O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju 24-noyabr kuni Jenevada (Shveysariya) bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jahon shaxmat toji uchun matchning durang bilan yakunlangan birinchi partiyasi natijalariga izoh berdi.
Sindarov bahs boshlanishidan oldin hayajon bo‘lganini tan oldi, biroq bevosita o‘yin vaqtida shaxmatdan zavq olishga harakat qilganini aytdi.
“Albatta, turnir oldidan hayajon kuchli edi, o‘yin va barchasi haqida ko‘p o‘yladim. Lekin bugun shunchaki o‘yindan rohatlanishga harakat qildim. Menimcha, juda yaxshi partiya o‘tkazdik”, — dedi u.
Birinchi partiyadanoq g‘alaba qozonishga intilgani yoki avvalo raqibni o‘rganishni xohlagani haqidagi savolga javob berar ekan, o‘zbekistonlik grossmeyster ehtiyotkor strategiyani tanlaganini tushuntirdi.
“Agar imkoniyat tug‘ilsa, har doim g‘alaba qozonishga harakat qilasan. Bu qaysi partiya ekani muhim emas. Lekin birinchi partiyada asosan raqibni o‘rganishga va xavfsiz o‘ynashga intilasan. Men ham shunday yo‘l tutdim. Pozitsiyani nazorat ostida ushlab turishga va vaqt hisobiga bosim o‘tkazishga harakat qildim, ammo yakunda raqibim juda yaxshi himoyalandi”, — deya bayonot berdi Sindarov.
Nima uchun Sindarov o‘zi uchun noodatiy debyutni tanladi?
Birinchi partiyada oq donalarda o‘ynagan o‘zbekistonlik shaxmatchi berlincha endshpilga — ispan partiyasining farzinlar erta almashtiriladigan variantiga o‘tdi.
Chess.com jurnalistining ta’kidlashicha, portal jamoasi tadqiqotiga ko‘ra, avvallari Sindarovda ushbu endshpilga o‘tish uchun yigirmaga yaqin imkoniyat bo‘lgan, biroq ularning birortasidan foydalanmagan.
“Bu birinchi partiya va, yuqorida aytganimdek, ishonchliroq o‘ynashga, o‘yin zaliga va qolgan barcha sharoitlarga moslashishga harakat qilasan. Men voqealarni haddan tashqari tezlashtirmasdan turnirga kirishib olishga va o‘yinni nazoratda ushlashga intilyapman. O‘ylaymanki, bu yaxshi tanlov bo‘ldi. Partiya chindan ham yuqori sifatli chiqdi”, — deya javob berdi o‘zbekistonlik grossmeyster.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vaqt bo‘yicha ustunlikka qaramay, taxtadagi holat tenglikka yaqin ekanini tushunib turgan.
“Albatta, soatdagi vaziyatni hisobga olgan holda har bir imkoniyatda bosim o‘tkazishga harakat qildim. Ammo, umuman olganda, pozitsiyam tenglikka juda yaqin ekanini anglardim. Qiziqarli g‘oyalar topishga urindim, lekin oxir-oqibat u juda yaxshi himoyalandi”, — deb qayd etdi shaxmatchi.
“40 daqiqa — haqiqatan ham juda ko‘p”
Partiyaning birinchi yarmida Gukesh vaqt bo‘yicha Sindarovdan sezilarli darajada ortda qoldi. Hindistonlik grossmeyster o‘z yurishlarini o‘ylayotgan paytda o‘zbekistonlik shaxmatchi bir necha bor o‘yin hududini tark etib, dam olish xonasiga yo‘l oldi.
Sindarov Nomzodlar turniri davridan beri bunday tajribaga ega ekanini va bunday vaziyatlarda o‘zini qulay his qilishini aytdi.
“Men shunchaki vaqtni behuda sarflamayman. Raqibim qanday yurishlar qilishi mumkinligi haqida o‘ylashga harakat qilaman. Umuman olganda, o‘zimni normal his qilyapman”, — dedi u.
Uning baholashicha, Gukeshga asosiy yurishlardan birini o‘ylash uchun ko‘pi bilan 20−25 daqiqa kerak bo‘lishi mumkin edi, biroq jahon chempioni taxminan 40 daqiqa sarfladi.
“40 daqiqa — haqiqatan ham juda ko‘p. Lekin pozitsiya baribir shu qadar teng ediki, men hech qanday imkoniyat topa olmadim”, — deb ta’kidladi Sindarov.
Gukesh esa, o‘z navbatida, vaqt tanqisligi yuzaga kelganiga qaramay, o‘yin ustidan nazoratni yo‘qotayotganini his qilmaganini bildirdi.
“Har holda, rostdan ham xavotir olishimga arziydigan holatda emasdim. Seytnotga tushib qolganimda, keyingi bir nechta yurishlarni o‘ylab qo‘ygan edim. Vaqt sarflab, yaxshi yechim topa olganimdan mamnun bo‘ldim, shundan keyingi yurishlar ancha oddiy edi”, — dedi jahon chempioni.
