23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Buxoroda 42-maktabning tomi qulab tushdi: o‘quvchilar va jihozlar boshqa binolarga ko‘chirildi | Daryo

O'zbekiston 23.11.2026 14:24 0Daryo
Buxoroda 42-maktabning tomi qulab tushdi: o‘quvchilar va jihozlar boshqa binolarga ko‘chirildi | Daryo

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahridagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarining dars vaqtida majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat ta’lim va ilm-fan boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, tasvirlardagi jarayon ta’mirlash emas, balki favqulodda holat sabab jihozlar va o‘quv vositalarini xavfsiz joyga ko‘chirish bilan bog‘liqligini ma’lum qildi.

“Hech kim jarohat olmadi”

Buxoro shahrining “Furqat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan mazkur maktab 1958-yilda qurilgan bo‘lib, loyihaviy quvvati 800 o‘ringa mo‘ljallangan. Ayni paytda ta’lim muassasasida 1 329 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

Maktab direktori Halima Nurullayevaning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, muassasa 9 yil oldin tashkil etilgan bo‘lib, avval bu bino yuridik kollej ixtiyorida bo‘lgan va undan ajratib berilgan. Binoning tom qismi plita bilan emas, yog‘och konstruksiya bilan yopilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa 15-oktyabr kuni kunduzgi soat 11:00 atrofida binoning uchinchi qavatidagi faollar zalida yuz bergan. Gumburlagan ovoz eshitilgach, borib ko‘rishganida shift qulab tushgani ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng uchinchi qavatdagi sinflar darhol birinchi qavatga ko‘chirilgan va shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga murojaat qilingan. Hodisa oqibatida o‘quvchilar va xodimlardan hech kim jarohat olmagan.

Keyingi o‘rganishlarda boshqa sinf va o‘quv xonalarining tom qismlarida ham cho‘kish, konstruktiv deformatsiya hamda avariya xavfini ko‘rsatuvchi nuqsonlar aniqlangan va bino o‘quv jarayonini davom ettirish uchun xavfli deb topilgan.

Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining 2026-yil 9-noyabrdagi 6683-sonli xatida maktab o‘quv binolari foydalanishga yaroqsiz deb topilgan va ulardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha tavsiya berilgan.

Darslar qayerda davom etadi?

Favqulodda holat inobatga olinib, o‘quvchilar va pedagog xodimlarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash hamda ta’lim jarayoni uzluksizligini saqlash maqsadida o‘quvchilar vaqtincha boshqa manzillarga ko‘chirilmoqda.

Maktab direktori Halima Nurullayevaning so‘zlariga ko‘ra, o‘quv jarayonida uzilish bo‘lmagan va 16-noyabrdan barcha o‘quvchilar yangi manzillarda o‘qishni davom ettirgan.. Boshlang‘ich sinflar yonidagi Yuridik kollej binosidan ajratilgan 10 ta xonaga ko‘chirilgan. Qariyb 500–600 metr masofadagi 44-maktabga (u ham avval Pedagogika kolleji binosi bo‘lgan, maktabda 400 dan ziyod o‘quvchi o‘qiydi) esa yuqori sinflar joylashtirilib, darslar ikki smenada tashkil etilgan.

Qo’shimcha bino quriladi

Ma’lum bo‘lishicha, maktab hududida 540 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi qurish bo‘yicha 2026-yil 3-mart kuni Buxoro viloyatida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishning 48-sonli bayonida tegishli topshiriq berilgan. Vazirlar Mahkamasining 379-sonli qaroriga muvofiq, qo‘shimcha o‘quv binosi qurilishi uchun smeta-loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga mablag‘ ajratilgan va hozirda ushbu hujjatlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

“Daryo” ixtiyoridagi ma’lumotga ko‘ra, Buxoro viloyati hokimligi ushbu voqeadan so‘ng o‘rganishlar olib borib, yangi quriladigan binoning quvvatini 880 o‘quvchiga yetkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

O‘quvchilar majburiy mehnatga jalb etildimi?

Tarmoqlarda tarqalgan videolarda maktab partalari va stol-stullar tashilayotgani aks etgan, bu esa bolalarning darsdan chalg‘ishiga sabab bo‘layotgani haqida aytilgan.

Viloyat ta’lim boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda 42-son maktab hududida hech qanday ta’mirlash ishlari olib borilmayapti. Faqat o‘quvchilar va pedagog xodimlarni xavfsiz binolarga ko‘chirish hamda darslarni yangi joylarda tashkil etish uchun jihoz va o‘quv vositalarini tashish ishlari amalga oshirilmoqda. Qayd etilishicha, bu ishlar 15-noyabr — yakshanba, dam olish kunida maktab texnik xodimlari va ixtiyoriy ravishda yordam bergan ota-onalar ishtirokida tashkil etilgan.

