidagi boshqa mamlakatlarda olib borgan faoliyatini banklar hamda Amerika rasmiylaridan yashirgan.

Shu bilan birga, hakamlar hay’ati Huawei’ni ikkita band bo‘yicha oqladi — xususan, ish bo‘yicha eng og‘ir ayblovlardan biri bo‘lgan jinoiy til biriktirish (uyushgan jinoiy guruh tuzish) ayblovi o‘z isbotini topmadi.

Kompaniyaga nisbatan yakuniy hukm 2027-yil sentyabr oyida e’lon qilinadi. Unga ko‘p milliard dollarlik jarimalar va boshqa sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin. Mazkur ish 2018-yilda Kanadada Huawei moliyaviy direktori Men Vanchjouning hibsga olinishi bilan boshlangan va bu Xitoy hamda AQSH o‘rtasida jiddiy diplomatik mojaroga sabab bo‘lgan edi.

Huawei esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni asossiz deb hisoblashini va hukm ustidan shikoyat kiritishini ma’lum qildi.

O‘xshash yangiliklar