Jizzax viloyatining Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasini suv bilan ta’minlash uchun Janubiy Mirzacho‘l kanalidan foydalanish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev 19-noyabr kuni matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, obyektni suv bilan ta’minlash masalasi allaqachon hal qilingan. Vazir yaqinda Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya bilan AES va atomchilar shahri qurilayotgan hududga borganini ta’kidladi.
Xamrayev stansiyadan foydalanishda suvdan bir necha marta qayta foydalanish ko‘zda tutilganini ta’kidladi.
“Ularning eng katta yutuqlaridan bittasi — suvni juda kam talab qiladi. Deyarli o‘zi olgan suvini aylantiraveradi. Yana, unga ko‘p suv ketmaydi. Ya’ni, biz uni suv bilan ta’minlab bilamizmi, degan savol yo‘q. Savol yechilgan”, — dedi vazir.
Suv ta’minotining asosiy manbasi Janubiy Mirzacho‘l kanali bo‘ladi. Xamrayevning so‘zlariga ko‘ra, bundan tashqari, stansiya qurilayotgan hududda boshqa suv resurslari ham mavjud.
Vazir minerallashuv darajasi yuqori bo‘lgan Aydarko‘l suvidan foydalanish imkoniyati haqidagi savolga ham javob berdi.
“Albatta, hamma aytadi, Aydarko‘lning suvi ham bo‘ladi, deb. Sho‘r suv bo‘lmaydi. Agar sho‘r suv bo‘ladigan bo‘lsa ham, uni chuchuklashtirib keyin ishlatiladi. Lekin u obyekt bo‘yicha suv masalasi to‘liq yechilgan. Muammosi yo‘q”, — dedi u.
Jurnalistning AES yiliga qancha suv iste’mol qilishi haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga vazir shunday javob berdi:
“Bir yilda 1−2 million kub metr suv sarflanadi. Bu juda kam”.
Xamrayev AES faoliyati uchun milliardlab kub metr suv talab etiladi, degan fikrlarni ham noto‘g‘ri deb atadi.
Shu bilan birga, vazir stansiyaning suv iste’moli bo‘yicha batafsil hisob-kitoblarni keltirmadi va 1−2 mln kub metrlik ko‘rsatkich AES faoliyatining dastlabki bosqichiga yoki rejalashtirilgan barcha energobloklar ishga tushirilgandan keyingi butun majmuaga taalluqli ekaniga aniqlik kiritmadi.
AESda quruq sovitish tizimidan foydalanish rejalashtirilmoqda
Jizzax viloyatida AES qurilishi maydoni, 2026-yil 23-oktabr. Foto: “O‘zatom”
Avvalroq Atom energetikasi agentligi (“O‘zatom”) qurilayotgan stansiya uchun suv iste’molini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beruvchi quruq sovitish tizimi tanlangani haqida xabar bergan edi.
13-noyabr kuni Antaliyada bo‘lib o‘tgan World Atomic Days xalqaro forumida agentlik direktori Azim Axmedxojayev AES loyihasini ishlab chiqishda Jizzax viloyatining iqlim sharoiti va suv resurslarining cheklangani hisobga olingan.
“Tabiatdan suvni tortib olishga umuman haqqimiz yo‘q. Shu bois loyihamizda ilg‘or quruq sovitish tizimi qo‘llanilmoqda. Issiqlik suv bug‘lanishi hisobiga emas, balki havo orqali olib ketiladi. Bu stansiyaning suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojini mutlaq minimumga tushirib, Jizzax viloyatidagi joylashtirish mintaqasining nozik suv balansini saqlab qoladi”, — dedi u.
An’anaviy suvli sovitish tizimida issiqlikning katta qismi gradirnyalarda suvning bug‘lanishi hisobiga chiqariladi. Quruq sovitishda esa issiqlik issiqlik almashtirgichlar orqali atmosfera havosiga uzatiladi, bu esa suv sarfini kamaytirish imkonini beradi.
Biroq bu texnologiya suv umuman sarflanmaydi, degani emas. Suv stansiyaning texnologik jarayonlari, issiqlik tashuvchini tayyorlash va boshqa ehtiyojlar uchun baribir zarur bo‘ladi.
“O‘zatom” hozircha AESning tashqi manbalardan qancha suv olishi, uning qancha qismi qaytarilmay sarflanishi va qanchasidan qayta foydalanilishi ko‘rsatilgan batafsil suv balansini e’lon qilmagan.
AES uchun 120 km texnik suv ta’minoti quvurlari quriladi
Sentabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida integratsiyalashgan AES va unga tutash infratuzilma qurilishi jarayoni bilan tanishgan edi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha doirasida 120 km texnik suv quvurlari va 21 km ichimlik suvi quvurlarini qurish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 388 km elektr tarmoqlari, 110 kV kuchlanishli podstansiya, qariyb 40 km avtomobil yo‘llari va 11 km temiryo‘l qurilishi rejalashtirilgan.
AES loyihasining umumiy qiymati 9,5 mlrd dollarga baholanmoqda.
AES loyihasi haqida nimalar ma’lum
O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi Jizzax viloyatining Forish tumanida Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi ishtirokida olib borilmoqda.
Dastlab loyiha har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan oltita RITM-200N reaktoridan iborat kichik AES qurilishini nazarda tutgan. Keyinchalik O‘zbekiston va Rossiya stansiya konfiguratsiyasini qayta ko‘rib chiqib, katta va kichik quvvatli energobloklarni bitta maydonda birlashtirdi.
Integratsiyalashgan AES tarkibiga har birining quvvati 1000 MVt bo‘lgan VVER-1000 reaktorli ikkita yirik energoblok hamda har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita kichik energoblok kiradi. Shu tariqa, stansiyaning umumiy o‘rnatilgan quvvati qariyb 2110 MVtni tashkil etishi kerak.
Qurilishning faol bosqichi 2026-yil 4-iyunda boshlangan. Ishlar bosqichma-bosqich, kichik quvvatli energobloklardan boshlab olib borilmoqda.
“O‘zatom” bahosiga ko‘ra, yirik energobloklar O‘zbekistondagi elektr energiyasi iste’molining 15 foizdan ortig‘ini ta’minlashi mumkin. Kichik reaktorlardan, jumladan, quyosh va shamol elektr energiyasi ishlab chiqarish ulushi ortib borayotgan sharoitda energetika tizimining moslashuvchanligini oshirish uchun foydalanish rejalashtirilmoqda.
2026-yil avgust oyida “O‘zatom” Vengriyaning MVM EGI Zrt. kompaniyasi bilan ham quruq sovitish texnologiyalarini joriy etish masalasini muhokama qilgandi.




