25.11.2026, Chorshanba+13.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+13.6°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

O‘zbekiston OpenAI, Anthropic, Meta va boshqa kompaniyalarga SIni o‘qitish uchun o‘zbek tili korpusini taqdim etdi

Jamiyat 25.11.2026 17:38 0Gazeta
O‘zbekiston OpenAI, Anthropic, Meta va boshqa kompaniyalarga SIni o‘qitish uchun o‘zbek tili korpusini taqdim etdi

O‘zbekiston sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi xalqaro ishlab chiquvchilarga 20 mlrd tokendan iborat o‘zbek tilining milliy korpusini bepul taqdim etdi. Bu haqda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha hisobotini taqdim etayotib, ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, loyiha ustida ishlashga tilshunos olimlar jalb qilingan. U o‘zbek tili bo‘yicha mutaxassislarni jalb qilishda ko‘maklashgan deputatlarga, xususan, “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasiga ham minnatdorlik bildirdi.

“Natijada ancha olimlarimiz ishlab, 20 milliard token bo‘lgan o‘zbek tili milliy korpusi shakllantirildi va uni bepul ravishda barcha katta-katta [ishlab chiquvchilarga] berdik. Anthropic bo‘ladimi, Alibaba, Meta, OpenAI. Hugging Face’ga ham ochiq qo‘yib qo‘ydik. Xohlagan odam undan bemalol foydalanishi mumkin”, — dedi Sherzod Shermatov.

Tokenlar — til modellari axborotni qayta ishlash jarayonida so‘zlar, tinish belgilari va boshqa belgilarni ajratadigan matn birliklaridir. Bir so‘z bir nechta tokendan iborat bo‘lishi mumkin.

Raqamli texnologiyalar vaziri O‘zbekiston to‘plangan ma’lumotlarni tijoratlashtirishdan ongli ravishda voz kechib, ularni sun’iy intellekt ishlab chiquvchilari o‘rtasida keng tarqatishni ma’qul ko‘rganini ta’kidladi.

“Ya'ni uni biz o‘zimiz yaratib, uni sotib pul qilamiz demadik. Dunyodagi open source sun’iy intellekt platformalarining hammasi bemalol ishlataversin. Hammasi o‘zbek tilida yaxshi gapiradigan bo‘lsa, shuncha bizga foyda bo‘ladi, ertaga uni ishlatish imkoniyatimiz bo‘ladi”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, korpusni xalqaro ishlab chiquvchilarga taqdim etish sun’iy intellekt tizimlarining o‘zbek tilini tushunish va unda muloqot qilish imkoniyatlarini bosqichma-bosqich kengaytirishi kerak.

“Hozirgi bizdagi klasterimizda ham aynan shu o‘zbek tilida yaxshiroq ishlaydigan modellar ustida ishlab, yo‘lga tushirib boryapmiz”, — dedi Shermatov.

O‘zbek tili korpusi nimalardan tashkil topgan?

Raqamli texnologiyalar vazirligi noyabr oyida Hugging Face platformasida Uzbek Language Corpus'ni e’lon qildi. Bu sun’iy intellekt modellari va ularni o‘qitish uchun ma’lumotlar to‘plamlarini joylashtirishga mo‘ljallangan xalqaro platforma hisoblanadi.

E’lon qilingan 1.4 versiyasi tavsifiga ko‘ra, korpusda o‘zbek tilidagi 5,637 mln hujjat va 6,062 mlrd so‘z mavjud. Fayllarning umumiy hajmi 16,2 GB ni tashkil etadi.

Korpus asosini kitoblar, davriy nashrlar, arxiv hujjatlari, qonun hujjatlari, ilmiy nashrlar, internet-saytlar materiallari va ochiq Telegram kanallardagi xabarlar tashkil etgan.

Ma’lumotlarning manbalar bo‘yicha taqsimoti:

Manba

So‘zlar soni

Ulushi

Milliy kutubxona

1,83 mlrd

30,1%

Tahrirchi loyihasi

1,28 mlrd

21,1%

Internet saytlari

1 mlrd

16,6%

Arxiv hujjatlari (Uzarchive)

889,2 mln

14,7%

ZiyoNET va Ziyouz

852 mln

14,1%

Telegram

96,2 mln

1,6%

Lex.uz

67,7 mln

1,1%

Vikipediya

31,3 mln

0,5%

Fanlar akademiyasi

11,6 mln

0,2%

Tizimlar tashkilotlari

4,8 mln

0,1%

Hujjatlarning qariyb 52 foizi lotin, 46 foizi kirill alifbosida, yana 2 foizi har ikki yozuvdagi matnlardan iborat. So‘zlar soni bo‘yicha esa kirill alifbosidagi materiallar ustun — 53 foiz.

