Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning ta'kidlashicha, mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonunni bekor qilishning imkoni yo‘q. Bu haqda "Armenpress" xabar bermoqda.
Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qonun Vazirlar Mahkamasi yoki alohida siyosiy kuchlarning qarori bilan emas, balki fuqarolar tashabbusi asosida qabul qilingan.
Pashinyan ikkinchi dalil sifatida parlament saylovlarini keltirgan. Uning ta’kidlashicha, saylovlarda Yevropa integratsiyasi masalasi muhokama qilingan va fuqarolarning aksariyati qonunni qo‘llab-quvvatlagan.
Bosh vazir Rossiya bilan munosabatlar haqida ham fikr bildirgan. U Yerevan Moskvaga zarar yetkazishga intilmayotganini, tomonlar bahsli masalalar bo‘yicha yechim topishi mumkinligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlik asta-sekin pasaymoqda.
Pashinyan Armaniston o‘z iqtisodiyotini diversifikatsiya qilayotganini, shu bilan birga, yuzaga kelayotgan masalalarni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida ham hal etish niyatida ekanini bildirgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Nikol Pashinyan savdo aloqalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, farmatsevtika va turizm sohalaridagi qo‘shma loyihalarni muhokama qilgani haqida yozgan edik.




