O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun elektr va gazga 15 foizlik to‘lov tartibiga izoh berildi | Daryo

Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlik subyektlari uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha 15 foizlik oldindan to‘lov tartibi to‘liq joriy etilmayotgani, ayrim hududlarda esa iste’molchilardan 100 foiz to‘lov talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari rasmiy munosabat bildirdi.
Elektr energiyasi uchun 15 foizlik to‘lov kimlarga tatbiq etiladi?
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ma’lumotiga ko‘ra, prezidentning 2026-yil 22-sentyabrdagi PF-202-son farmoni asosida elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha namunali iste’molchilar uchun 15 foizlik oldindan to‘lov mexanizmi joriy etilgan.
Unga ko‘ra, namunali iste’molchi maqomiga ega yuridik shaxslar hisobot oyi uchun shartnomada belgilangan elektr energiyasi qiymatining 15 foizini oy boshlanguniga qadar to‘laydi. Qolgan mablag‘ni esa oy davomida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, ixtiyoriy ravishda qismlarga bo‘lib to‘lashi mumkin.
Biroq mazkur tartib barcha tadbirkorlarga emas, faqat quyidagi talablarga javob beradigan iste’molchilarga tatbiq etiladi:
elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) ulangan bo‘lishi;
masofadan boshqarish imkoniyatiga ega hisoblagich bilan ta’minlangan bo‘lishi;
elektr energiyasi uchun muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lmasligi;
elektr energiyasidan foydalanish va uni hisobga olish qoidalarini buzmagan bo‘lishi.
Shuningdek, oxirgi ikki oy davomida to‘lov intizomiga rioya qilmagan iste’molchilar ushbu imtiyozdan foydalana olmaydi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 15 foizlik oldindan to‘lov huquqi EHNAT va hisob-kitob ma’lumotlari asosida avtomatik ravishda aniqlanadi. Buning uchun alohida murojaat yoki qo‘shimcha kelishuv talab qilinmaydi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimni joriy etish bo‘yicha texnik ishlar to‘liq yakunlanganini bildirdi. Kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan holatlar belgilangan tartibda o‘rganilib, ularga huquqiy baho berilishini ham ma’lum qildi.
Tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov qanday amalga oshiriladi?
“Hududgazta’minot” AJ ma’lumotiga ko‘ra, prezidentning 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-son farmoniga muvofiq, 1-noyabrdan boshlab tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga (TGNHAT) ulangan, masofadan o‘chirish va yoqish imkoniyatiga ega hisoblagich bilan ta’minlangan tadbirkorlik subyektlari uchun oldindan to‘lov 15 foiz etib belgilangan.
Bunda oxirgi ikki oy davomida to‘lov intizomiga rioya qilmagan iste’molchilar istisno hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 319-son qarorining 111-bandida tabiiy gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov umumiy tartib sifatida belgilangan. Issiqxona xo‘jaliklari va namunali iste’molchilar bundan mustasno.
Namunali iste’molchilar shartnomada belgilangan oylik tabiiy gaz qiymatining 15 foizini oy boshlanguniga qadar to‘laydi. Qolgan mablag‘ni oy davomida qismlarga bo‘lib to‘lash mumkin.
Imtiyozdan foydalanish huquqi TGNHAT va hisob-kitob ma’lumotlari asosida avtomatik aniqlanadi. Alohida ariza yoki qo‘shimcha kelishuv talab etilmaydi.
Agar tadbirkor belgilangan talablardan birini buzib, namunali iste’molchi maqomini yo‘qotsa, talablarga qayta javob berganidan so‘ng imtiyoz keyingi hisobot oyidan avtomatik tiklanadi.
“Hududgazta’minot” AJ ham tizimni joriy etish bo‘yicha texnik ishlar yakunlanganini ma’lum qildi.
Tadbirkorlar qayerga murojaat qilishi mumkin?
Har ikki kompaniya belgilangan mezonlarga javob bersa-da, 15 foizlik oldindan to‘lov tartibidan foydalana olmayotgan tadbirkorlarning murojaatlari alohida o‘rganilishini bildirdi.
Elektr energiyasi bo‘yicha 1154, tabiiy gaz bo‘yicha esa 1104 qisqa raqamlariga murojaat qilish mumkin.
28-avgust kuni prezident farmoni bilan 2026-yil 1-noyabrdan tadbirkorlar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oldindan to‘lov miqdori 15 foizga tushirilishi xabar qilingandi. Mazkur o‘zgarishlar prezidentning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalar doirasida nazarda tutilgan edi.



