23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

O‘zbekistonda yangilangan alifboga o‘tish rejasi taqdim etildi. Hujjatlar, darsliklar va peshlavhalarda nimalar o‘zgaradi?

Jamiyat 21.11.2026 17:34 0Gazeta
O‘zbekistonda yangilangan alifboga o‘tish rejasi taqdim etildi. Hujjatlar, darsliklar va peshlavhalarda nimalar o‘zgaradi?

Adliya vazirligi 21-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgartirishlarni jamiyat hayotining barcha sohalariga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjat davlat organlari, ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari, biznes va raqamli xizmatlarning yangilangan lotin alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tishini nazarda tutadi. Muhokama 6-dekabrga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 21-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek alifbosining quyidagi to‘rtta harfini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi:

  • O‘ o‘ — Ö ö ga;
  • G‘ g‘ — Ğ ğ ga;
  • Sh sh — Ş ş ga;
  • Ch ch — Ç ç ga.

Yangilangan alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat. Qonun 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi.

Davlat muassasalari, tashkilotlar, korxonalar va boshqa manfaatdor tomonlarga qonun kuchga kirgunga qadar ham ish yuritishda yangilangan alifbodan foydalanishni boshlash tavsiya etiladi.

Pasport va boshqa hujjatlarni almashtirish kerakmi?

Loyihaga ko‘ra, qonun kuchga kirganidan so‘ng ID kartalar, biometrik xorijga chiqish pasportlari, haydovchilik guvohnomalari, avtomobillarning texnik pasportlari va kadastr hujjatlari yangilangan alifbodan foydalangan holda rasmiylashtiriladi. Shu bilan birga, avval tayyorlangan blankalardan (hujjatning xomaki nusxalaridan) 2028-yil 1-yanvarga qadar foydalanishga ruxsat beriladi.

Alifbo o‘zgartirilgunga qadar berilgan hujjatlar o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi. Bu, jumladan, shaxsiy va mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlarga ham taalluqli.

Boshqa tillardagi matnlar, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarning ismlari va nomlari, tovar belgilari, firma nomlari, bibliografik iqtiboslar, tarixiy hujjatlardan parchalar, arxiv materiallari, shuningdek, qonunchilik bilan alohida tartib belgilangan yozuvlar asl holida keltirilishi mumkin.

Davlat organlariga fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni, hujjatlarni qabul qilishni yoki shaxsni tasdiqlashni faqat ism, familiya yoki otasining ismi yozilishidagi farqlar tufayli rad etish taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlarining xizmat guvohnomalari rejali almashtirish jarayonida yangi alifboga o‘tkaziladi.

Shuningdek, harflarning avvalgi ko‘rinishlari aks ettirilgan milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarni qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.

Maktab darsliklari 2031-yilgacha yangilanadi

Ta’lim tizimida yangi alifboga o‘tishni bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Dasturga ko‘ra, 1−11-sinflar uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualar 2027−2031-yillarda yangi qoidalarga muvofiqlashtiriladi.

O‘zgarishlar birinchi navbatda birinchi sinf o‘quvchilariga taalluqli bo‘ladi: yangilangan harfli darsliklarni 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab joriy etish rejalashtirilmoqda.

Qolgan darsliklarni ularni qayta nashr etishning belgilangan davriyligini hisobga olgan holda yangilash ko‘zda tutilgan. Buning uchun dastlab amaldagi nashrlar inventarizatsiyadan o‘tkaziladi va ularni sinflar, fanlar hamda o‘quv yillari kesimida almashtirish jadvali tuziladi.

Pedagoglar uchun malaka oshirish kurslari, seminar va treninglar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, 5−11-sinf o‘quvchilari uchun imlo savodxonligini baholashda vaqtinchalik yengilliklar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Ular 2028-yil 1-avgustga qadar amal qilishi va, jumladan, yakuniy davlat attestatsiyasi hamda kirish imtihonlarida qo‘llanishi lozim.

Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun maxsus alifbelar, plakatlar, o‘rgatuvchi o‘yinlar va multfilmlar ko‘zda tutilgan. Xususan, 2027-yilda to‘rtta yangilangan harf bosh qahramon bo‘ladigan “Sehrli harflar sarguzashtlari” nomli to‘rt qismli multserial yaratish taklif etilmoqda.

OAV va nashriyotlardagi o‘zgarishlar

Loyihada qonun kuchga kirganidan so‘ng o‘zbek tilidagi OAV axborot materiallari va bosma mahsulotlar yangilangan alifbodan foydalangan holda chop etilishi nazarda tutilgan.

Buning uchun gazeta, jurnal, telekanal va internet nashrlar tahririyatlari texnik vositalarni tayyorlashi hamda xodimlarni yangi qoidalarga o‘qitishi lozim.

Shu bilan birga, talablar loyihasida xususiy OAV uchun istisnolar mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, 10-sentabr kuni Senat yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev hukumat barcha OAVni yagona yangilangan alifboga o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.

Ushbu bayonot senator Husan Ermatov bir vaqtning o‘zida yozuvning uch xil varianti — kirill, amaldagi va yangilangan lotin alifbolaridan foydalanish xavfi haqida ogohlantirganidan so‘ng yangragan.

Xususiy nashrlar o‘zbek tilidagi materiallarni kirill yoki eski lotin alifbosidan foydalangan holda chop etishda davom eta oladimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum. Alifboni o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunda xususiy OAVni yangilangan lotin alifbosiga o‘tishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburlovchi alohida norma yo‘q. Qaror loyihasida ushbu talabga rioya etmaganlik uchun qanday javobgarlik nazarda tutilganiga ham aniqlik kiritilmagan.

