29.11.2026, Yakshanba+6.4°CToshkent$12 017.70€13 179.81₽146.39
+6.4°CToshkent$12 017.70 29.11.2026

“Durang — normal natija”. Sindarov va Gukesh to‘rtinchi marta durang o‘ynadi

Sport 28.11.2026 23:45 0Gazeta
“Durang — normal natija”. Sindarov va Gukesh to‘rtinchi marta durang o‘ynadi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 28-noyabr kuni Jenevada (Shveysariya) shaxmat toji uchun o‘tkazilayotgan jahon chempionati matchining to‘rtinchi partiyasida amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju bilan durang o‘ynadi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi qora donalarda o‘ynagan uchrashuv 34-yurishda yakunlandi (partiya). Durang natija hindistonlik grossmeysterning tashabbusi bo‘ldi.

Shu tariqa, chempionlik matchining barcha to‘rtta partiyasi durang bilan yakunlandi. Hisob tengligicha qolmoqda — 2:2.

O‘zbekistonlik grossmeysterning jahon chempioni unvoni uchun matchga tayyorgarligi va undagi ishtiroki, jumladan, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda murabbiylar shtabi bilan ishlashi O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Ruscha partiya va Gukeshning debyut syurprizi

Foto: FIDE / Michal WaluszaFoto: FIDE / Michal Walusza

Gukesh ikkinchi partiyada qo‘llagan londoncha tizimdan so‘ng, amaldagi jahon chempioni bu safar o‘yinni shoh piyodasini oldinga surish bilan boshladi (1.e4). Sindarov bunga javoban Petrov himoyasi sifatida ham mashhur bo‘lgan ruscha partiyani tanladi (1…e5 2.Of3 Of6).

Sindarovning murabbiylar shtabiga ilgari jahon toji uchun ikki karra da’vogar Yan Nepomnyashiy bilan ishlagan rossiyalik grossmeyster Nikita Vityugov kirishini hisobga olsak, ushbu debyutning tanlanishini oldindan taxmin qilish mumkin edi.

Biroq beshinchi yurishdayoq Gukesh filni e2 katagiga chiqarib, kamdan kam uchraydigan davom ettirish yo‘lini qo‘lladi (5.Fe2). Ushbu yurishdan ilgari, xususan, 2020-yilda hindistonlik shaxmatchi Rameshbabu Vayshali foydalangan edi.

Sindarov javob yurishini o‘ylash uchun taxminan 18 daqiqa vaqt sarfladi va shundan so‘ng otni c6 katagiga chiqardi (5…Oc6).

Gukeshning rokirovkasidan keyin o‘zbekistonlik grossmeyster piyodani a6 katagiga surdi (6…a6). Natijada, partiyaning erta bosqichidayoq har ikki shaxmatchi o‘zlarining debyut tayyorgarligi doirasidan chiqib ketdi.

Yettinchi yurishda Gukesh otni c3 katagiga chiqarib, raqibning d5 katagidagi markaziy piyodasiga bosimni kuchaytirdi. So‘ngra hindistonlik grossmeyster farzinni b1 katagiga surib, yana bir noodatiy yurishni amalga oshirdi (9.Fzb1).

Foto: FIDE / Michal WaluszaFoto: FIDE / Michal Walusza

Bu yurish d5 katagidagi piyodani urib olish xavfini yuzaga keltirdi va Sindarovga darhol rokirovka qilishga imkon bermadi.

FIDE efirida uchrashuvni sharhlab borgan rossiyalik grossmeyster Pyotr Svidler Sindarov partiyaning erta bosqichidayoq yurishlarni o‘ylashga ko‘p vaqt sarflay boshlaganiga e’tibor qaratdi.

“Beshinchi yurishdayoq hammasini hal qilib bo‘lmaydi. Bu juda erta, variantlar nihoyatda ko‘p. Intuitsiyangga ishon va o‘yna. Yaxshiroq biror nimani tanla-da, o‘ynayver”, — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Hindustan Times.

Sindarov debyut syurprizlarini yengib o‘tdi

Partiyaning kutilmagan boshlanishiga qaramay, o‘zbekistonlik grossmeyster raqib tahdidlarini zararsizlantirishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, to‘qqizinchi yurishda Sindarov c3 katagida otlarni almashtirib, markaziy piyodaga bo‘lgan bevosita xavfni bartaraf etdi.

Keyinchalik shaxmatchilar asta-sekin donalarni almashtirib bordi. 30-yurishga kelib, taxtada faqat shohlar, farzinlar va har bir raqibda to‘rttadan piyoda qoldi.

34-yurishda Gukesh pozitsiyaning uch marta takrorlanishi munosabati bilan durang qayd etilishini so‘radi.

Chempionlik matchi reglamentiga ko‘ra, ishtirokchilar qora donalarning 40-yurishiga qadar o‘zaro kelishuv asosida durangga rozi bo‘la olmaydi, biroq pozitsiya uch marta takrorlangan taqdirda, durang talab qilishlari mumkin.

To‘rtta partiyadan so‘ng har ikki grossmeyster ikki ochkodan jamg‘ardi.

2024-yilda shaxmat toji uchun o‘tkazilgan avvalgi matchda Gukesh xitoylik grossmeyster Din Lijenga qarshi to‘rtta partiyadan keyin ham ikki ochkoga ega edi, ammo o‘shanda uning hisobida bitta g‘alaba, bitta mag‘lubiyat va ikkita durang bo‘lgan.

