Prezident Shavkat Mirziyoyev nabirasi Shavkatbekka maktub yo‘lladi.
Davlat rahbari ushbu maktubni Iordaniyaga safari chog‘ida yozgan.
"Assalomu alaykum, ko‘zimning oqu qorasi, umrimning davomchisi bo‘lgan nabiram!
Mana shu daqiqalarda biz Iordaniya davlatiga, buyuk payg‘ambarlar yurtiga, xususan, Muhammad sallollohu alayhi vasallam avlodlari bo‘lgan Hoshimiylar Qirolligiga tashrif bilan ketmoqdamiz.
Ushbu muqaddas safar davomida, qalbimni Vatanimizga mehr, sog‘inch tuyg‘ulari qamrab olgan damlarda sen, aziz bolamga eng ezgu va samimiy tilaklarimni yo‘llashga qaror qildim.
Albatta, bunday olis safarlar har qanday odamni ham toliqtiradi. Ammo meni hamisha yo‘limga ko‘zi to‘rt bo‘lib kutadigan yaqinlarimni, duolar bilan qo‘llab-quvvatlab kelayotgan xalqimni yodga olsam, barcha charchoqlarim bir zumda bulutdek tarqab ketadi.
Ertalab xayrlashish paytida bolalarcha soddalik bilan: “Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?” deb so‘rading. Shoshib turganim uchun bu savolingga tuzukroq javob berolmadim. Biroq shu gaping fikru xayolimni band qilib turibdi.
Bolajonim, seni qanchalik yaxshi ko‘rishimni bilasan. Lekin taqdir zimmamga shunday vazifa yuklaganki, men nafaqat sening, balki senga o‘xshagan millionlab O‘zbekiston farzandlarining kelajagi haqida ham o‘ylashim, qayg‘urishim kerak.
Men qaysi lavozimda faoliyat yuritmay – deputatmi, hokimmi, bosh vazirmi yoki davlat rahbarimi, hamisha xalq og‘irini yengil qilish, mushkulini oson etishni asosiy maqsad, o‘z hayotimning ma’no-mazmuni, deb bilganman.
Umrimni elu yurt xizmatiga baxsh etishdan bir lahza bo‘lsin afsuslanmadim. Hayotda chiqargan eng katta xulosalarimdan biri shuki, bu dunyoda millatning dardiga darmon bo‘lishdan ko‘ra a’lo va afzal ish yo‘q.
Tez-tez o‘zga yurtlarga yo‘l olishim ham – sizlarning, ko‘pmillatli xalqimizning tinch, to‘kis va to‘kin yashashini istaganim tufaylidir. Sizlar maktabda yaxshi o‘qib, aqlli, bilimdon bo‘lib voyaga yetishingiz uchun ham dunyo kezishimga, yangi-yangi hamkorlar topishimga to‘g‘ri keladi.
Biroz ulg‘aysang, bu gapimning, umuman, quyida bayon etadigan mulohazalarimning ma’nosini o‘zing anglaysan.
Qadrli nuridiydam!
Bizning bolaligimiz juda mashaqqatli kechgan, suyagimiz qotmasdan kattalar bilan baravar mehnat qilishga majbur bo‘lganmiz.
Sening yoshingda yozning jaziramasida g‘o‘za chopib, izg‘irin sovuqda paxta terganman. Maktabda o‘n yil o‘qigan bo‘lsam, shuning deyarli yarmi dalada o‘tgan. Qiyinchiliklar bizni erta ulg‘aytirgan.
Bunday azoblarni sizlarga, xalqimning barcha farzandlariga aslo-aslo ravo ko‘rmayman. Shuning uchun Prezident bo‘lganimdan so‘ng birinchi galda bolalarni paxta dalalaridan maktabga qaytardim.
