28.11.2026, Shanba+10.9°CToshkentUSD12 002.10EUR13 166.30RUB146.02
+10.9°CToshkent$12 002.10 28.11.2026

Yevropa Starlink raqobatchisini yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi

Jahon 28.11.2026 03:46 1Anhor
Yevropa Starlink raqobatchisini yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi

Fransiyaning Univity kosmik startapi smartfonlarni qo‘shimcha antenna va terminallarsiz bevosita sun’iy yo‘ldoshlarga ulash texnologiyasini ishlab chiqish uchun Yevropadan 12,5 mln yevrogacha moliyaviy yordam olishi mumkin. Ikkita sinov sun’iy yo‘ldoshini uchirish 2028-yilning birinchi yarmiga rejalashtirilgan.

Fransiyaning Univity kompaniyasi Yevropa innovatsiyalar kengashining EIC Accelerator dasturida ishtirok etish uchun tanlab olingan 35 ta innovatsion korxona qatoridan joy olgan. Bu haqda kompaniya o‘z press-relizida ma’lum qildi.

Moliyalashtirish doirasida sun’iy yo‘ldoshlar va mobil qurilmalar o‘rtasida bevosita aloqani ta’minlovchi Direct-to-Device (D2D) texnologiyasini ishlab chiqish uchun 2,5 mln yevro grant ajratish, shuningdek, kompaniya kapitaliga 10 mln yevrogacha investitsiya kiritish nazarda tutilgan.

Yevropa innovatsiyalar kengashi jami 453 ta arizani ko‘rib chiqib, ulardan 35 tasini tanlab oldi. Ushbu kompaniyalar uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan grant mablag‘larining umumiy hajmi 84 mln yevroni tashkil etadi.

Sun’iy yo‘ldosh aloqasi qanday ishlaydi?

Univity amaldagi mobil aloqa operatorlari o‘zlarining 5G chastotalaridan foydalangan holda tarmoqlariga integratsiya qilishi mumkin bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh infratuzilmasini yaratmoqchi.

Bu operatorlarga abonentlar bazasi, tariflar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar ustidan nazoratni saqlab qolgan holda sun’iy yo‘ldoshlar yordamida aloqa qamrovini kengaytirish imkonini beradi.

Sun’iy yo‘ldoshlarni Yer atrofidagi o‘ta past orbitaga (VLEO) joylashtirish rejalashtirilgan. Yer yuzasigacha bo‘lgan masofaning qisqarishi ma’lumotlar uzatilishidagi kechikishni kamaytirish va smartfonlarning bevosita ulanishini osonlashtirish imkonini beradi.

Texnologiya, birinchi navbatda, yer usti mobil aloqa tarmoqlari qamrovi mavjud bo‘lmagan hududlarni aloqa bilan ta’minlashga mo‘ljallangan.

2026-yil sentabrida Univity yer usti terminali va sun’iy yo‘ldosh o‘rtasida ikki tomonlama 5G aloqasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini e’lon qildi. Bunda signal bevosita sun’iy yo‘ldoshning o‘zida qayta ishlangan. Sinovlar Fransiya Milliy kosmik tadqiqotlar markazi (CNES) ko‘magida uniSpark loyihasi doirasida o‘tkazilgan.

Navbatdagi bosqich uniShape loyihasi bo‘ladi. Kompaniya 2028-yilning birinchi yarmida ikki chastota diapazonida ishlaydigan antennalar bilan jihozlangan ikkita sinov sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqishni rejalashtirmoqda:

  • 26 GGs — yuqori tezlikdagi keng polosali internet uchun;

  • 2 GGs — mos keluvchi smartfonlarni bevosita ulash uchun.

Antennalarni ishlab chiqish bilan Shveysariyaning SWISSto12 kompaniyasi shug‘ullanmoqda. Kompaniya 9-noyabr kuni antennalar konstruksiyasini tekshirishning asosiy bosqichlaridan biri muvaffaqiyatli yakunlanganini ma’lum qildi.

Sinovlardan so‘ng Univity uniSky tijoriy sun’iy yo‘ldosh infratuzilmasini yaratishga kirishishni rejalashtirmoqda.

Yevropa texnologik qaramlikni kamaytirishga intilmoqda

Univity kompaniyasi 2022-yilda tashkil etilgan. 2026-yil aprelida kompaniya A seriyali investitsiya raundi doirasida 27 mln yevro jalb qilgan. Investorlar orasida Blast, Expansion hamda Fransiyaning Bpifrance investitsiya banki tomonidan boshqariladigan Deeptech 2030 davlat jamg‘armasi bor.

Bundan tashqari, Fransiya hukumati France 2030 dasturi doirasida tajriba sun’iy yo‘ldosh tizimini ishlab chiqish uchun 31 mln yevro ajratishni nazarda tutgan.

Univity Amerika kompaniyalari allaqachon sezilarli mavqega ega bo‘lgan bozorga kirib kelmoqda. SpaceX smartfonlarni bevosita sun’iy yo‘ldoshlarga ulash imkonini beruvchi Starlink Mobile xizmatini rivojlantirmoqda hamda T-Mobile, Rogers, Optus va boshqa telekommunikatsiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda.

AQSHning yana bir texnologik kompaniyasi AST SpaceMobile Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan birgalikda Yevropaning SatCo sun’iy yo‘ldosh mobil aloqa tizimini rivojlantirmoqda. Yevropaning 21 ta mamlakatidagi operatorlar ushbu tizimdan foydalanishga qiziqish bildirgan.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi himoyalangan sun’iy yo‘ldosh aloqasini ta’minlashga qaratilgan IRIS² loyihasini amalga oshirmoqda. 2026-yil avgustida Yevropa komissiyasi asosiy orbital guruhdagi sun’iy yo‘ldoshlar soni 348 tagacha oshirilishini e’lon qildi. Dastlabki sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish 2029-yilga rejalashtirilgan.

Loyiha himoyalangan aloqani ta’minlash, internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va Yevropaning xorijiy sun’iy yo‘ldosh infratuzilmasiga qaramligini kamaytirishga qaratilgan.

O‘xshash yangiliklar