23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

“Oʻzbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi | Daryo

O'zbekiston 23.11.2026 12:46 0Daryo
“Oʻzbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi | Daryo

Madaniyat vazirligi muassisligida “Oʻzbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning 21-noyabrdagi PF–250-son farmonida belgilandi.

“Kinematografiya sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va “Oʻzbekfilm” milliy kino brendini yaratishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonga ko‘ra, sohaga zamonaviy boshqaruv modelini joriy etish, takrorlanuvchi vakolatlarni maqbullashtirish, milliy kinosanoatni bosqichma-bosqich iqtisodiyotning muhim tarmogʻiga aylantirish maqsad qilingan.

Hujjatda belgilanishicha, Madaniyat vazirligining “Qoraqalpoqfilm” davlat muassasasi negizida Milliy kinokompaniya va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi muassisligida “Qoraqalpoqfilm” masʼuliyati cheklangan jamiyat tashkil etiladi.

Farmon bilan quyidagilar tashkil etiladi:

  • Fanlar akademiyasi, Sanʼatshunoslik instituti va bir guruh kinoijodkorlarning Kinoshunoslar klubi;
  • Oʻzbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi hamda Oʻzbekiston kino sanoati vakillari uyushmasi oliy organlarining mazkur uyushmalarni qoʻshib yuborish yoʻli bilan Oʻzbekiston kino sohasi vakillari palatasi;
  • Toshkent shahrida bolalar kinoijodkorligi maktabi va platformasi.
  • Madaniyat vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Kino sanʼati departamenti.

Milliy yuksalish gʻoyasiga xizmat qiluvchi, boy tarix va zamonaviy yutuqlarni dunyo ekranlariga olib chiqishga qaratilgan alohida ahamiyatga ega filmlarga Milliy kinokompaniya taklifi asosida Madaniyat vazirligi tomonidan “Umummilliy kinoloyiha” maqomi beriladi.

2028-yil 1-yanvarga qadar Kinochiptalarning yagona axborot tizimi hamda “Oʻzbekfilm” milliy onlayn kinoplatformasi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.

2028-yil 1-yanvardan davlat mablagʻlari hisobidan yaratilgan barcha filmlar hamda davlat arxivlaridagi kino merosi obyektlari bepul asosda Kinoplatforma bazasi uchun raqamli formatda majburiy ravishda taqdim etib boriladi. Xususiy kinostudiyalar va mualliflarning filmlari Kinoplatformaga shartnoma asosida joylashtirib boriladi.

Mamlakatdagi barcha kinoteatrlar va boshqa kino namoyish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar Kinochiptalarning yagona axborot tizimiga majburiy tartibda integratsiya qilinib, har bir seans, sotilgan chipta va tushumlar boʻyicha real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.

Shavkat Mirziyoyev 26-oktyabr kuni “Oʻzbekfilm” milliy kino brendini yaratish yuzasidan taqdimot bilan tanishgandi. Davlat rahbari amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, sohada kamchiliklar saqlanib qolayotganini aytgandi. Kino mahsulotlarini ishlab chiqarishda davlat buyurtmasi tizimi bekor qilinib, loyihalar kompaniya tomonidan unga ajratiladigan byudjet subsidiyalari orqali moliyalashtirilishi ma’lum qilingandi.

O‘xshash yangiliklar