O‘g‘il-qizlarimiz munosib unib-o‘sishi uchun buning o‘zi yetarli emas, albatta. Hozir qishlog‘u shaharlarda zamonaviy bog‘cha va maktablar quryapmiz. Sizlar uchun yaxshi darsliklar yaratish, bilimdon o‘qituvchilar tayyorlashga intilyapmiz.
Xullas, sizlar baxtli, to‘kis va farovon yashashingiz uchun nimaiki lozim bo‘lsa, hammasini qilamiz.
Ayni paytda, yetuk inson bo‘lib ulg‘ayish, avvalo, o‘zingizga, iroda va sabot-matonatingizga bog‘liq. Buning uchun barcha fanlarni qunt bilan o‘zlashtirib, qobiliyatingizni to‘liq yuzaga chiqarishga intilishingiz kerak.
Unutma, sizlar o‘z aql-zakovati bilan dunyoni o‘zgartirgan, insoniyatga ustozlik qilgan ne-ne buyuk zotlarning avlodisiz.
Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy, allomalar sardori Abu Rayhon Beruniy, tibbiyot ilmida inqilob yasagan Abu Ali ibn Sino, osmon toqiga narvon qo‘ygan Mirzo Ulug‘bek, ona tilimizda beqiyos durdona asarlar yaratgan Alisher Navoiy, jaholat zulmatini ma’rifat nuri bilan yoritgan Mahmudxo‘ja Behbudiy..., eh-he, ulug‘ bobolarimizning qay birini sanay! Ular shu qadar ko‘pki, nomlarining o‘ziyoq jild-jild kitoblarga jo bo‘ladi.
Muxtasar aytsam, Vatanimizning har bir qarich yerida buyuk olimu fozillar, aziz-avliyolar, mard va jasur sarkardalarning muborak xoki yotibdi. Ularning mamlakatimiz tarixidagi o‘rni, olamshumul xizmatlari haqida senga mavridi kelganda, albatta, so‘zlab beraman.
Yurtimizdagi millionlab o‘g‘il-qizlarimizning qalbida ham daholar, ularning o‘lmas ruhi yashayotganiga imonim komil. Faqatgina bu farzandlarimizning iqtidorini vaqtida uyg‘otib, parvarishlay olsak bas.
“Asling – nasling”, deyishadi. Astoydil harakat qilsangiz, sizlar ham donishmand bobolarga munosib voris bo‘lib yetishasiz. Atrofingga nazar solsang, bunga istagancha dalil topishing mumkin.
Mana, qancha o‘g‘il-qizlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lib kelyapti.
Qancha yoshlarimiz xorijdagi eng nufuzli universitetlarda tahsil olyapti.
Yana qancha navqiron farzandlarimiz fanning turli yo‘nalishlarida kashfiyot va ixtirolar qilmoqda.
Shaxmatchi yigit-qizlarimiz jahon birinchiliklarida zafar qozonib, Yangi O‘zbekiston yoshlari naqadar ulug‘ ishlarga qodir ekanini isbotlamoqda, ta’bir joiz bo‘lsa, shaxmat tarixini qayta yozmoqda.
Bilginki, olimlar, ixtirochilar, chempionlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Bog‘bon o‘zi ekkan nihol o‘sib, mevaga kirguniga qadar necha yil ter to‘kib mehnat qiladi. Zukko, bilimli, hunarli yoshlarni voyaga yetkazish ham ana shunday mashaqqatli ish, mas’uliyatli yumushdir.
Biz o‘n yil burun hamma sohada iqtidorli bolalarni tarbiyalashga kirishgan edik. Bugun ana shu ishlarimizning dastlabki umidbaxsh natijalarini ko‘rib turibmiz.
Aziz dilbandim!
Sizlarga O‘zbekistondek ozod va obod yurtda tug‘ilmoq, yashamoq baxti nasib etdi. Ona Vatanimiz chindan ham jannatmonand yurt! Akademik shoirimiz Oybek O‘zbekistonimizni tuprog‘ida oltin gullaydigan o‘lka, deb ta’riflaganida yuz karra haq edi.
