Qirg‘izistondagi yong‘inda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari vatanga qaytariladi | Daryo

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi yong‘inda halok bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadlarini Vatanga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Omonulla Fayziyev “Daryo”ga ma’lum qildi.
Avvalroq Qirg‘izistonning Manas shahrida 22-noyabr kuni qurilish obyektida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani, yana bir nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani xabar berilgandi.
Omonulla Fayziyevning aniqlik kiritishicha, yong‘in qurilishi tugallanmagan ikki qavatli restoran binosida yuz bergan. Hodisa oqibatida mazkur obyektda ishlagan 1986-yilda tug‘ilgan I.R.A. va 1988-yilda tug‘ilgan B.B.B. tutundan zaharlanib vafot etgan.
Yana bir O‘zbekiston fuqarosi — 1999-yilda tug‘ilgan A.A.A. Jalolobod viloyati klinik shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
Hozirda holat yuzasidan Qirg‘izistonning mahalliy idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonning O‘shdagi Bosh konsulxonasi vaziyatni nazoratga olgan. Marhumlarning jasadlarini vatanga qaytarish choralari ko‘rilayotgani va ularning qarindoshlari bilan aloqa o‘rnatilgani ma’lum qilindi.



