25.11.2026, Chorshanba+14.8°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+14.8°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

AQSH armiyasi besh tonna zaharli moddani portlatib yo‘q qilmoqchi. Bu qanday amalga oshiriladi? | Daryo

Jahon 25.11.2026 16:42 0Daryo
AQSH armiyasi besh tonna zaharli moddani portlatib yo‘q qilmoqchi. Bu qanday amalga oshiriladi? | Daryo

AQSH armiyasi Ayova shtatidagi harbiy o‘q-dori zavodida qariyb besh tonna qo‘rg‘oshin azidini portlatib yo‘q qilishni rejalashtirmoqda. Operatsiya 25-noyabr kuni mahalliy vaqti bilan ertalab Middlton shahridagi zavodda o‘tkazilishi kutilmoqda.

Biroq tuproq bilan qoplangan ikkita bunkerdagi bochkalarda saqlanayotgan moddalarni portlatish jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Chunki operatsiya oqibatida atmosferaga zaharli qo‘rg‘oshin tarqalishi va atrof-muhit ifloslanishi mumkin.

The New York Times nashri portlatish operatsiyasi qanday o‘tkazilishi kutilayotgani haqida hozirgacha ma’lum bo‘lgan tafsilotlarni keltirdi.

Foto: NYT

2009-yildan beri zavodda jami 68 ta bochkada qo‘rg‘oshin azidi saqlanadi. Bu modda harbiy detonatorlarda ishlatiladigan portlovchi birikma hisoblanadi. 2026-yilda o‘tkazilgan tekshiruvda ushbu modda eskirgani va beqaror holatga kelgani aniqlandi. Agar ular joyidan qo‘zg‘atilsa, o‘z-o‘zidan portlab ketishi mumkin. Shu sababli armiya nazorat ostidagi portlatishni amalga oshirmoqchi.

Har bir bunkerning ichki maydoni tennis korti kattaligiga yaqin. So‘nggi haftalarda portlashga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ular qo‘shimcha mustahkamlangan. Bunkerning ichki qobig‘i temir-betondan ishlangan bo‘lib, ikkita og‘ir po‘lat eshik bilan germetik yopilgan. Inshootning ustki qismi esa bir necha fut qalinlikdagi tuproq bilan qoplangan.

Foto: NYT

Bunker ichidagi qo‘rg‘oshin azidini yo‘q qilish uchun armiya inshootlarga bir qator o‘zgartirishlar kiritgan. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tishi uchun bir nechta murakkab bosqichlar aniq bajarilishi lozim. Dastlab, armiya portlashga qarshi mo‘ljallangan og‘ir eshiklarni olib tashlaydi.

Foto: NYT

Bunkerning o‘zi portlash kuchini ushlab qolishi mumkin. Ammo qo‘shimcha himoya chorasi sifatida qum bilan to‘ldirilgan maxsus qoplar taxminan ikki qavat balandlikdagi to‘siq hosil qiladigan tarzda joylashtirilgan. To‘siqlarning aniq tuzilishi ma’lum emas. Bunkerlarning yon tomonlariga ham qum va boshqa himoya materiallari qoʻyilgan.

Foto: NYT

Armiya rejasiga ko‘ra, ikkala bunkerdagi moddalar bir vaqtning o‘zida portlatilishi kerak. Buning uchun mutaxassislar oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rishi lozim.

Ular portlatish zaryadlarini o‘zaro ulash uchun, ehtimol, PETN portlovchi moddasi bilan to‘ldirilgan maxsus detonatsiya shnuridan foydalanadi. Bunday shnurlar operatsiya ehtiyojiga qarab kesilishi va o‘zaro ulanishi mumkin. Odatda, asosiy shnur bunker ichidan tashqariga chiqariladi. Qo‘shimcha shnurlar esa qo‘rg‘oshin azidi bochkalarga joylashtirilgan alohida portlatish zaryadlariga ulanadi. Portlash esa masofadan boshqariladigan moslama orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Bunkerlarda qancha portlovchi modda bor?

Zaxirada qariyb 4,4 tonna qo‘rg‘oshin azidi borligi taxmin qilinmoqda. Bu miqdordagi modda har biri taxminan 208 litr sig‘imli 68 ta bochkaga taqsimlangan. Ulardan 36 tasi birinchi, 32 tasi esa ikkinchi bunkerdadir.

Agar qo‘rg‘oshin azidi bochkalarga teng taqsimlangan bo‘lsa, har birida taxminan 65 kilogramm modda bo‘lishi mumkin. U o‘nta brezent qopchaga joylangan. Ushbu qopchalar etanol va suv aralashmasidan iborat boʻlib, moddaning barqarorligini saqlashga xizmat qiluvchi suyuqlik ichida turibdi.

Qo‘rg‘oshin azidini yo‘q qilish uchun armiyaga qo‘shimcha portlovchi moddalar kerak bo‘ladi.

Operatsiya davomida harbiylar taxminan 1,36 tonna C4 portlovchi moddasini ishlatishi kutilmoqda. Bochkalarning har biriga taxminan 18 kilogramm C4 biriktirilishi mumkin.