O‘zbekiston deb atalgan, uch ming yildan ziyod davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan mamlakat farzandi, o‘zbek degan ulug‘ millat o‘g‘loni ekaningdan hamisha g‘urur, iftixor tuyib yashagin, bolam!
Yurt kelajagi sen kabi millionlab yoshlarga bog‘liq ekanini aslo unutma! Ilm-ma’rifat o‘rganishga sidqidildan harakat qil! Chunki bilim va tafakkur bitmas-tuganmas boylikdir.
Yodda tutginki, yoshlikda olingan bilim xuddi toshga o‘yilgan naqsh kabi sira o‘chmaydi, baxtli, kuchli va barkamol inson bo‘lib hayot kechirishing uchun butun umr senga hamrohu hamnafas bo‘ladi.
To‘g‘ri, bugun sen va sen mansub bo‘lgan avlodni mutolaadan chalg‘itadigan mashg‘ulotlar, vaqti, e’tibori va imkoniyatlarini o‘g‘irlaydigan texnologiyalar ko‘paymoqda.
Zamonaviy gadjetlar va sun’iy intellektdan unumli foydalan, ammo ularga qaram bo‘lib qolishdan ehtiyot bo‘l!
“Oltin zanglamas” deganlaridek, chinakam bilim va ma’rifat hech qachon o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaydi.
Ilm-fan yangiliklarini sinchkovlik bilan kuzatib, ularning mohiyatini anglashga harakat qil!
Til bilgan – el biladi, xorijiy tillarni o‘zlashtirishga rag‘batingni aslo susaytirma!
Har kuni bilim olishga, yangi ko‘nikma va tajriba orttirishga harakat qil! Biror ishga qo‘l ursang, uni albatta oxiriga yetkazgin. Bugungi ishni aslo ertaga qoldirma!
Pahlavon bolam!
Sen dunyoga kelgan kuningdan buyon qalbimizga olam-olam quvonch baxsh etmoqdasan. Ilk bor tetapoya qilib yurganing, tiling chiqib, biyron-biyron so‘zlay boshlaganing, qisqasi, har bir olg‘a tashlagan qadamingni cheksiz shodlik va ulkan g‘urur bilan kuzatamiz. Shunday kezlarda “danagidan mag‘zi shirin” degan ibora qanchalik to‘g‘ri ekaniga takror-takror amin bo‘laman.
Asta-sekin hayotingdagi muhim davrlarga kirib bormoqdasan. Fursatdan foydalanib, senga vaqtning qadri xususida ham ikki og‘iz nasihat qilishni lozim topdim.
Mendan “Bobojon, hozir sizga nima ko‘proq yetmaydi?” deb so‘rasang, hech ikkilanmay “Vaqt yetmaydi, vaqt!” deb javob beraman. Ongu tafakkurimni jonajon yurtimizni yanada yuksaltirishga qaratilgan ko‘p-ko‘p yangi g‘oyalar, ilg‘or tashabbuslar band etgan. Afsuski, ularning barini yuzaga chiqarishga vaqt kamlik qilyapti. Shu sababli, kam uxlab, ko‘p ishlashga to‘g‘ri kelmoqda. Yaratgan Egam zimmamga shunday ulkan mas’uliyatni yuklagan ekan, shirin uyqudan, halovatdan voz kechmasam bo‘lmaydi. Xalqim tunda osuda uxlashi uchun ham men har doim bedor bo‘lmog‘im kerak, axir!
Unutma, vaqt shunday boylikki, uning bahosi yo‘q. Uni ortga qaytarish, tiklash ham imkonsizdir. Shunday ekan, har bir daqiqani g‘animat bil!
Yana bir gapni aytmasam bo‘lmaydi, bolajonim! Hayotda ko‘nglingga tukkan ishlaring har doim ham tez va soz amalga oshmasligi, gohida omad yuz o‘girishi ham mumkin. Shunday pallalarda shoshqaloqlik va umidsizlikdan yiroq bo‘lib, sabr va irodaga suyanmoq lozim.
