23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

O‘zbekistondan Qozog‘iston va Xitoyga aviaqatnovlar soni oshiriladi

Jamiyat 10.11.2026 14:22 0Darakchi
O‘zbekistondan Qozog‘iston va Xitoyga aviaqatnovlar soni oshiriladi

O‘zbekistondan Qozog‘iston va Xitoyga amalga oshiriladigan muntazam aviaqatnovlar soni ko‘paytiriladi. Xususan, Xitoy bilan parvozlar haftasiga 100 tadan 114 taga, Qozog‘iston bilan esa ayrim yo‘nalishlarda 42 tadan 60 taga yetkaziladi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bu boradagi kelishuvlar 3–5 noyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo – Xitoy (C5+1) fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik bo‘yicha ishchi guruhning uchinchi yig‘ilishida erishilgan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasidagi muzokaralarda Toshkent – Olmaota hamda Toshkent – Ostona yo‘nalishlarining har birida parvozlar sonini haftasiga 42 tadan 60 tagacha oshirishga kelishilgan. Qolgan yo‘nalishlarda esa aviaqatnovlar haftasiga 14 tadan 20 taga yetkaziladi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini haftasiga 100 tadan 114 tagacha oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bu borada tegishli hujjatlar imzolangan.

Yig‘ilishda O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston aviatsiya ma’muriyatlari hamda aviakompaniyalari vakillari ishtirok etgan. Unda aviabozorni liberallashtirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilingan.

Kelishuvlar yo‘lovchilar uchun safar imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va turistik aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi 2027 yilda Qirg‘izistonda o‘tkaziladi.

O‘xshash yangiliklar