Toshkentda ilk bor yorug‘lik yordamida aks ettiriladigan piyodalar o‘tish joyi o‘rnatildi | Daryo

Toshkent shahrining Qumariq ko‘chasida ilk bor yorug‘lik yordamida yo‘l yuzasida aks ettiriladigan piyodalar o‘tish joyi o‘rnatildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, proyeksiyali piyodalar o‘tish joyi hozircha sinov tariqasida qo‘llanmoqda. An’anaviy “zebra”dan farqli ravishda, bunda yo‘l chiziqlari bo‘yoq bilan chizilmaydi, balki yorug‘lik yordamida asfalt yuzasida aks ettiriladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, mazkur texnologiya piyodalar o‘tish joyining tungi vaqtda, yomg‘irli va tumanli ob-havoda ham ko‘rinib turishini ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, markazning ta’kidlashicha, yorug‘lik yordamida aks ettirilgan chiziqlar avtomobillar g‘ildiragi ta’sirida o‘chib ketmaydi va qor yog‘ganidan keyin ham ko‘rinib turadi. Shu sababli yo‘l chiziqlarini qayta bo‘yashga ehtiyoj qolmaydi.
Qayd etilishicha, proyeksiyali o‘tish joyi haydovchilarga piyodalar o‘tish joyini uzoqroq masofadan payqash va tezlikni o‘z vaqtida pasaytirish imkonini beradi. Bu esa piyodalar xavfsizligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hozircha texnologiya sinov tariqasida qo‘llanmoqda. Agar u turli ob-havo sharoitlarida o‘zini oqlasa, bunday piyodalar o‘tish joylari Toshkentning boshqa tumanlarida ham joriy etilishi mumkin.
Avvalroq Toshkentda Farhod ko‘chasidagi 7 ta svetoforning ishlash tartibi o‘zgartirilgani haqida xabar berilgandi.



