NATO Rossiyaning yadroviy sun’iy yo‘ldoshidan himoyalanishga tayyorlanmoqda. Bu tahdid qanchalik real? | Daryo

Bu ma’lumot Germaniyaning NDR va WDR jamoat teleradiokompaniyalari hamda Süddeutscher Zeitung gazetasi tomonidan e’lon qilindi. Nashrlar Germaniya qurolli kuchlari va Federal razvedka xizmatidagi anonim manbalarga tayanib, qurilma 2026-yilning o‘zidayoq uchirilishi mumkinligini yozgan, biroq boshqa tafsilotlarni keltirmagan. Xo‘sh, bu qanchalik haqiqatga to‘g‘ri keladi?
Rossiyaning “Kosmos-2553” sun’iy yo‘ldoshi haqida nimalar ma’lum?
Rossiya yadroviy kallakli sun’iy yo‘ldosh dasturini ishlab chiqayotgani haqida avval ham so‘z borgan edi. Xususan, bu masala oktyabr oyi oxirida e’lon qilingan Amerikaning “Koinot xavfsizligiga tahdidlar” nomli hisobotida tilga olingan. Hujjatda AQSHning Xitoy va Rossiya, shuningdek, harbiy kosmik dasturlarga ega Eron hamda Shimoliy Koreya bilan harbiy raqobati tahlil qilingan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Rossiya Yer orbitasiga yadro yoki boshqa ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni taqiqlovchi 1967-yilgi “Koinot to‘g‘risida”gi shartnoma majburiyatlariga zid ravishda, yadro qurolini tashishga mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldosh yaratmoqda.
2022-yil 5-fevralda Rossiya “Kosmos-2553” kosmik apparatini uchirgan. Moskva bu qurilma radiatsiya va og‘ir zaryadlangan zarralar ta’sirida yangi asbob-uskunalar hamda tizimlarni sinovdan o‘tkazish uchun mo‘ljallanganini bildirgan.
Amerika hisobotida qayd etilishicha, ushbu sun’iy yo‘ldosh aloqa, navigatsiya va Yerni masofadan zondlash qurilmalari foydalanmaydigan g‘ayrioddiy va alohida orbitaga chiqarilgan.
AQSH bu qurilma yadroviy kallaklardan foydalanishga qodir bo‘lgan, sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi kosmik tizimning bir qismi bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. Biroq buning aniq dalillari hali ochiq e’lon qilinmagan.
Avvalroq Pentagon Amerika X-37 apparatiga o‘xshash Xitoyning maxfiy kosmoplani suratini e’lon qilgan, AQSH esa ilk bor koinotda o‘z qurollari borligini tan olgan edi. Shuningdek, Rossiya sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurolni sinovdan o‘tkazganini tasdiqlagan, Vashington esa Moskvani Xalqaro kosmik stansiyani xavf ostiga qo‘yishda ayblagan.
Koinotda yadro bombasi nega kerak?
Koinotdagi yadro portlashi minglab sun’iy yo‘ldoshlarning bir zumda ishdan chiqishiga yoki jiddiy shikastlanishiga olib kelishi mumkin.
Gap shundaki, yadro portlashining asosiy zararlovchi omillaridan biri — elektromagnit impuls (EMI) hisoblanadi. U ma’lum masofadagi barcha elektron uskunalarni kuydirib, ishdan chiqaradi (ta’sir masofasi yadro zaryadining quvvatiga bog‘liq). Maxsus himoya qobig‘iga ega bo‘lmagan sun’iy yo‘ldoshlar bunday to‘lqinlar oldida ojiz. Yer orbitasidagi aksariyat qurilmalar esa bunday himoyaga ega emas.
Bundan tashqari, koinotdagi portlash uzoq yillar davomida saqlanib qoladigan radiatsiya kamarlarini hosil qiladi. Bu esa portlashdan omon qolgan yoki vaqtincha ishdan chiqqan boshqa sun’iy yo‘ldoshlarni ham asta-sekin yaroqsiz holga keltiradi.
Bunday qurol qanchalik samarali?
Orbitadagi yadro portlashi bir vaqtning o‘zida ko‘plab kosmik apparatlarga zarba berishning samarali usulidir. Zamonaviy urushlar tobora ko‘proq kosmik tizimlarga tayanayotganini hisobga olsak, sun’iy yo‘ldoshlarining ishdan chiqishi raqib tomonni jiddiy zaiflashtiradi.
Biroq Buyuk Britaniyaning Darem universiteti Koinot tadqiqotlari markazi hamraisi, doktor Bleddin Bouenning BBC nashriga tushuntirishicha, yadro zaryadi juda balandlikda yoki koinotda portlatilsa, radioaktiv moddalarning Yerga tushish xavfi nihoyatda past.