Armiya tomonidan operatsiya uchun berilgan ruxsatnoma hujjatlaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘rg‘oshin azidi va qo‘shimcha portlovchi moddalar birgalikda 6 000–7 000 funt (2,7–3,2 tonna) trotilga teng portlash kuchini hosil qilishi kutilmoqda.

Ideal holatda barcha bochkalar bir-biriga yaqin, hatto tegib turadigan qilib joylashtirilishi kerak edi. Bu portlash kuchining barcha qo‘rg‘oshin azidiga teng ta’sir qilishiga yordam bergan bo‘lardi. Ammo hozirgi vaziyatda buning iloji yo‘q. Bochkalar bunkerlarga joylashtirilganida xavfsizlik qoidalariga muvofiq ular orasida kamida sakkiz fut (2,4 metr) masofa qoldirilgan. Hozir esa armiya ularni ko‘chirishni o‘ta xavfli deb hisoblamoqda.

Shu sababli portlovchi moddalarni zararsizlantirish guruhi barcha bochkalardagi moddalar imkon qadar bir vaqtda portlashini ta’minlashi kerak. Agar portlash reja bo‘yicha amalga oshmasa, ayrim bochkalar butunlay yo‘q qilinmasdan, faqat shikastlanishi mumkin. Bunday holatda ularning ichidagi suyuqlik oqib chiqib, qo‘rg‘oshin azidi bunker ichiga tarqalishi ehtimoli bor. Modda qurigan sari issiqlik, zarba va ishqalanishga yanada sezgir bo‘lib qoladi. Bu esa tasodifiy portlash xavfini oshiradi.

Portlashdan so‘ng barcha qo‘rg‘oshin azidi va portlatish materiallari to‘liq yo‘q qilinganini baholash uchun har bir bunker ichiga kichik dronlar uchiriladi. Agar bunkerlarda xavfli moddalar qolgan bo‘lsa, harbiylar ularning ichiga qayta kirishi yoki maxsus portlovchi moddalarni zararsizlantiruvchi robotlaridan foydalanib, qo‘shimcha portlatishni amalga oshirishi mumkin.

Portlash xavfi sababli AQSH rasmiylari Ayova shtatidagi Middlton shahri aholisining bir qismini vaqtincha evakuatsiya qilgan. Federal Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi zavoddan qariyb sakkiz kilometr radiusdagi hududda yashovchilarni vaqtincha ko‘chirishga yordam bergan. Zavoddan 8–32 kilometr uzoqlikda istiqomat qiluvchilarga esa uyda qolish, deraza va eshiklarni yopiq tutish, bolalar va hayvonlarni tashqariga chiqarmaslik tavsiya etilgan. Evakuatsiya qilingan aholiga 27-noyabrga qadar vaqtinchalik turar joy, transport va oziq-ovqat bilan yordam koʻrsatiladi.

Qo‘rg‘oshin azidi (Pb(N₃)₂) – harbiy o‘q-dorilar, konchilik va portlatish ishlarida qo‘llanadigan yuqori sezgir portlovchi kimyoviy birikma. U detonatorlar tarkibida ishlatilib, asosiy portlovchi moddani portlatish jarayonini boshlash vazifasini bajaradi. Ya’ni, qo‘rg‘oshin azidi odatda portlashning asosiy zaryadi emas, balki uni ishga tushiruvchi modda hisoblanadi. U TNT, RDX va PETN kabi boshqa portlovchi birikmalarni faollashtirishda qo‘llanadi. Kimyoviy jihatdan oq yoki rangsiz kristall kukun ko‘rinishida bo‘ladi.

Qo‘rg‘oshin azidining eng katta xavfi uning tashqi ta’sirlarga nihoyatda sezgirligidir. U kuchli zarba, ishqalanish, issiqlik va elektr zaryadi ta’sirida kutilmaganda portlashi mumkin. Shu sababli uni ishlab chiqarish, saqlash va tashish jarayonida qat’iy xavfsizlik qoidalariga rioya etish lozim. Modda tarkibida qo‘rg‘oshin bo‘lgani uchun inson salomatligi va atrof-muhitga ham zarar yetkazishi mumkin. Qo‘rg‘oshin bilan uzoq muddat yoki yuqori miqdorda ta’sirlanish asab tizimi, buyraklar va reproduktiv salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bolalarning rivojlanishiga ham zarar yetkazadi.

Vaqt o‘tishi bilan qo‘rg‘oshin azidining xususiyatlari o‘zgarib, u yanada beqaror holatga kelishi mumkin. Bunday holatda modda bilan ishlash, uni tashish yoki yo‘q qilish xavfi ortadi. Shuningdek, uning tarkibidagi qo‘rg‘oshinli zarrachalar atrof-muhitga tarqalib, tuproq va suvni ifloslantirishi ehtimoli bor. Shu sababli eskirgan o‘q-dorilar va detonatorlarni yo‘q qilishda mutaxassislar alohida ehtiyot choralarini ko‘radi.

O‘xshash yangiliklar