Farzandlari mazkur maktabda o‘qiyotgan ota-onalarning aytishicha, yakshanba kuni o‘z xohishlari bilan kelib, parta va jihozlarni ko‘chirishga ko‘maklashgan, majburiy mehnat holati bo‘lmagan.

Jarayon guvohlari maktab o‘qituvchilari, ko‘ngillilar, yuqori sinf o‘quvchilari va bitiruvchilar ham ixtiyoriy ravishda yordamga kelganini, kattalar parta ko‘targanini, bolalar esa yengil buyumlar tashiganini qayd etgan.

Biroq holat yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi ham o‘rganish ishlarini nazoratga olganini ma’lum qilgan. Inspeksiya xabarda keltirilgan vajlarni o‘rganish va huquqiy baho berish choralari ko‘rilayotganini bildirib, bolalarni majburiy mehnatga hamda sog‘liq va xavfsizlikka tahdid soluvchi, o‘qishga xalaqit beruvchi ishlarga jalb etish taqiqlanishini eslatgan; o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.

Maktab o‘quv yiliga tayyormidi?

Buxoro viloyati ta’lim va ilm-fan boshqarmasi matbuot kotibi Iroda Oripovaning “Daryo” so‘roviga ko‘ra ma’lum qilishicha, binoning texnik holati bo‘yicha xulosa berish faqat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi vakolatiga kiradi. Uning aytishicha, inspeksiya xizmati pullik bo‘lgani sababli har o‘quv yilida xulosa olish imkoni yo‘q, maktablar esa har o‘quv yili oldidan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan joriy ta’mirlanib, o‘quv yilini boshlagan.

Buxoro shahar hokimligi esa maktabning o‘quv yiliga tayyorligi masalasini Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hal qilishini ma’lum qildi. Maktab direktori Halima Nurullayeva ham o‘quv yili boshlanishidan avval maktab binosining xavfsizligi alohida tekshiruvdan o‘tkazilmasligini bildirdi.

Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi “Daryo”ga 42-umumta’lim maktabi binosining texnik holati yuzasidan rasmiy hujjatni taqdim etdi.

Hujjatda qayd etilishicha, inspeksiya Buxoro shahar maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi boshlig‘i A. Xaitovning 2026-yil 24-sentyabrdagi 01-1900-sonli xatiga asosan maktab binosining bugungi kundagi holatini o‘rganib, texnik xulosa berish yuzasidan o‘rganish olib borgan.

Image

Foto: Buxoro viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi

Image

Foto: Buxoro viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi

E’tiborlisi, rasmiy hujjatda inspeksiya o‘rganishni shahar ta’lim bo‘limining 24-sentyabrdagi murojaat xatiga asosan boshlagani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, maktab direktori Halima Nurullayeva faollar zali shifti 15-oktyabr kuni qulaganini va shundan keyingina shahar ta’lim bo‘limi xat chiqarib, mutaxassislar kelib o‘rganganini bildirdi.

Xulosada 1950–1958-yillarda qurilgan, uch qavatli va uchta blokdan iborat maktab binosining devorlari qoniqarsiz ahvolda ekani, yog‘och tomyopma va orayopma konstruksiyalari esa xizmat muddatini o‘tab bo‘lgani, chirigan, deformatsiyalangan hamda shiftning bir qismi qulab tushgani ko‘rsatilgan. Shuningdek, ayrim o‘quv xonalarida yurilganda pol va to‘sinlarda silkinishlar sodir bo‘lishi, xonalarda ta’lim olish tavsiya etilmasligi hamda avariya takrorlanishi ehtimoli mavjudligi qayd etilgan.

O‘quv yili oldidan maktablarning tayyorgarligi joriy ta’mirlash, sanitariya-gigiyena va kuz-qish mavsumiga hozirlik ko‘rish doirasida mahalliy hokimliklar hamda ta’lim boshqarmalari nazoratida olib boriladi. Bu jarayon binoning ichki konstruktiv mustahkamligini chuqur tekshirishni nazarda tutmaydi.

Qonunchilikka ko‘ra, binoning konstruktiv holati, eskirish darajasi yoki yaroqliligi bo‘yicha texnik xulosa faqat zarurat tug‘ilganda, bino o‘z xizmat muddatini o‘taganda, devor yoki tomlarda cho‘kish, yoriq va deformatsiya belgilari sezilganda mas’ul idoraning murojaati (buyurtmasi) asosida beriladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, joylarda hamon o‘tgan asrda qurilgan va yog‘och tomyopma konstruksiyalarga ega maktab binolari talaygina. Vaqt o‘tishi bilan chirish va deformatsiyaga moyil bo‘lgan bunday konstruksiyalar har yili yalpi texnik tekshiruvdan o‘tkazilmas ekan, o‘quvchilar xavfsizligi uchun jiddiy xatar saqlanib qolaveradi va maktab binolarining amaldagi texnik holati baribir savol ostida bo‘ladi.

O‘xshash yangiliklar