23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Neft-gaz sanoatiga tikilgan milliardlar: O‘zbekiston nega tobora yonilg‘i importiga bog‘lanib qolmoqda? | Daryo

O'zbekiston 23.11.2026 15:50 0Daryo
Neft-gaz sanoatiga tikilgan milliardlar: O‘zbekiston nega tobora yonilg‘i importiga bog‘lanib qolmoqda? | Daryo

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda benzin narxining oshishi, metan zapravkalar faoliyatidagi uzilishlar yana yonilg‘i ta’minoti masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Har yili qish yaqinlashishi bilan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida cheklovlar joriy etilishi va yonilg‘i taqchilligi bilan bog‘liq muammolar takrorlanmoqda.

Vaholanki, yillarda neft-gaz sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va ichki bozorni yonilg‘i bilan ta’minlash uchun katta miqdorda investitsiyalar yo‘naltirmoqda. Xususan, 2022–2025-yillarda “O‘zbekneftgaz” tomonidan 4,5 milliard dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirilgan. Shunga qaramay, mamlakat benzin va dizel importiga ehtiyoj sezmoqda. Masalan, oxirgi to‘qqiz oyda gaz xaridi 49,9 foizga, benzin importi ulushi 33,6 foizga oʻshgan.

Nega O‘zbekiston hamon chetdan yonilg‘i import qilishga ehtiyoj sezmoqda? Milliardlab dollarlik investitsiyalar qanday natija berdi? Maqolada shu haqda so‘z yuritiladi.

Investitsiya koʻpaymoqda, import esa rekord urmoqda

O‘zbekiston neft-gaz sanoatiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmi so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshdi. Faqat “O‘zbekneftgaz” AJning o‘zida 2022–2025-yillar davomida jami 4,5 milliard dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirilgan.

  • 2022-yilda 655,2 million dollar;

  • 2023-yilda 1 milliard 51,3 million dollar;

  • 2024-yilda 1 milliard 365,6 million dollar;

  • 2025-yilda esa 1 milliard 444,4 million dollar.

Shunday qilib, to‘rt yil ichida yillik investitsiya hajmi ikki barobardan ko‘proq oshgan. Biroq investitsiyalar hajmining ortishi yonilg‘i ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida unchalik sezilmagan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekistonda 1 million 258,9 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. 2023-yilda bu ko‘rsatkich 1 million 336 ming tonnaga yetgan bo‘lsa, 2024-yilda 1 million 311,5 ming tonnani tashkil etgan.

Ya’ni 2022–2024-yillar oralig‘ida benzin ishlab chiqarish atigi 52,6 ming tonnaga yoki 4,2 foizga oshgan. 2024-yilda esa avvalgi yilga nisbatan ishlab chiqarish biroz qisqargan. Sohaga jalb qilingan milliardlab investitsiyalarga qaramay, benzin va dizel importining hajmi qisqarish oʻrniga keskin sur’atlarda o‘sishda davom etdi.

Foto: “Daryo” / Farrux Aliyev

Masalan, 2023-yilning dastlabki to‘rt oyida O‘zbekistonga qariyb 248 ming tonna benzin import qilingan. Bu 2022-yil davomida olib kirilgan 119,6 ming tonna benzindan qariyb 2,1 barobar ko‘p edi. O‘sha davrda importning 97,7 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Keyingi yillarda ham tashqi bozorga bog‘liqlik yanada kuchaydi. 2025-yilning dastlabki 11 oyida mamlakatga qariyb 551,1 ming tonna benzin import qilingan. 2026-yilning yanvar–avgust oylarida esa import hajmi 533,9 ming tonnani tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 378,1 ming tonnaga nisbatan 41,2 foiz ko‘p.

Dizel yonilg‘isi importida ham so‘nggi yillarda sezilarli o‘sish kuzatilgan. 2022-yilning dastlabki yetti oyida 28,2 ming tonna dizel import qilingan bo‘lsa, 2023-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 169 ming tonnaga yetgan. 2024-yilda esa 206,9 ming tonnani tashkil etgan. 2025-yilning dastlabki 11 oyida dizel importi 679,5 ming tonnaga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 86 foizga oshgan.

Foto: Getty Images

Yillar kesimida dizel importining o'sishi

Import qilinayotgan benzin narxida ham so‘nggi oylarda keskin o‘sish kuzatilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonga import qilingan har 1 000 litr benzinning o‘rtacha qiymati 606 dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 576 dollar bo‘lgan.

Biroq so‘nggi oylardagi o‘sish bundan ham sezilarli. Xususan, 2026-yil aprelida 1 000 litr benzin importining o‘rtacha qiymati 576 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, may oyida 632 dollarga, iyunda 727 dollarga, iyulda 889 dollarga va avgustda qariyb 995 dollarga yetgan.

Shunday qilib, atigi to‘rt oy ichida import benzin narxi qariyb 73 foizga oshgan. Bundan tashqari, 2026-yil avgustida import qilingan benzinning o‘rtacha qiymati o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 66,6 foizga yuqorilagan.

Foto: “Daryo” / Farrux Aliyev

Rossiya importda peshqadam

Bugungi kunda benzin importining 85–90 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Qiziqarli jihati shundaki, 2026-yil davomida Ukraina Rossiyaning neftni qayta ishlash sanoatiga (NQIZ) qarshi dron hujumlarini sezilarli darajada kuchaytirdi. Ayniqsa, may oyidan boshlab Rossiyaning yirik neftni qayta ishlash zavodlari muntazam nishonga olindi.

2026-yil 18-noyabr holatiga ko‘ra, Ukraina zarbalari oqibatida Rossiyaning 35 ta yirik NQIZdan 15 tasida ish faoliyati izdan chiqqan yoki vaqtincha to‘xtagan. Ularning umumiy quvvati Rossiyaning jami birlamchi neftni qayta ishlash quvvatining qariyb 54 foiziga teng.

Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlaridagi uzilishlar O‘zbekistonga benzin yetkazib berishga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Foto: Claud

Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlaridagi uzilishlar fonida O'zbekistonga qilinadigan benzin importining qisqarishi

Shunday qilib, fevraldan avgustgacha O‘zbekistonning oylik benzin importi 13,4 barobar kamaygan. Energetika vazirligi Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlarining faoliyati to‘xtatilishini yetkazib berish hajmi qisqarishining asosiy sabablaridan biri sifatida ko‘rsatgan.

Importdagi bunday keskin pasayish fonida ichki bozorni qanday zaxiralar hisobidan ta’minlash masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Iqtisodchi, professor To‘lqin Boboqulov “Daryo” bilan suhbatda O‘zbekiston neft mahsulotlari, xususan, dizel yonilg‘isi va benzin importida Rossiyaga jiddiy bog‘lanib qolganini, bu esa mamlakat energetika xavfsizligi uchun muayyan xatarlarni yuzaga keltirishini ta’kidladi.

O‘xshash yangiliklar