Tovarlar qadog‘i qachon o‘zgaradi?

Tovar ishlab chiqaruvchilar uchun alohida o‘tish davri nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha qadoqlar va yorliqlarda alifboning amaldagi va yangilangan variantlaridan parallel ravishda foydalanishga ruxsat beriladi. Ushbu vaqt mobaynida tadbirkorlar qadoq dizayni va bosma shakllarini bosqichma-bosqich o‘zgartirishlari mumkin bo‘ladi.

2028-yil 22-apreldan boshlab yangi buyurtma qilinadigan qadoqlar va yorliqlar uchun yangilangan alifbodan foydalanish majburiy bo‘ladi.

Shu bilan birga, avval tayyorlangan eski yozuvdagi qadoqlash materiallaridan 2029-yil 22-aprelga qadar foydalanishga ruxsat etiladi.

O‘tish davri tugaguniga qadar qonuniy ravishda markirovka qilingan tovarlarni sotishga ularning yaroqlilik muddati tugaguniga qadar ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, bank mobil ilovalari, bankomatlar, to‘lov terminallari, soliq va bojxona axborot tizimlari, shuningdek, elektron tijorat platformalari interfeyslari ham yangi alifboga o‘tkaziladi.

Peshlavhalar, yo‘l ko‘rsatkichlari va davlat gerbi

2027-yildan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlaridagi axborot yozuvlarini bosqichma-bosqich yangilash rejalashtirilmoqda.

O‘zgarishlar davlat muassasalari peshlavhalari, yo‘l ko‘rsatkichlari, aeroport va vokzallarning axborot tablolari, shuningdek, jamoat transporti yo‘nalishlari va bekatlari belgilariga taalluqli bo‘ladi.

Davlat gerbi va davlat mukofotlaridagi yozuvlarni o‘zgartirish alohida nazarda tutilgan. Tegishli hujjatlar loyihalarini 2027-yilda ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, avval qabul qilingan qonun davlat organlarining mavjud ramzlari, binolardagi gerbning bo‘rtma tasvirlari, peshlavhalar va geografik ko‘rsatkichlardan ular eskirgunga qadar yoki hukumat dasturida belgilangan muddatlargacha foydalanishga ruxsat beradi.

Klaviaturalar, davlat xizmatlari va sun’iy intellekt

Raqamli texnologiyalar vazirligiga boshqa idoralar bilan birgalikda ö, ğ, ş va ç harflarini qulay kiritishni nazarda tutuvchi o‘zbek klaviaturasining yagona standartini ishlab chiqish topshiriladi.

Standartni Android, iOS, macOS va Windows tizimlari uchun moslashtirish rejalashtirilmoqda. Xalqaro texnologiya kompaniyalariga takliflar 2027-yilda yuborilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, davlat axborot tizimlarini, jumladan, OneID va my.gov.uz portallarini yangilangan alifboga moslashtirish ham nazarda tutilgan.

Elektron matnlarning imlosini tekshirish, tahrirlash va yangi alifboga avtomatik o‘girish bo‘yicha, jumladan, sun’iy intellektdan foydalangan holda bepul dasturlar ishlab chiqiladi.

2026−2027-yillarda OpenAI, Google, Anthropic, xAI, DeepSeek va Meta kompaniyalariga ularga tegishli sun’iy intellekt tizimlarini — ChatGPT, Gemini, Claude, Grok, DeepSeek va Meta AI’ni yangilangan o‘zbek alifbosi hamda imlo qoidalariga moslashtirish taklifi bilan rasmiy murojaatlar yuborish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, ICAO xalqaro standartini hisobga olgan holda pasport va ID kartalarning mashinada o‘qiladigan zonalarida ism va familiyalarni transliteratsiya qilish qoidalari qayta ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, alifbo islohoti tufayli domen nomlari, elektron pochta manzillari, loginlar, hisob raqamlari va shartnoma raqamlarini, shuningdek, boshqa noyob texnik identifikatorlarni o‘zgartirish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi.

O‘tish jarayoni qanday moliyalashtiriladi?

Loyihaga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari bir oy muddatda muddatlar, mas’ul ijrochilar va moliyalashtirish manbalarini ko‘rsatgan holda yangilangan alifboga o‘tish bo‘yicha o‘z yo‘l xaritalarini ishlab chiqishlari lozim.

2027-yilda xarajatlarni tegishli vazirlik va idoralarga respublika budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida qoplash ko‘zda tutilmoqda. 2028-yildan boshlab esa moliyalashtirish davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi. Idoralarga budjetdan tashqari mablag‘lardan foydalanish ham taklif etilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarini dastur ijrosi uchun shaxsan mas’ul etib belgilash rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbek tilining lotin yozuviga o‘tishi 1993-yilda tegishli qonun qabul qilinganidan so‘ng boshlangan. 1995-yilda alifbo sezilarli darajada o‘zgartirilgan edi.

Keyingi yillarda lotin yozuvini takomillashtirish masalasi bir necha bor muhokama qilindi. 2023-yil sentabr oyida ishchi guruh to‘rtta harfni o‘zgartirishning navbatdagi variantini taqdim etgan edi. Islohot tarixi va o‘tish jarayonining cho‘zilib ketishi sabablari haqida Gazeta “Og‘riqli harflar” nomli maxsus materialida batafsil hikoya qilgan edi.

Alifboni yangilash to‘g‘risidagi qonunning hozirgi tahriri 2026-yil 7-iyulda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi, 10-sentabrda Senat tomonidan ma’qullandi va 21-oktabrda prezident tomonidan imzolandi.

O‘xshash yangiliklar