23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Jizzaxda tadbirkordan 9 million so‘m talab qilgan suv ta’minoti xodimi qo‘lga olindi | Daryo

O'zbekiston 23.11.2026 18:43 0Daryo
Jizzaxda tadbirkordan 9 million so‘m talab qilgan suv ta’minoti xodimi qo‘lga olindi | Daryo

Jizzax viloyatida tadbirkorni 100 million so‘m jarima bilan qo‘rqitib, undan 9 million so‘m talab qilgan suv ta’minoti xodimi tezkor tadbirda ushlandi. Bu haqda “Zamon” axborot dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, “Jizzax viloyati suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati abonentlar bo‘limining iste’molchilar bilan ishlash mutaxassisi tadbirkorga ichimlik suvi tarmog‘iga oid hujjatlari soxta ekanini aytgan. U tadbirkorni tarmoqqa noqonuniy ulangani uchun 100 million so‘m jarimaga tortilishi bilan qo‘rqitgan. Shuningdek, unga yangi hujjat rasmiylashtirib, yangi hisoblagich o‘rnatib berishni hamda mavjud qarzdorligini yo‘q qilishni va’da qilgan. Buning evaziga 9 million so‘m talab qilib, 2 million 400 ming so‘mini oldindan olgan.

Tadbirkorning murojaatiga asosan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax viloyati boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmatining viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida xodim qolgan 6 million 600 ming so‘mni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq “Andijon suv ta’minoti” AJ Jalaquduq tumani filiali boshlig‘i fuqaroning yangi qurilgan xonadoniga oqova suv tarmog‘i tortishga ruxsat olish va kanalizatsiya nasosi o‘rnatishda yordam berish evaziga 8,5 ming dollar talab qilib, pulni uchinchi shaxs orqali olganida ushlangandi.

O‘xshash yangiliklar