23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

O‘zbekiston shaharlari ko‘chalarida joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lmagan tajriba

Jamiyat 22.11.2026 23:52 0Gazeta
O‘zbekiston shaharlari ko‘chalarida joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lmagan tajriba

Toshkent Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) yakshanba kuni kechqurun piyodalar o‘tish joylarini tashkil etishning “ilg‘or jahon tajribasi” — proyeksion “zebra”lar sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabar berdi. Gazeta poytaxt va O‘zbekistonning boshqa shaharlari rasmiylarini ilmiy asoslanmagan va samaradorligi isbotlanmagan ushbu “innovatsiya”ni ommalashtirmaslikka chaqiradi.

YHTEM nima dedi?

Markaz xabarida shunday deyiladi: “Bu “zebra”ni yomg‘ir yuvib ketmaydi, qor bosib qolmaydi va g‘ildiraklar o‘chirib yubormaydi… Tunda, yomg‘ir va tumanda ham ko‘rinadi. Qorong‘ida va ho‘l asfaltda bo‘yoq deyarli ko‘rinmaydi, yorug‘lik esa aniq ko‘rinib turadi. Qor ostida qolmaydi. Kuchli qor yoqqandan keyin ham o‘tish joyi ko‘rinib turadi. O‘chib ketmaydi. Mashinalar g‘ildiragi unda iz qoldirmaydi, chiziqlarni qayta bo‘yash kerak emas”.

“Zebra”ga yaqinlashish joylari yoritilmagan, piyodalar o‘tish joyida qorong‘ilik ichidan paydo bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. YHTEM videosidan lavha.“Zebra”ga yaqinlashish joylari yoritilmagan, piyodalar o‘tish joyida qorong‘ilik ichidan paydo bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. YHTEM videosidan lavha.

YHTEMning ayrim bayonotlari savollar tug‘diradi va chalg‘itishi mumkin: “O‘tish joyi doim birinchi kundagidek aniq ko‘rinadi. Haydovchi o‘tish joyini oldindan ko‘radi. Uni uzoqdan payqab, tezlikni o‘z vaqtida kamaytiradi”.

Proyeksion piyodalar o‘tish joyi Qumariq ko‘chasiga o‘rnatilgan. “Agar texnologiya turli ob-havoda o‘zini yaxshi ko‘rsatsa, yorug‘lik “zebra”lari Toshkentning boshqa tumanlarida ham paydo bo‘ladi”, — deya xabar berdi YHTEM.

Bayonotning nimasi noto‘g‘ri ekanini YHTEM videoroligining o‘zidayoq ko‘rish mumkin

YHTEM xabari va roligida taklif etilayotgan yechim “zebra”ning ko‘rinish darajasini yaxshilashi bir necha bor ta’kidlangan, biroq o‘tish joyida eng muhimi — piyodaning ko‘rinishi, buning ustiga, u yo‘lning qatnov qismiga endigina yaqinlashayotgan paytdan boshlab ko‘rinishi kerak.

йҳтэм, йҳх, piyodalar o‘tish joyi, proyeksion zebra

Proyeksion “zebralar” piyodaning ko‘rinishini yaxshilamasligi bilan bir qatorda, uning chiziqlar bilan “qo‘shilib ketish” xavfini ham tug‘diradi. Buni videoning o‘zida ham ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, agar piyoda “zebra” chetida yoki uning yonida yursa, deyarli qorong‘ilikda qolib ketadi. Videorolikda bu ham aks etgan.

Videorolikda, shuningdek, “zebra”ga yaqinlashish joylari deyarli yoritilmaganini payqash mumkin. Bu esa haydovchilar piyodani faqatgina u o‘tish joyiga qadam qo‘yganida ko‘ra olishini anglatadi.

“Bundan kelib chiqadiki, piyodaning ko‘zga yaxshiroq tashlanishini ta’minlash o‘rniga, biz “zebra”ning o‘zini ko‘zga tashlanadiganroq qildik. Ustiga-ustak, bir nechta yangi xavf omillarini yaratdik”, — deya izoh qoldirdi barqaror mobillik va infratuzilma siyosati bo‘yicha ekspert Bobur Siradjev o‘zining Urban Metrics Telegram kanalida.

E’tibor qaratilishi shart bo‘lgan yana bir muhim jihat — proyeksion “zebra” har bir yo‘nalishda ikkitadan harakat bo‘lagi mavjud bo‘lgan tartibga solinmagan o‘tish joyida tashkil etilgan. Bu esa hatto kunduz kuni ham odamlarni xavf ostiga qo‘yadi.

Aslida piyodalarni nima qutqaradi?