U yetarlicha tez o‘ynamaganini tan oldi, biroq buni pozitsiyaning o‘ziga xos xususiyatlari bilan izohladi.
Nima uchun shaxmatchilar partiyani darhol durang bilan yakunlamadi?
Matbuot anjumanida Sindarovdan shaxmatchilarga partiyani durang bilan yakunlash uchun nima sababdan qo‘shimcha vaqt kerak bo‘lgani va vaziyatga nega hakam aralashgani ham so‘raldi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi pozitsiya kerakli miqdorda takrorlanib bo‘ldi deb o‘ylaganini, biroq durangni qayd etish uchun qoidalarda belgilangan tartib-taomilga rioya qilish talab etilganini tushuntirdi.
“Men pozitsiya uch marta takrorlanib bo‘ldi deb o‘ylagandim… Keyin hakam kelib, durangni aynan tegishli yurish navbatida so‘rash kerakligini tushuntirdi. Shundan so‘ng yana ikkita yurish qildim va durang e’lon qildim”, — dedi u.
“Hozir butun shaxmat olami bizning matchimizni kuzatmoqda”
Sindarov chempionlik tituli uchun matchga qaratilgan yuqori e’tibor bilan bog‘liq psixologik bosim haqidagi savolga ham javob berdi.
“Albatta, hozir butun shaxmat olami bizning matchimizni kuzatmoqda. Odatda bu katta bosim yuklaydi, lekin men bu haqda o‘ylamaslikka, har bir partiyaga diqqatni jamlashga va o‘yin zalidagi muhitga moslashishga harakat qilyapman. Asosiysi — shunchaki yaxshi shaxmat o‘ynash”, — deya ta’kidladi o‘zbekistonlik grossmeyster.
Gukesh shaxmatchilar bu haqda doimiy ravishda o‘ylamasliklarini, biroq sodir bo‘layotgan voqeaning ahamiyatini anglash saqlanib qolishini qayd etdi.
“Ong ostida bu jahon chempioni unvoni uchun match ekanini, uni ko‘pchilik kuzatayotganini, bor-yo‘g‘i bitta partiya o‘tayotganini tushunib turasan. Lekin sportchi sifatida turli sharoitlarga moslashishing va o‘z imkoniyatlaringning maksimal darajasida ishtirok etish yo‘lini topishing kerak”, — dedi u.
Jurnalistlar, shuningdek, partiya boshida Sindarov oyog‘ini qimirlatib o‘tirganiga, Gukesh esa go‘yo meditatsiya qilayotgandek ko‘zlarini yumib o‘tirganiga ham e’tibor qaratdi.
“Men buni nafaqat bu yerda, balki har bir turnirda qilaman. Shuningdek, hindistonlik shaxmatchilar doim meditatsiya qilishlarini ham payqaganman. Ular bilan ko‘p marta o‘ynaganman va to‘qnash kelganimizda Gukesh ham meditatsiya qiladi. Menimcha, bu yerda hech qanday g‘ayrioddiy narsa yo‘q”, — dedi Sindarov.
Matchni o‘tkazish sharoitlari haqida
Ishtirokchilar shisha kabina ichida o‘ynagan Singapurdagi avvalgi shaxmat toji uchun bahsdan farqli o‘laroq, Jenevada tomoshabinlar shaxmatchilarni yaqinroq masofadan kuzatishlari mumkin.
Har ikki grossmeyster bunday formatni ijobiy baholadi.
“Avvalo, professional sifatida biz har qanday sharoitda o‘ynashga tayyor bo‘lishimiz kerak. Lekin, umuman olganda, shaxmat muxlislari jahon chempioni unvoni uchun matchni yaqindan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lganidan xursandman. O‘yin zalida odamlar ko‘proq bo‘lsa yoqimli, aks holda, juda zerikarli bo‘lardi — atigi bitta taxta”, — deya qayd etdi Sindarov.
Matchning ikkinchi partiyasi 25-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi. Turnirni YouTube’dagi UzChess (o‘zbek tilida), City Chess (rus tilida) hamda FIDE, Chess.com (ingliz tilida) kanallari sharhlab boradi.
O‘zbekistonlik grossmeyster qora donalarda o‘ynaydi. Matchdagi hisob — 0,5:0,5.
Avvalroq Gazeta Javohir Sindarovning shaxmat toji sari bosib o‘tgan yo‘li haqida hikoya qilgan, shuningdek, jahon chempioni unvoni uchun kechayotgan matchni qayerda va qanday tomosha qilish bo‘yicha (jumladan, shaxmatni tushunmaydiganlar uchun ham) yo‘riqnoma tayyorlagandi.





