BMTning Elektron hukumat tadqiqoti — 2026 (UN E-Government Survey 2026) doirasida e’lon qilingan Mahalliy onlayn xizmatlar indeksida (Local Online Service Index, LOSI) Toshkent dunyoning 194 ta shahri orasida 37-o‘rinni egalladi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
2024-yilgi reyting bilan taqqoslaganda, O‘zbekiston poytaxti 58 pog‘onaga — 95-o‘rindan 37-o‘ringa ko‘tarildi. Indeks qiymati 0 dan 1 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha 0,3646 dan 0,8911 gacha o‘sdi, bu esa Toshkentga “o‘rta” darajadan “juda yuqori” darajaga o‘tish imkonini berdi. Ushbu ko‘rsatkich Osiyo mintaqasi (0,6343) va dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (0,5584) yuqoridir.
Osiyo mintaqasida Toshkent 14-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa Olmaotadan (0,9604) keyin 2-o‘rinni egalladi. Osiyo va dunyoda birinchi o‘rin Dubayga (1,000) nasib etdi.
LOSI indeksi shaharlarning rasmiy veb portallari va mahalliy elektron xizmatlarni 6 ta asosiy yo‘nalish va 101 ta indikator bo‘yicha baholaydi. Toshkentning yo‘nalishlar bo‘yicha natijalari:
- Institutsional asoslar — 1,0000;
- Axborot ta’minoti — 0,9032;
- Elektron hukumat sohasidagi savodxonlik — 0,9000;
- Elektron xizmatlar — 0,8950;
- Elektron hukumat infratuzilmasi — 0,8571;
- Fuqarolar ishtiroki — 0,8000.
Gazeta joriy yilda O‘zbekiston BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida 194 ta mamlakat orasida 32-o‘rinni egallagani haqida yozgandi. 2024-yilgi reyting bilan solishtirganda o‘sish 31 pog‘onani, 2020-yilga nisbatan esa 55 pog‘onani tashkil etdi.
Hisobotda ma’lumotlar real vaqt rejimida yangilanib boradigan Toshkent shahri portali, shuningdek, aholining turli muammolar bo‘yicha murojaatlarini qabul qilishga mo‘ljallangan “Xalq nazorati” platformasi alohida tilga olingan.
2023-yil sentabr oyida O‘zbekiston prezidenti har ikki yilda e’lon qilinadigan BMTning “Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotida mamlakat reytingini yaxshilash to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Uning maqsadlari sifatida aholi, tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari o‘rtasida raqamli muloqotni ta’minlash, mas’ul idora va tashkilotlar tomonidan zamonaviy yechimlar ishlab chiqilishiga ko‘maklashish uchun ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, hukumat faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, mamlakat imiji va investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish belgilangan.
Hujjat bilan 2030-yilga qadar mamlakatning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi bo‘yicha top 30 ta davlat qatoriga kirishiga erishish vazifasi qo‘yilgandi. Mahalliy onlayn xizmatlar indeksidagi ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun mas’ul ishchi guruhga Toshkent shahri hokimining sobiq o‘rinbosari va Raqamli rivojlanish departamenti rahbari Aleksey Xen boshchilik qilgan.