гuкеш доммаражu, жавоҳир синdaров, shaxmat, shaxmat toji uchun kurash

“Agar ikkala tomon ham yaxshi o‘ynasa, partiya doim durang bilan tugaydi”

To‘rtinchi partiya yakunlanishi bilanoq Xalqaro shaxmat federatsiyasiga (FIDE) bergan intervyusida Sindarov va Gukesh jahon toji uchun kechayotgan matchda natijador partiyalar yo‘qligidan ayrim muxlislarning norozi bo‘layotganiga izoh berdi.

Boshlovchi har ikki grossmeysterning o‘yin aniqligi yuqori ekani va taxtada qiziqarli g‘oyalar kuzatilayotganiga qaramay, muxlislarning bir qismi g‘alabalar yo‘qligidan hafsalasi pir bo‘layotganini ta’kidladi.

Sindarovning tushuntirishicha, har ikki raqib yuqori saviyada o‘ynagan taqdirda, durang natija qayd etilishi tabiiy.

“Umuman olganda, shaxmat — teng o‘yin. Agar ikkala tomon ham yaxshi o‘ynasa, partiya doim durang bilan tugaydi. Ammo bugun ancha murakkab partiya bo‘ldi va, menimcha, ikkalamiz ham yaxshi o‘ynadik. Shuning uchun durang — normal natija”, — dedi o‘zbekistonlik grossmeyster.

Gukesh raqibining fikriga qo‘shilib, natijador partiyalarning yo‘qligi taxtada qiziqarli kurash kechmayotganini anglatmasligini ta’kidladi. Xususan, u to‘rtinchi partiya debyutida qo‘llagan farzinning b1 katagiga noodatiy yurishini (9.Fzb1) qayd etdi.

“Men ham shunday deb o‘ylayman. Agar ikki kuchli o‘yinchi yaxshi partiya o‘tkazsa, durang — eng ehtimoliy natija. Lekin, menimcha, ko‘plab qiziqarli voqealar yuz bermoqda. Farzinning b1 katagiga yurishi — juda chiroyli g‘oya. Men shunchaki bu yurishni qilishim kerak edi. Biz qiziqarli ishlarni amalga oshiryapmiz, lekin ikkalamiz ham yaxshi o‘ynayapmiz, ikkalamiz ham kuchli o‘yinchilarmiz. Oldinda hali ko‘p partiyalar bor”, — deya ta’kidladi amaldagi jahon chempioni.

“Biz bir-birimiz bilan tengma-teng ketyapmiz”. Gukesh Jeneva va Singapurdagi matchlarni taqqosladi

гuкеш доммаражu, жавоҳир синdaров, shaxmat, shaxmat toji uchun kurash

Gukeshdan hozirgi chempionlik qarama-qarshiligining boshlanishini 2024-yilda Singapurda xitoylik grossmeyster Din Lijenga qarshi kechgan jahon toji uchun match bilan taqqoslash ham so‘raldi.

Hindistonlik shaxmatchining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi match har ikki ishtirokchining barqarorroq o‘yini bilan ajralib turibdi.

“Singapurda, shubhasiz, ko‘tarilish va pasayishlar ancha ko‘p bo‘lgandi. Bu yerda shaxmat juda yuqori darajada va, aftidan, ikkalamiz ham bir-birimiz bilan tengma-teng ketyapmiz. Menimcha, asosiy farq shunda”, — dedi Gukesh.

Sindarov esa, o‘z navbatida, jahon chempioni unvoni uchun ilk matchidan olgan taassurotlari va qolgan partiyalardan kutayotgan natijalari bilan o‘rtoqlashdi.

“Bu yerda sodir bo‘layotgan barcha narsadan hayratdaman. Menimcha, ushbu partiyalar ancha yaxshi chiqdi. Oldinda bizni yana 10 ta partiya kutib turibdi va, o‘ylaymanki, bu chindan ham qiziqarli bo‘ladi”, — dedi o‘zbekistonlik grossmeyster.

Oldinda nimalar kutmoqda?

Beshinchi partiya 29-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da bo‘lib o‘tadi. Unda Javohir Sindarov oq donalarda o‘ynaydi. Oltinchi partiya 30-noyabrga belgilangan, shundan so‘ng — 1-dekabr kuni shaxmatchilarda ikkinchi dam olish kuni bo‘ladi.

Jahon shaxmat toji uchun match klassik vaqt nazorati ostida 14 tagacha partiya o‘tkazilishini nazarda tutadi. Unvonni qo‘lga kiritish uchun grossmeysterlardan biri 7,5 ochko to‘plashi zarur. Agar klassik partiyalar yakuniga ko‘ra hisob 7:7 ko‘rinishida bo‘lsa, g‘olib tay breykda aniqlanadi.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 mln dollarni tashkil etadi. Klassik partiyadagi har bir g‘alaba uchun 200 ming dollar miqdorida mukofot puli ko‘zda tutilgan. Qolgan summa ishtirokchilar o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Avvalroq Gazeta Javohir Sindarovning shaxmat toji sari bosib o‘tgan yo‘li haqida hikoya qilgan, birinchi partiya yakunlari bo‘yicha har ikki grossmeysterning izohlarini e’lon qilgan, shuningdek, matchni qayerda va qanday tomosha qilish bo‘yicha (jumladan, shaxmatni tushunmaydiganlar uchun ham) yo‘riqnoma tayyorlagandi.

O‘xshash yangiliklar