Toshkentda yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 1 mln dollar talab qilgan soliq xodimi ushlandi | Daryo

Toshkent shahrida firibgarlik va pora berishga dalolat qilish bilan bog‘liq holat aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi. “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi doirasida IIV Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tergovga ko‘ra, 1988-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan Toshkent viloyati soliq boshqarmasi xodimi Nurafshon shahrida joylashgan xususiy korxonaga qarashli 3,5 gektar noturar yer maydonidagi qurilishi tugallanmagan sexni xaridor nomiga o‘tkazish hamda ushbu hududda qurilish ishlarini amalga oshirish uchun tegishli tashkilotlardan ruxsatnoma olib berish evaziga 1 mln 50 ming dollar talab qilganlikda gumonlanmoqda.
Tezkor tadbir davomida soliq xodimi Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida xaridor bilan uchrashib, yer maydonini uning nomiga o‘tkazish va 34 ta davlat idorasidan qurilish ishlarini amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnomalarni olib berishni va’da qilgan. U oldindan 40 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan soliq xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi hamda 28-modda orqali 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
23-aprel kuni Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasining ikki nafar bosh mutaxassisi noturar binoning qurilish ruxsatnomasi, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyiha hujjatlarini ijobiy hal qilib berish evaziga 22 ming dollar talab qilganlikda gumonlanib qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.



