Tojikiston hududidan o‘tuvchi, “Sirdaryo” issiqlik elektr stansiyasi hamda “O‘zbekiston” podstansiyasini bog‘lovchi 500 kV kuchlanishli “L-503” elektr uzatish tarmog‘idagi avariya oqibatlari to‘liq bartaraf etilib, 22-noyabr kuni soat 01:21 da tarmoq qayta ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, avariya yuz bergan ilk soatlardan boshlab mutaxassislar noqulay ob-havo va murakkab tog‘li-adirlik relefi sharoitida 24 soatlik uzluksiz rejimda ish olib borgan.
Natijada qulagan tarmoq tayanchi qayta tiklanib, ta’mirlash va sinov ishlari belgilangan me’yoriy muddatlardan avval yakunlangan hamda elektr energiyasini uzatish tiklangan.
Eslatib o‘tamiz, avariyaviy uzilish 19-noyabr kuni soat 06:19 da noqulay ob-havo ta’sirida murakkab relefli adirlik hududida joylashgan elektr uzatish tarmog‘i tayanchlaridan birining qulashi oqibatida sodir bo‘lgan edi. Shundan so‘ng avtomatik himoya tizimi ishga tushib, mazkur tarmoq orqali energiya uzatilishi vaqtincha to‘xtagan va Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida elektr ta’minotiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilgandi.
Ta’mirlash-tiklash ishlari davomida vodiy viloyatlariga elektr energiyasi boshqa tarmoqlar, xususan, Toshkent viloyatidagi “Yangi Angren” IESdan chiquvchi 500 kV kuchlanishli “L-524” elektr uzatish tarmog‘i orqali yetkazib berilgan.




