23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

O‘zbekistonda chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda

Jamiyat 21.11.2026 00:23 0Gazeta
O‘zbekistonda chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda o‘z vataniga qaytarilishi lozim bo‘lgan qilinishi lozim bo‘lgan chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqqan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Markazlarni IIV Migratsiya va personallashtirish departamenti huzurida tashkil etish taklif qilinmoqda. Birinchi markazni 2027-yilda Toshkentda ochish rejalashtirilgan. 2028−2030-yillarda esa Samarqand, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida ham shunday muassasalar paydo bo‘lishi mumkin.

Markazlar shaxsi aniqlanmagan va yashash mamlakatiga qaytarish uchun hujjatlari rasmiylashtirilayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan. Ularni joylashtirishda huquqbuzarlik yoki jinoyatlarga aloqadorligi ham tekshiriladi.

Markazlarga sud qarori bilan yoki hujjatlari bo‘lmagan, ularning amal qilish muddati tugagan, sudning ma’muriy chiqarib yuborish haqidagi qarorini bajarmagan, shuningdek, O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan va belgilangan muddatda mamlakatni tark etmagan shaxslar joylashtiriladi.

Markazda saqlash muddati bir yildan oshmasligi kerak. U yerdagi shaxslarga yuridik yordam va tarjimon xizmatidan foydalanish, telefonda gaplashish, qarindoshlari hamda diplomatik muassasalar vakillari bilan uchrashish huquqi beriladi. Shuningdek, ularga kamida sakkiz soat uzluksiz tungi uyqu va maxsus ajratilgan hududlarda sayr qilish imkoniyati kafolatlanadi.

Markazlarda yashash xonalari, tibbiy punktlar, oshxona, kir yuvish xonalari, sport maydonchalari va madaniy hordiq uchun joylar bo‘ladi. Saqlanayotgan shaxslar ovqat bilan ta’minlanadi, zarur hollarda esa sug‘urta yoki pullik asosda tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlariga, kasallikka chalinganlar tibbiyot muassasalariga, ruhiy kasalliklari bo‘lganlar esa “Muruvvat” internat uylariga yuboriladi.

Hujjatga ko‘ra, markazlar faoliyati davlat budjeti, IIVning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari, homiylik mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar grantlari hamda boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

O‘xshash yangiliklar