Korpusni shakllantirishda matnlarni optik tanib olish uchun DeepSeek-OCR va Microsoft Azure AI Document Intelligence texnologiyalari, shuningdek, tanib olishdagi xatolarni tuzatish uchun Google’ning Gemma til modeli qo‘llanilgan.

Ishlab chiquvchilarning ma’lum qilishicha, dublikatlar olib tashlangan, matnlar sifat bo‘yicha saralangan hamda telefon raqamlari, pasport ma’lumotlari, bank rekvizitlari va boshqa identifikatorlarni o‘z ichiga olgan shaxsiy ma’lumotlar niqoblangan.

Mualliflik huquqi va foydalanish shartlari

Korpus Open Data Commons Attribution License (ODC-By) 1.0 ochiq litsenziyasi asosida tarqatiladi. Ushbu litsenziya manba ko‘rsatilgan taqdirda ma’lumotlar bazasidan foydalanish, uni tarqatish va qayta ishlash imkonini beradi.

Shu bilan birga, litsenziya ma’lumotlar bazasining o‘ziga tatbiq etiladi, unga kiritilgan barcha asarlarga avtomatik ravishda tatbiq etilmaydi.

Korpus tavsifida matnlarga bo‘lgan mualliflik huquqlari ularning mualliflari va huquq egalarida saqlanib qolishi, Raqamli texnologiyalar vazirligi esa ushbu materiallarga mulk huquqini da’vo qilmasligi qayd etilgan.

Huquq egalari vazirlikka murojaat qilib, o‘zlariga tegishli matnlarni korpusdan chiqarib tashlashni talab qilishi mumkin. Ularni o‘chirish ma’lumotlar to‘plamining keyingi versiyasi chiqarilganda amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, korpus hujjatlarida mualliflik huquqi bilan himoyalangan kitoblar, OAV nashrlari va boshqa materiallarni sun’iy intellektni o‘qitish uchun korpusga kiritish bo‘yicha huquq egalaridan ruxsat qanday olingani ochiqlanmagan.

O‘zbek tilida raqamli kontentni rivojlantirish

Majlis davomida O‘zLiDeP deputati Erkin Zohidov sun’iy intellektning o‘zbek tilidagi javoblari sifati oshib borayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va mamlakat hayotining boshqa jihatlariga oid raqamli kontent hajmini oshirish bo‘yicha qanday tizimli choralar ko‘rilayotgani bilan qiziqdi.

“Biz texnologiyani rivojlantiradigan vazirlik bo‘lganimiz uchun biz infrastrukturalarni rivojlantiramiz, texnologiyalarni rivojlantiramiz. Bitta qilgan loyihamiz — o‘zbek tili korpusini jalb qilish. Mutaxassis olimlar bilan birgalikda o‘zbek tilining 20 milliard tokenli korpusini onlayn joyladik. U yerga imkoni boricha ma’lumotlarni qo‘ydik”, — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, milliy kontent hajmini yanada oshirish uchun boshqa tashkilotlar, jumladan, Kontentni rivojlantirish markazi, Bolalar kontentini rivojlantirish markazi, teleradiokompaniyalar va nashriyotlar mas’ul.

Kontekst

2021-yil oktabrda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tili korpusini yaratish bo‘yicha topshiriq bergan edi. 2025-yil oktabrda sun’iy intellektni jadal joriy etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham xuddi shunday vazifa qo‘yilgan.

O‘shanda sun’iy intellekt tizimlari nafaqat tilni tushunishi, balki milliy madaniyat xususiyatlarini ham hisobga olishi uchun o‘zbek tilidagi adabiyotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlar va boshqa materiallarni raqamlashtirish zarurligi ta’kidlangan.

Prezidentning 2025-yil 22-oktabrdagi farmoni bilan Raqamli texnologiyalar vazirligiga 2026-yil oxirigacha kamida 15 mlrd birlikdan iborat o‘zbek tili korpusini yaratish hamda uni kamida beshta ochiq katta til modeliga joriy etish vazifasi yuklatilgan.

2025-yil oktabrda Sherzod Shermatov milliy katta til modelini (LLM) yaratish uchun 10 mlrd so‘zdan iborat korpus shakllantirish ustida ish olib borilayotganini ham ma’lum qilgan.

O‘xshash yangiliklar