Soliq qo‘mitasi onlayn kassalarga oid ma’lumotlar o‘z bazasidan sizib chiqqanini rad etdi | Daryo

O‘zbekistonda onlayn nazorat-kassa mashinalari (ONKM) tizimiga oid ma’lumotlar sizib chiqqani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi. Holat bo‘yicha Soliq qo‘mitasi izoh berdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, kiberxavfsizlik xizmati mutaxassislari tarqalgan materiallarni tahlil qilib, ichki axborot tizimlari xavfsizligini qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazgan.
Tahlil natijasida e’lon qilingan ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining axborot tizimlari yoki ma’lumotlar bazalaridan sizib chiqmagani aniqlangan. O‘rganish natijalari hodisa onlayn nazorat-kassa mashinalari operatorlaridan birining axborot infratuzilmasi bilan bog‘liqligini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, qo‘mita va mazkur operatorning axborot tizimlari o‘rtasidagi tarmoq aloqalari tekshirilgan. Natijada Soliq qo‘mitasining axborot infratuzilmasiga ruxsatsiz kirish alomatlari aniqlanmagan.
Ayni paytda qo‘mita operator tomonidan axborot xavfsizligi bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etilgan-etilmaganini o‘rganmoqda.
Agar tekshiruv davomida axborot xavfsizligi talablari buzilgani tasdiqlansa, operatorga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. Jumladan, uni onlayn nazorat-kassa mashinalari operatorlari reyestridan chiqarish masalasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq Soliq qo‘mitasi nomidan tashkil etilgan va kiberfiribgarlar tomonidan boshqarilayotgan 50 ga yaqin Telegram guruhi, kanali va boti aniqlangani haqida xabar berilgandi.



