Mirzaobod va Nishon tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi | Daryo

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumaniga 23-noyabr kuni yangi hokimlar tayinlandi.
Begmurod Akbarov Mirzaobod tumani hokimi etib tayinlandi. Bunga qadar u Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligining Sirdaryo viloyati boʻyicha loyiha ofisi rahbari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Ushbu tayinlovga qadar tumanga 2025-yil fevralidan Abdurahim Umarov hokimlik qilib kelayotgan edi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati
Gʻayratjon Hamroyev Nishon tumani hokimi bo‘ldi. Tayinlovga qadar u Qashqadaryo viloyati hokimligida shoʻba mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Tayinlovga qadar tumanga Botir Tog‘ayev hokimlik qilayotgan edi. U 17-oktyabrda Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati
Shu kuni Energetika vazirligida ham tayinlovlar amalga oshirildi. Otabek Amanov energetika vazirining oʻrinbosari, Abdumalik Nazirov vazirning birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi. Ushbu lavozimda ishlagan Umid Madaminov Oʻzbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.