O‘zbekistonda piyodalar o‘tish joylarini tashkil etishda oddiy va sinovdan o‘tgan yechimlarni chetga surib, murakkab va bahsli yechimlarni afzal bilish odat tusiga kirgan. Tashabbuskorlar eng asosiysini unutib qo‘yishadi — yo‘l chiziqlarining yorqinligi va rang-barangligi yoki miltillovchi belgi emas, balki o‘tish joyiga yaqinlashgan odamning ko‘rinishi muhim. O‘tish joylarini nima xavfsiz qiladi?

1. Svetoforlar — har bir yo‘nalishda bittadan ortiq yo‘lak bo‘lsa, majburiy talab hisoblanadi (O‘zbekiston 2030-yilga borib barcha o‘tish joylarini svetoforlar bilan jihozlashni maqsad qilib qo‘ygandi, biroq bu yil tushunarsiz sabablarga ko‘ra bu maqsaddan voz kechdi).

2. Ko‘rinish uchburchaklari. Me’yorlar mavjudligiga qaramay, O‘zbekistonda aksariyat hollarda bunga rioya qilinmaydi.

3. O‘tish joyi zonasi va unga yaqinlashish qismini kontrast yoritish (bunga boshqacha yorug‘lik haroratiga ega lampalar hisobiga erishiladi), maqsad — o‘tish joyiga endi yaqinlashayotgan odamlarning ko‘rinishini ta’minlash. Misollar — quyida.

Tartibga solinmaydigan o‘tish joylari qanday bo‘lishi kerak? Kontrastli yoritish, har bir tomonga bittadan harakat yo‘lagi, xavfsizlik orolchasi. “Zebra” yoki belgilarning emas, balki odamlarning ko‘rinishi muhim. Surat: Arkadiy Gershman, “Odamlar uchun shahar”.Tartibga solinmaydigan o‘tish joylari qanday bo‘lishi kerak? Kontrastli yoritish, har bir tomonga bittadan harakat yo‘lagi, xavfsizlik orolchasi. “Zebra” yoki belgilarning emas, balki odamlarning ko‘rinishi muhim. Surat: Arkadiy Gershman, “Odamlar uchun shahar”.

Arkadiy Gershman kanalidan yana bir misol  — bu safar Moskvadan, uning yondashuvlari bizga yaqinroq tuyulishi mumkin.Arkadiy Gershman kanalidan yana bir misol — bu safar Moskvadan, uning yondashuvlari bizga yaqinroq tuyulishi mumkin.

Bangkokdagi (Tailand) o‘tish joylari maxsus chiroq bilan yoritilgan. Surat: Gazeta.Bangkokdagi (Tailand) o‘tish joylari maxsus chiroq bilan yoritilgan. Surat: Gazeta.

Toshkentda shunday bitta o‘tish joyi bor — aynan Qumariq ko‘chasida (xaritada). Mas’ullar bunday chiroqlarni barcha o‘tish joylari tepasiga o‘rnatishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Qumariq ko‘chasidagi yoritilgan o‘tish joyi. Manba: Yandeks.Panoramы.Qumariq ko‘chasidagi yoritilgan o‘tish joyi. Manba: Yandeks.Panoramы.

4. Xavfsizlik orolchalari (ular ham yoritilgan bo‘lishi kerak), hatto ko‘chada har ikki tomonga bittadan harakat yo‘lagi bo‘lsa ham.

5. “Agar bu mahalliy ko‘cha bo‘lsa, boshqa yechimlarni ko‘rib chiqish [mumkin]: „anticho‘ntaklar“, qatnov qismini toraytirish, balandlatilgan o‘tish joyi”, — deya qo‘shimcha qildi Bobur Siradjev.

Boshqacha aytganda, “harakat ishtirokchilariga bir-birini o‘z vaqtida payqash va yo‘ldagi vaziyatni to‘g‘ri baholashga xalaqit beradigan omillarni bartaraf etishga harakat qilish kerak”, — deya ta’kidladi u.

Mamlakat bo‘ylab ommalashtirish xavfi

Ekspert xulosa o‘rnida proyeksion “zebra”larni o‘rnatish ham, ulardan foydalanish ham murakkabroq va qimmatroq ekani, shuningdek, ular oddiy yo‘l chiziqlari hamda svetoforlarga qaraganda uzoqqa chidamasligini ta’kidladi.

Qolaversa, bunday yechimlar o‘tish joylarini xavfsizroq qilishiga oid ilmiy dalillar yo‘q. Aksincha, Rossiyada yorug‘lik “zebra”larining samaradorligi nolga teng ekani haqida xabarlar bor.

Toshkentda sinovdan o‘tmagan va samarasiz yechimlarning joriy etilishi ularning butun O‘zbekiston bo‘ylab tez tarqalishiga olib kelishi mumkin.

Poytaxtda deyarli qolmagan, lekin hududlarda haligacha saqlanib qolgan ko‘chalar o‘rtasidagi panjaralarni eslashning o‘zi kifoya.

O‘xshash yangiliklar