“Dadamdan so‘ray-chi” — 1929-yilgi “boshsiz o‘zbeklar” haqida hikoya | Daryo

Tasavvur qiling, nonushta ustida choy ichib o‘tiribsiz. Eringiz o‘rnidan turayotib xuddi “bugun havo isib ketdi” degandek, beparvo va sovuq ohangda bir jumlani aytadi: “Chorshanba kuni to‘y!”. U eshikdan chiqib ketadi. Siz esa rangingiz o‘chib, devorga suyanganingizcha qotasiz.

Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan surat
Sababi — bu to‘y sizning yosh, g‘o‘r qizingizni o‘zingiz yomon ko‘radigan, aqliy jihatdan zaifroq va erka o‘gay o‘g‘ilga majburan berish haqidagi mutlaq hukm edi. Endi bu ahvolga qanday tushib qoldingiz?!
Abdulla Qahhor “Boshsiz odam” hikoyasida inson qiyofasidagi johillik va hissiy karlikning qanday mudhish jinoyatlarga olib kelishi, odamlarning esa bu jinoyatlarga munosabati qanday o‘zgarishi haqida psixologik triller yaratadi. Buni muhokama qilib ko‘rish kerak.
Qahhor bu yerda yovuzlikni baqiroq yirtqich obrazida emas, balki pashsha tutib o‘ynaydigan, burnini yengi bilan artadigan “beg‘ubor” aqlsizlik qiyofasida ko‘rsatib beradi.
Tirik qolish instinkti
Asar 1929-yilda yozilgan. Bu — Turkistonda ijtimoiy o‘zgarishlar davri. Bir tomonda “Hujum” harakati, xotin-qizlarni ozod qilish yuzasidan siyosiy shiorlar yangrayapti, ikkinchi tomonda esa ko‘cha boshidagi tor hovlilarda hali ham o‘rta asr qonunlari hukmron.
Niso buvi eri vafot etib, ikki qizi bilan qolgach, usta Abdurahmonga erga tegdi. Nega? Chunki o‘sha davrda ayol kishining yolg‘iz o‘zi ikki farzand bilan jismonan omon qolishi — ochlikdan, xo‘rlikdan qutulishi — qiyin masala edi. Nikoh bu yerda muhabbat emas, faqat va faqat tirik qolish uchun tuzilgan shartnoma bo‘ldi.

Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan surat
Insoniylikka qarshi jinoyat
Hikoyadagi eng dahshatli sahnalardan biri kichik bir jumlada yashiringan. Usta Abdurahmon o‘gay qizlarini shafqatsiz kaltaklayotganida ona, Niso buvi, yalinadi.
Shunda ota aytadi:
“Joning achiydimi, bundan keyin men urayotganda kulib turmasang, uch taloqsan...”
Shundan so‘ng Niso buvi o‘z qizlari kaltaklanayotganda ko‘p marta “kulib turishga” majbur bo‘ladi. Bu shunchaki maishiy zo‘ravonlik emas, bu — onaning ruhiyatini parchalash, qaramligidan foydalanish, uni o‘z bolalarining azobiga sherik qilishdek “pervers sadizm”dir.
Qarshi fikr: Niso buvi ham jinoyatchimi?
Bu o‘rinda adolatli bir e’tiroz tug‘ilishi mumkin:
“Yaxshi, erkaklar yovuz va johil ekan. Ammo Niso buvining o‘ziga nima deysiz? O‘gay o‘g‘ilga tortiq qilingan o‘z qizining qornidagi homilasidan qutulish uchun uni ko‘rpaga o‘rab yumalatishi, ustiga chiqib o‘tirishi, vahshiylarcha kaltaklashi... Bu qanday onalik bo‘ldi? U erkaklardan ham yomonroq maxluq-ku!”

Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan surat
Bunga javob berish og‘ir… Ha, Niso buvining xatti-harakatlari hayvoniylik darajasiga yetadi. Ammo adib o‘quvchini sirtqi hukm chiqarishdan asraydi. Niso buvi o‘zi istab vahshiylashmadi. Uni bu qabihlikka nima majbur qildi? U qizining shu aqlsiz Faxriddinga bog‘lanib qolishini, o‘zining baxtsiz qismatini qizi ham takrorlashini o‘limdan-da battar deb bildi.
U boshqa najot yo‘lini bilmasdi. Huquqsizlik va mutlaq chorasizlik odamni qanday qilib mudhish qarorlarga itarishining cho‘qqisi — aynan shu sahnada aks etgan. Qahhor buni oqlamaydi, u shunchaki ojizlikning tub qatlamini yorib ko‘rsatadi.
Noodatiy qotil
Odatda qotillar sovuqqon va ongli deb tasvirlanadi. Ammo asardagi Faxriddin obraziga e’tibor berilsa, yosh xotini qornida farzandi bilan hayot-mamot o‘rtasida, og‘riqdan dodlab yotganda u xotirjamgina kakligiga suv beryapti.

Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan surat
Kasalxonaga borganida u xotinining holiga achinmaydi, balki otasi uqtirgan gapni ham eplab ayta olmay:
“Uyda sen yo‘q, dadam qiynalib qoldilar”, deydi.
Eng dahshatlisi, xotini bilan o‘lim yoqasida gaplashib turganida uning diqqatini nima tortadi?
“Peshonasiga qo‘ngan pashshani ushlagani qo‘l ko‘tarar ekan...”
Qahhor bu bilan empatiyadan butunlay mosuvo, o‘zi nima qilayotganini tushunmaydigan mexanik odamni ko‘rsatadi. U jinoyatchi emas, lekin uning hissiy “kar”ligi har qanday jinoyatdan ortiq.

Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan surat
“Boshsizlik” metaforasi
Hikoya nomi — “Boshsiz odam”. O‘quvchi asarni mutolaa qilish davomida bu nom qandaydir mistik yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’noga egami, deb kutadi. Lekin asarni o‘qirkan, ikkilanib qoladi: boshsiz, hissiz Faxriddinmi, vahshiy ota yoki onadir?
Adib esa hikoya oxirida bularni ilg‘amaganlar uchun norasida go‘dak timsoli orqali “boshsizlar avlodi” qanday bo‘lishi haqidagi javobni qoldirib ketgan.
Nega bu asarni bugun o‘qish kerak?
“Boshsiz odam”ni bugun o‘qish — ruhiy silkinishdir. To‘g‘ri, bugun bizni kulishga majbur qilib, ochiqchasiga kaltaklaydigan usta Abdurahmonlar jamiyatda kamaygandir. Ammo atrofdagilarning taqdiri hal bo‘layotganda befarq qolib, sovuqqonlik bilan “kakligiga suv berib” yurgan Faxriddinlar-chi?..

Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan surat
Bu asar insoniylikni yo‘qotmaslik uchun jiddiy ogohlantirishdir. Hikoyadagi eng so‘nggi sahna, Faxriddinning kasalxonada o‘sha g‘alati, go‘daklarcha ishtiyoq bilan bergan dahshatli savolini o‘qigach, sog‘lom inson vujudidan sovuq ter chiqib ketishi aniq: “Iye, bolaning ham boshi bo‘lmaydimi! Dadamdan so‘ray-chi…”