Shuni doimo yodda tutginki, chinakam muvaffaqiyat bu – muvaffaqiyatsizlikdan xulosa chiqarib, ruhni cho‘ktirmay, chidam va jasorat bilan oldinga borishdir. Hayotdagi eng katta yutuq hech qachon yiqilmaslikda emas, balki yiqilgan taqdirda ham o‘zida kuch topib qayta tura bilishdadir. Shuning uchun hech qachon yengildim dema! Tushkunlikka tushma! Faqat olg‘a va yana olg‘a yur!
Ezgu niyat, qat’iy amal va go‘zal fazilatlar bilan yashasang, aslo kam bo‘lmaysan. Ilm-ma’rifat va qat’iy intizomga tayangan mehnat esa noningni butun, el-yurt orasida nomingni aziz qiladi.
Suyukli nabiram!
Men har gal o‘zga yurtlarda safarda yurganimda sizlarni, O‘zbekistonni juda sog‘inaman. Bamisoli daryo sohilidan toshgandek, sog‘inch qalbimdan toshganda bayrog‘imizga qarayman.
Bayroq – Vatanimiz, milliy g‘ururimiz timsoli. Kindik qoni to‘kilgan yurtni sevgan inson uning ramzlarini ham ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylaydi.
Men O‘zbekistonda o‘sib-ulg‘ayib kelayotgan har bir bola ona diyorimizni chin dildan yaxshi ko‘rishi, bayrog‘imizni or-nomusimiz va sharafimiz ramzi sifatida qadrlab, uni hamisha baland ko‘tarishini istayman.
Sen ham kelajakda qaysi kasb-korni egallashingdan qat’i nazar, Vatanga naf keltirmoqqa, el koriga yaramoqqa intil!
Ishonchim komil, bugun biz amalga oshirayotgan ulkan islohotlar Yangi O‘zbekistonimiz dunyoning eng rivojlangan davlatlari safiga kirishi uchun mustahkam zamin bo‘ladi.
Oldimizga qo‘ygan yuksak marralar, ulug‘vor maqsadlarga erishish butun xalqimiz bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishi, millat va davlat yakdilligini talab etadi. Bu yo‘lda sizlar ham o‘zingizning bor aql-zakovatingiz va kuch-g‘ayratingizni ishga solib, astoydil harakat qilishingiz kerak.
Odamiylik – insonning asl ziynati. Har qanday vaziyatda ham inson bo‘lib qolmoq muhimdir. Mardlik, oriyat, vatanparvarlik, halollik, kamtarlik, mehnatsevarlik, olijanoblik kabi fazilatlaringni gavhar kabi asrab-avaylagin!
Ismi jismiga monand bek o‘g‘lim!
Ko‘nglimda senga aytadigan gaplarim ko‘p, ammo davlat ishi bilan bog‘liq vazifalar bois maktubimni hozircha shu yerda to‘xtatishga majburman.
Sen ham, tengdoshlaring ham bir narsani doimo yodingizda tuting: sizlar bobo-buvilaringiz, ota-onangizning ko‘z qarog‘i, bebaho boyligisiz.
Mening o‘z fikrlarim yurtimizdagi har bir bobo va ota, har bir buvi va onaning o‘z aziz dilbandlariga atagan yurak so‘zlaridir.
Mening o‘z nasihatlarim O‘zbekistonning barcha bolalariga bag‘ishlangan ezgu tilaklardir.
Sizlarni juda sog‘inganman. Nasib etsa, tez orada diydorlashamiz.
Baxtimizga hamisha sog‘-omon bo‘lgin!
Ilohim, kamolingni, iqbolingni ko‘rib yuraylik!
Prezident bobong Shavkat MIRZIYOYЕV"




